«Renessan» kino uyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan ilgari surilgan “Biz bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – vatanmiz” shiori ostida respublikadagi telekanallarda haftaning bir kunini “Milliy kino kuni” sifatida belgilash hamda milliy filmlar namoyishini yo‘lga qo‘yish maqsadida anjuman bo‘lib o‘tdi.

Unda Kinematografiya agentligi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, O‘zbekiston Milliy media birlashmasi hamda nodavlat telekanallar rahbarlari va media sohasi vakillari ishtirok etdi.

Anjuman davomida Prezidentning “Kino san’ati va sanoatini yangi bosqichga olib chiqish, sohani davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risidagi farmoni asosida milliy manfaatlarni himoya qilish, azaliy  madaniyat va qadriyatlarni asrash, kelgusi avlodlarga bezavol yetkazish, yoshlarni yuksak vatanparvarlik ruhida tarbiyalash maqsadida davlat buyurtmasiga asosan yaratilgan milliy filmlar namoyishini tashkil etish bo‘yicha hamkorlik memorandumi imzolandi.

Unga ko‘ra, haftaning har shanba kuni “Milliy kino kuni” etib belgilandi. Bu kunda davlat va nodavlat telekanallarda faqat milliy filmlar namoyish qilinadi.

— Bu aksiyamiz xalqimizga manzur bo‘ladi, – dedi Kinematografiya agentligi direktori Firdavs Abduholiqov. – Chunki biz aksiya orqali avvalo, yangi filmlarimiz bilan birga, retro filmlarimizni ham xalqimizga taqdim etamiz. Tomoshabinlarimiz bu filmlarni sog‘inishgan, albatta. Bular xorijiy kinofondlardan qaytarilgan o‘zbek filmlarining etalon nusxalaridir. Yana shunga aminmizki, Prezidentimizning bu tashabbusi bilan tomoshabinlarda o‘zbek filmlariga nisbatan qiziqish yanada ortadi.

O‘zbekiston Milliy media birlashmasi raisi Sherzodxon Qudratxo‘ja hamda Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Otabek Hasanov ham mazkur aksiyani qo‘llab-quvvatlab, o‘z fikrlarini bildirdi. Bu haqda Kinematografiyani rivojlantirish agentligi xabar qilmoqla.

 

N.Usmonova, O‘zA