O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 28 maydagi “Keksalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida mamlakat bo‘ylab keksa avlod vakillarining sayohat qilishini rag‘batlantirish maqsadida noyabr oyi “Keksalar turizm oyligi”, deb e’lon qilingan.
Ushbu qaror ijrosi doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi tomonidan keksa avlod vakillariga munosib e’tibor qaratish maqsadida qator tadbirlar tashkil etilmoqda. Xususan, nuroniy otaxon va onaxonlarning yurtimizdagi qadimiy shaharlar, arxeologik ob’ektlar, diqqatga sazovor joylar, madaniyat maskanlariga sayohati tashkil etilmoqda.
Kuni kecha Nukus shahridagi mahalla fuqarolar yig‘inlarida yashovchi bir guruh keksa otaxon va onaxonlar hamda mudofaa tizimi faxriylarining I.Savitskiy nomidagi Qoraqalpoq davlat san’at muzeyi sayohati uyushtirildi. Nuroniylar bu yerda qoraqalpoq xalqining tarixi, etnografiyasiga oid eksponatlar, muzey kolleksiyasidan o‘rin olgan noyob tasviriy san’at asarlari bilan yaqindan tanishdi. Sayohat ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.
Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA