Yozuvchi Farmon Toshevning “Hokim” nomli qissasini o‘qib…
Gapning indallosini aytay. Kitobdagi asosiy asar “Hokim” qissasini qiziqib mutoala qildim. O‘qidimu ko‘z oldimdan ko‘p voqeliklar kino lentasiday o‘ta boshladi. Viloyat hokimligi apparatida ishlagan kezlarim va undan keyin ham shahar va tumanlarning o‘nlab tashkiliy sessiyalarida ishtirok etishimga to‘g‘ri kelgan. Tashkiliy sessiyalarning aksariyatida hokimlar ishdagi jiddiy xatolari va kamchiliklari sabab vazifasidan bo‘shatilgan. Yashirmayman, asarni o‘qigach ulardan ayrimlari ko‘z oldimga keldi. Ba’zilarini asar qahramoni Shuhrat Akramovich Rahmatullayev timsolida tasavvur qildim. Negaki, asar qahramoni bilan men bilgan sobiq hokimlar o‘rtasida o‘xshash jihatlar ko‘p edi. Bundan shunday xulosa chiqadiki, asar syujeti hayotiy voqealar asosiga qurilgan. Hammasi atrofimizda, ko‘z o‘ngimizda bo‘lib o‘tgan voqealar.

Asarning badiiylik darajasi, ifoda mahorati, muallif uslubi haqida batafsil fikr yuritish maqsadim yo‘q. Ammo shuni ta’kidlamoqchimanki, mavzuning mahalliy boshqaruv hokimiyatidan tanlanishi, vakillik organi va ijroiya hokimiyat faoliyatining yoritilishini yangilik sifatida e’tirof qilish mumkin. Mahalliy davlat hokimiyati tizimi, hokimlar, ularning nihoyatda serqira faoliyati, mas’uliyat va javobgarlik, kamchilik va nuqsonlari haqida hali to‘laqonli badiiy asar yaratilganini eshitganim yo‘q. Muallifning katta yutug‘i bu mavzuga birinchilardan bo‘lib qo‘l urgani va uni ishonarli tarzda ochib berganida. Bunda muallif hokimlik tizimiga yaqin vazifada xizmat qilgani, ish jarayoni hokimlik faoliyati bilan chambarchas bog‘lanib ketgani juda qo‘l kelgan bo‘lsa ajab emas, deb o‘ylayman.

Asar qahramoni Shuhrat Rahmatullayev tuman hokimi etib tasdiqlanguncha qishloq xo‘jalik boshqarmasida turli vazifalarda, tuman hokimining o‘rinbosari sifatida faol ishlagan, talabchan rahbar bo‘lgan. Hokimlikni ham yaxshi boshlagan. Hokimlik faoliyatining ilk davrida el og‘ziga tushgan, hurmat e’tibor qozongan shaxs. Biroq yuqori martaba, mansab, ko‘pchilikka rahbarlik, katta vakolatlar uni asta-sekin esankiratib qo‘yadi. Vaqt o‘tgan sayin salbiy tomonga o‘zgarib boradi, odamlarni mensimay, qo‘l ostidagi rahbarlarni haqoratlashga o‘tadi. Ovoragarchiliklarga yo‘l ochadi, arz bilan keluvchilarning dardini eshitmaydi, oddiy kishilarni qabul qilmay qo‘yadi. Lo‘nda qilib aytganda “oyog‘i yerdan uziladi”.

Shuhrat Akramovich xarakteridagi qo‘pollik, manmanlik alomatlari o‘z o‘rinbosari bilan munosabatlarda aniq ravshan ko‘zga tashlanadi. Mana e’tibor bering.

– Shuhrat Akramovich, men sizni tushunolmay qoldim. Hech bo‘lmaganda sizdan besh yosh kattaligimni hisobga olmasdan ko‘pchilik oldida sensirab yubordingiz, tinchlikmi o‘zi?

– Siz “Nuroniy” jamg‘armasi emas, hokimiyatda ishlayapsiz, okosi. Sensirash nima bo‘pti, agar shu obyekt o‘z vaqtida ishga tushirilmasa, yer bilan bitta qilaman, bildingizmi?!

– Nega o‘zingiz qilgan xatoni mening gardanimga tashlayapsiz? Yo gapingiz esingizdan chiqdimi? Men bunaqa munosabatga loyiq odam emasman, o‘zingizni bosib oling.

– Hozircha hokim menman. Kimga qanday muomila qilishni men belgilayman.

– Shuhrat Akramovich, hokimlikka qo‘yilganingiz hammadan aqllisiz, degani emas. Haliyam Akram muallimning hurmati uchun o‘zimni tiydim. Agar fikringiz shu bo‘lsa, men bu haqda viloyat rahbariga ertaga axborot beraman.

– Yo‘qol ko‘zimdan, menga desa, undan kattasiga bormaysanmi?”

Bu singari muomilalar bora-bora hokim uchun oddiy holga aylanib qoladi. Birgina o‘rinbosari emas, boshqalarga ham shunday ohangda gapiradigan qiliq chiqaradi. Uning qo‘polligi otasining qadrdon do‘sti Qo‘shmurod ota bilan bo‘lgan munosabatida yanada bo‘rtibroq ko‘rinadi. Chol bilan muloqotda odob doirasidan butunlay chiqib ketadi. Hatto otaxonning yoshini ham unutib qo‘yadi, o‘zidan kattaga bepisand qaraydi. Uni juda dag‘al so‘zlar bilan ranjitadi, xafa qiladi.

Qo‘pollik-ojizlik belgisi, deyishadi. Darhaqiqat, hayotda kamtarlik va qo‘pollik egizak yuradi. Garchi bir biriga zid tushunchalar bo‘lsada samimiy va dag‘al muomilalarga doimiy ravishda duch kelib turamiz. Esimizni taniganimizdan boshlab kamtarlikka, manman bo‘lmaslikka o‘rgatishadi. Bog‘chadayam, maktab, litsey, kollej va oliy o‘quv yurtlarida ham. Afsuski gohida yaxshiliklarga yetaklovchi farishtalar izmidan qochib, shaytoniy da’vatlarga ruyxushlik beramiz. Hayot saboqlaridan vaqtida kerakli xulosalarni chiqarib ololmaymiz. Bunday paytda ko‘zni shira bosadi, yaxshiyu yomonni ajratolmay qoladi kishi. Ertani o‘ylab berilgan do‘stona maslahatlarga e’tibor qilmaymiz, nasihatgo‘ylarni yomon ko‘rib qolamiz. Asar qahramonining kechmishi ham ana shunday taxlitda rivojlana boradi.

Hokim Shuhrat Akramovich fojeasining yana bitta, eng muhim sabablaridan biri Sobir Yaxshiboyev singari yaltoq, faqat o‘zining manfaatini o‘ylaydigan laganbardor, muallif tili bilan aytganda “shayton”larni atrofiga to‘plaganida. Eski tanishi bo‘lgan Sobirni boshqarmaga rahbar qilib oladi. U esa turli xil yo‘llar bilan ishonchga kirib rahbarni noqonuniy yo‘llarga yetaklaydi. Yerlarni g‘ayri qonuniy tarzda talon-taroj qilib, hokimni poraxo‘rlikka o‘rgatadi. Shu tariqa pul, pora vijdondan ustunlik qila boshlaydi. Zukko kitobxon asar qahramoni xarakteridagi o‘zgarishlarni kuzatib borarkan, bundan ko‘pam ajablanmasligi ehtimoli paydo bo‘lishi mumkin. Negaki hayotda ham Sobir singarilar anchagina. Ularga qo‘ltig‘idan joy berib, vositachi, “hojatbaror” qilib olganlar ham topilib qoladi.

Tuman hokimi Shuhrat Akramovich birdan tanazzulga yuz tutgan emas. Aslida uning xarakteridagi manfaatparastlik talabalik yillarida ham bo‘lgan. Qishloq xo‘jalik institutida o‘qib yurgan kezlarida domlasining tug‘ilgan kuniga deb talabardan yig‘ilgan pulni ortgan qismini hech kimga bildirmagani, obuna masalasi, imtihondan o‘tolmagan talabalarga o‘rtakashlik qilishi va bulardan tegishli “ulush” olishi buning tasdig‘idir.

Turmush o‘rtog‘i Nigora erining mansabidan foydalanib, ba’zi bir “arzimas” yumushlarga bosh suqadi. Uning bozorga rahbar tayinlash, tanishlariga g‘ayri-qonuniy yer-joy ajratish bo‘yicha iltimoslariga Shuhrat Akramovich moyillik bildiradi. U xotinining bu harakatlariga vaqtida chek qo‘yishi mumkin edi. Biroq unda bunga qat’iyat yetishmaydi. Kelayotgan dollarlar oldida ojiz qoladi. Guyoki hech kim sezmayaptiku degan xayolga borib, oilaviy poraxo‘rlikni sodir etadi.

Shuhrat Akramovichning hokimlik faoliyatida uning harakteriga xos yana bir salbiy jihat yaqqol ko‘rinib turadi. Ya’ni unda hadik kuchli, lavozimdan ketib qolishdan qo‘rqib yashaydi. Ayniqsa o‘rinbosaridan doimiy ravishda shubhalanib yuradi. Buni o‘rnimga tayyorlashayapti, degan behuda o‘ylar bilan halovatini yo‘qotadi. Hasad tufayli o‘rinbosariga yo‘l bermaslikka, uni zimdan “o‘stirmaslikka” harakat qiladi. Oxir oqibatda vazifadan ketishini ham o‘rinbosaridan ko‘radi.

Muallif asar qahramoning beparvolikka berilgani, loqaydlik girdobiga tushib qolganini ham ishonarli tarzda bayon qilgan. Tuman hokimiyati binosidagi ahvol, xonalarning ko‘rimsizligi, foydalanadigan jihozlarning tamoman eskirib ketgani, xodimlar ishlashi uchun yetarli sharoitlar yaratilmagani fikrimizning tasdig‘idir. Asar qahramonining aholi nazaridan qola boshlashiga bu kabi omillar ham sezilarli ta’sir o‘tkazadi.

Xullas, Shuhrat Akramovichning rahbarlik faoliyatidagi kamchiliklarga, qusurlarga viloyat hokimligi tomonidan tegishli baho beriladi. Viloyat hokimligi ahvolni o‘rganib ko‘rgach, uni vazifasidan bo‘shatishni lozim topadi. Tashkiliy sessiyadan so‘ng Shuhrat Akramovich qattiq o‘yga botadi, tushkunlikka tushadi, pushaymonlik keltiradi. Lekin endi bulardan foyda yo‘q, g‘isht qolipdan ko‘chib bo‘lgandi. Eng yomoni, olti yil tumanga birinchi rahbar bo‘lib, pirovardida o‘zidan yaxshi nom qoldirmaydi.

Xolbuki, yaxshi rahbarni, jumladan yaxshi hokimni xalq doimo faxr bilan eslaydi. Qilgan ibratli ishlarini mamnuniyat ila xotirlaydi. Ko‘p yillar Urgut tuman “Mahalla” jamg‘armasi raisi vazifasida faoliyat ko‘rsatgan Olim aka Hoshimov 1999-2004-yillarda Urgut tumaniga hokimlik qilgan Xolmuhammad Nurullayev haqida mamnuniyat bilan gapirdi. “Juda samimiy, ishchan, o‘ta madaniyatli, halol rahbar edi. Birovni so‘kkanini, haqoratlaganini eshitmadik. Tuman rahbarlaridan birortasiga qattiqroq gapirib qo‘ysa keyin o‘zi ham bundan xijolat chekardi. Shu boisdanmi odamlar, xalq juda yaxshi ko‘rardi, hurmat, obro‘, e’tibor ko‘rsatardi. Yana bir ibratli tomoni ko‘p kitob o‘qirdi”.

Darhaqiqat, Xolmuhammad Nurullayevning hayoti va faoliyati menga yaxshi tanish. U kishi bilan “Jizzax haqiqati”, “Zarafshon” gazetalarida, viloyat hokimligi apparatida birga ishlaganman. Viloyat hokimiligi tashkiliy ishlar va kadrlar bo‘limi mudiri, “Zarafshon” gazetasi bosh muharriri, viloyat hokimining o‘rinbosari va nihoyat Urgut tumaniga hokimlik vazifalariga o‘tishi ham, bu lavozimlardagi faoliyati ham shaffof bo‘lgan. Afsus, bevaqt o‘lim u kishini oramizdan ancha barvaqt olib ketdi. Ammo urgutliklarning aksariyat ko‘pchiligi Xolmuhammad Nurullayevni hamon yaxshi xotiralar bilan eslashadi. Zero, o‘zidan keyin yaxshi nom qoldirish insonnning yaxshi xislatlarini belgilaydi.

Hokimlik ish faoliyatida yig‘ilishlar turli xil majlislar muhim o‘rin tutadi. Tabiiyki aksariyat majlislarda hokimning o‘zi raislik qiladi yoki ma’ruza bilan chiqish qiladi. Har ikkala holatda ham hokim so‘zining salmog‘i bo‘lishi lozim. Negaki, yig‘ilishga kelgan har bir kishi hokimning so‘zini diqqat bilan eshitadi va xulosa chiqaradi. Hokimning og‘zidan chiqayotgan har bir kalom uning ma’naviyati, rahbarlik salohiyati, odamlarni safarbar etish qobiliyati, dunyoqarashi, qubbai-hofizasi darajasini anglatib turadi. Hozir odamlar sodda emas, darrov xulosa chiqarib oladi. Xulosa esa ko‘p narsani belgilaydi. Jumladan, rahbarni hurmatlash yoki beobro‘lik shundan boshlanadi. Demak, har bir yig‘ilish yoki majlisga hokim alohida tayyorgarlik ko‘rishi, aytmoqchi bo‘lgan gaplarini ko‘nglidan o‘tkazib olishi kerak.

Yig‘ilish kun tartibiga qo‘yilgan masala yuzaki tayyorlansa, majlis nomigagina o‘tkazilayotgan bo‘lsa, yoki xodimlarning no‘noqligi tufayli masala pala-partish olib chiqilsa, bu ham birinchi navbatda hokimning obro‘siga putur yetkazadi. Yig‘ilishga kelgan kishi masala mohiyatini tushunmasdan, nega kelganini bilmay chiqib ketsa ma’nisizlik yuzaga keladi. Vaqtni behuda o‘tkazish, sovurish bu –kechirib bo‘lmas xatolik. Afsuski, asardagi Shuhrat Akramovich odamlarning vaqti bilan hisoblashmaydi, qabuliga keluvchi oddiy fuqaro guyoki hech kim emas. O‘zini va o‘zgani qadrlagan kishi vaqtni ham qadrlaydi. O‘zbekona bir maqol bor.

1995-1998-yillarda Samarqand viloyatiga hokimlik qilgan Alisher Mardiyevga xos ibratli odatni shu o‘rinda eslab o‘tishni joiz deb bildim. U kishi viloyat hokimi sifatida o‘zi qatnashayotgan majlislarga tayyorgarlik masalasiga alohida e’tibor bilan qarar edi. Ayniqsa ma’ruzasiga qo‘yadigan talabi nihoyatda yuqori bo‘lardi. Ma’ruzada qayd etiladigan har bir masala, muammo, uning yechimi bo‘yicha vazifalar viloyat hokimligi apparati xodimlari, sohaning mutaxassislari ishtirokida ko‘rib chiqilib, qog‘ozga tushirilardi. Shundan keyin A.Mardiyev ma’ruzani hokim nazari bilan qayta-qayta ko‘rib chiqar va juda ko‘p qo‘shimchalar kiritar, gohida butun boshli ma’ruza batamom boshqatdan tayyorlanar edi. Ma’ruzaning pishiq va puxtaligi hokim so‘zining qadrini balandlatib, ish samaradorligini oshirishga xizmat qilar, ishtirokchilar o‘ziga qaratilgan yo‘nalishlar bo‘yicha aniq vazifalarni olib chiqishar edi.

Yaqinda shahardagi Konsert zalida Samarqand shahar hokimi chaqirgan yig‘ilishda ishtirok etdim. Kun tartibiga qo‘yilgan masala muhokamasi jarayonida yig‘ilishga taklif qilingan ayrim rahbarlarning kelmaganligi ma’lum bo‘lib qoldi. Shunda shahar hokimi Furqat Rahimov yig‘ilish ishtirokchilariga qarata shunday dedi: “Samarqand tabarruk joy, bu yerda ko‘p ulug‘ avliyolar o‘tgan. Mening nazarimda Samarqand shahar hokimiga qo‘pollik, haqorat qilish yarashmaydi. Kelinglar, o‘zaro hurmatimizni saqlaylik, barcha masalalarni samimiylik bilan, yaxshi muomila bilan hal qilaylik”.

Shu o‘rinda ayrim mulohazalar bo‘lishi ham tabiiy. Hokim bir kishi. Turli bug‘indagi rahbarlar esa ko‘p. Gohida hokim g‘azab otiga minib olishida kichik rahbarlarning ham aybi bor. Buni inkor qilib bo‘lmaydi. Topshiriqni vaqtida uddalay olmaydigan, yig‘ilishlarga sababsiz kelmay qoladigan yoki manfaat ortidan quvib, aholining haqli e’tirozlariga sabab bo‘layotgan quyi rahbarlar yo‘q deysizmi? Bundaylar barchaning, jumladan hokimning ham asabiga tegishi, jahlini chiqarishi bor gap. Biroq hokimlik ma’naviyati va madaniyati bunday paytlarda ham oqillik bilan ish ko‘rishni taqozo qiladi, deyishadi donolar. “Vaqt–pul” degan mashhur hikmatning muallifi, amerikalik faylasuf olim, siyosatchi Benjamin Franklik “Agar sen aql-zakovatga quloq tutmasang, u albatta qasos oladi” deganida ming bor haq.

Keyingi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda hokimlar haqida chiqayotgan xabarlarni o‘qib yoki eshitib kishi hayron qoladi, beixtiyor yoqa ushlaydi. Nega ayrim hokimlar shu darajada qo‘pollikka borishmoqda? Bu kamchilikmi, qusurmi? Yoki o‘taketgan manmanlikmi, zo‘ravonlikmi, madaniyatsizlikmi? Bu bilan hokim nimaga erishadi? Dag‘dag‘a, do‘q, pupisa bilan qo‘rqitib, hammani izmiga bo‘ysindirmoqchi bo‘ladimi? Shunday o‘ylagan hokimlar chuchvarani xom sanab, oxir-oqibatda uyalib qolishayotgani bor haqiqat-ku. Qo‘pollik hech bir vaqt rahbarga obro‘ keltirganmi? Aksincha bunday hatti – harakat bilan faqat obro‘ tukilgan, hurmat yo‘qotilgan. Ayanchli jihati shundaki “Hokim”dagi hokim bu oddiy haqiqatni tushunishni istamaydi.

Sir emas, hokimlarning ishi ham hamisha silliq ketavermaydi. Gohida hokim ham ojiz va himoyaga muhtoj bo‘lib qolgan damlar uchraydi. Ko‘p yillar ilgari tumanlardan birining hokimi (Hozir bu kishi mahallalardan biriga raislik qilmoqda) viloyat hokimiyatiga kelib shunday degandi: “Tuman prokuratursining yosh tergovchisi bir ish bo‘yicha dam-badam meni prokuraturaga chaqiryapti, nima qilay? Boradigan bo‘lsam hokimlik obro‘im qayerda qoladi? Arzimas vajlar bilan tuman prokuraturasi qarorlarimdan ikkitasiga protest kiritib, bekor qildi.” O‘sha paytda bu hokimning ahvolidan achingan edim. To‘g‘ri, bu o‘rinda men sobiq hokimni tamoman yoqlamoqchi emasman. Qonun hammaga barobar. Demokratik davlatning talabi shunday. Qonun barchasidan ustuvor. Ammo bir narsani unutmaslik kerak, onda-sonda bo‘lsada tuman yoki shaharlarda “hokimdan men zo‘rman” deb hokimga buysunmay qo‘ygan, ishiga xalaqit beradigan “huquqshunoslar” ham afsuski bor edi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning o‘tgan yil 22-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga qilgan Murojaati bu kabi salbiy holatlarga chek qo‘yadigan bo‘ldi. Mamlakatimiz rahbari bu murojaatda “Davlat xizmati to‘g‘risida”gi, “Huquqni muhofaza qiluvchi organlar to‘g‘risida”gi qonunlarni ishlab chiqish va qabul qilish vazifasini qo‘ydi. Hokimlarni himoya qilish, faoliyatlarini to‘laqonli ravishda amalga oshirishlarida ularga ko‘maklashish yo‘nalishlarini belgilab berdi. Bundan tashqari davlat boshqaruvining haddan tashqari markazlashuvidan voz kechish, viloyat, shahar va tumanlar hokimlariga ko‘plab vakolatlarning o‘tkazilishi haqida to‘xtalib o‘tdi. Demak, bular ham hokimlarning mavqeini va mas’uliyatini yanada oshiradi, albatta.

Asarning g‘oyasiga singgan bir haqiqat bor. Hokim bo‘lding, degani sen hammadan zo‘rsan, degani emas. Hokimning kuchini, zo‘rligini ko‘rsatuvchi omillardan biri muammoli masalalarni maslahatlashib, odilona hal qilishida. Bugungi kunda o‘z faoliyatini oqsoqollar, nuroniylar, tajribali mutaxassislar bilan maslahatlashib olib borayotgan hokimlar ko‘pchilik. Biroq, asar qahramoni Shuhrat Akramovich bu yo‘lni tanlamaydi. U hatto padari buzrukvori, tajribali muallim Akram otaning o‘gitlariga ham quloq tutmaydi. “Ko‘chaning gapi bilan menga nasihat qilyapsizmi”, deb otaning dil so‘zlariga, yo‘l-yuriqlariga iddao keltiradi. O‘g‘lining fe’lini tushungan Akram muallim nasihatlarini qog‘ozga tushirib vasiyat qoldiradi. Ushbu vasiyat asarning “Xotima” qismida berilgan. Mazkur qism ixchamgina. Ammo uning ahamiyati asarning qadrini bir necha hissa oshirgan, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Negaki, unda uzoq yillar muallimlik qilgan kishining hayot tajribalaridan olgan ibratomuz xulosalari, turmush chorrahalaridagi turfa xil sinovlardan hosil bo‘lgan saboqlar, kishini insofu diyonatga, halollik va pokizalikka, to‘g‘rilik va adolatga, qisqasi yaxshi insoniy fazilatlarga yetaklovchi hikmatlar aks etgan. “Xotima” shu jihatlari bilan e’tirofga loyiq. Bu har bir kishini u hokim bo‘ladimi, rahbar bo‘ladimi yoki oddiy kitobxonmi mulohazaga, xulosa chiqarib olishga undaydi.

 
Amrillo Ahmedov, 
O‘zbekiston Jurnalistlar 
ijodiy uyushmasi a’zosi.

 

O‘zA