Pokistonda “Shavkat Mirziyoyev – uzoqni ko‘ra biladigan davlat arbobi” (“H.E. Shavkat Mirziyoyev a visionary statesman”) tahliliy maqolalar to‘plami nashr etilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida mazkur to‘plamning taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabarida ma’lum qilingan.

Xabarga ko‘ra, Islomoboddagi Global va strategik tadqiqotlar markazi tomonidan O‘zbekiston elchixonasi bilan hamkorlikda nashrga tayyorlangan kitobga Pokistonning taniqli ekspertlari, olimlari va yosh tadqiqotchilari tomonidan yozilgan 14 ta tahliliy maqola kiritilgan.

Tadbirda O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Furqat Sidiqov so‘zga chiqib, ushbu kitobning nashr etilishi Pokiston ijtimoiy-siyosiy va ekspert-tahlil doiralari vakillari hamda dunyo hamjamiyatining Yangi O‘zbekistonga bo‘lgan katta qiziqishini ifodalashini ta’kidladi.

Yangi to‘plam O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar va demokratik o‘zgarishlar natijalari, davlatimiz rahbarining konstruktiv tashqi siyosati, mintaqaviy va global ahamiyatga molik g‘oyalari, jumladan, Toshkentda Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqaviy o‘zaro bog‘liqligi mavzusiga bag‘ishlab o‘tkazilgan xalqaro konferensiyada ilgari surgan 10 ta tashabbusi mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan.

Toshkentda O‘zbekiston Prezidenti saylovida xalqaro kuzatuvchi sifatida bo‘lib turgan Global va strategik tadqiqotlar markazi ijrochi direktori Holid Taymur Akrom tahliliy maqolalar kitobini taqdim etar ekan, Pokiston keng jamoatchiligi O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning islohotchilik siyosatiga katta qiziqish va chuqur ehtirom bilan munosabatda ekani hamda uni chuqur o‘rganayotganini ta’kidladi.

Kitobning birinchi qismi “O‘zbekiston Prezident Shavkat Mirziyoyevning izchil rahbarligi davrida” deb nomlanib, jamiyat hayotining turli jabhalarida amalga oshirilgan islohotlar va o‘zgarishlarning natijalarini aks ettiruvchi beshta tahliliy materialdan tashkil topgan.

“O‘zbekiston tashqi siyosati yo‘nalishlari” deb nomlangan ikkinchi qismda mamlakatimizning mintaqaviy va xalqaro munosabatlardagi mavqei, Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan o‘zaro manfaatli ko‘p tomonlama yangi tashabbuslarning ahamiyati, shuningdek, Yangi O‘zbekiston tashqi siyosatining maqsadlariga bag‘ishlangan uchta tahliliy maqola o‘rin olgan.

Kitobning “Markaziy va Janubiy Osiyoning mintaqaviy o‘zaro bog‘liqligi: Prezident Shavkat Mirziyoyevning buyuk tashabbusi” deb nomlangan uchinchi qismi O‘zbekiston rahbari tomonidan joriy yil iyul oyida Toshkentda bo‘lib o‘tgan xalqaro konferensiyada mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik aloqalarini mustahkamlashga qaratilgan tashabbuslariga bag‘ishlangan.

Kitobda jamlangan materiallar bundan avvalroq Pokistonning “Islamabad Post”, “Diplomatic News Agency”, “Centreline”, “National Herald Tribune” kabi yetakchi gazeta va jurnallari, ularning veb-saytlari, tahlil markazlarining maxsus risolalarida chop etilgan.

Muhtarama Komilova,

O‘zA