2021 yil 25 oktyabr kuni Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva bilan Prezident sayloviga xalqaro kuzatuvchi sifatida yurtimizga tashrif buyurgan vitse-prezident Xaydi Xautala rahbarligidagi Yevropa parlamenti delegatsiyasi o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Yevroparlament delegatsiyasi a’zolari saylov ochiq va transparentlik tarzda, saylov qonunchiligiga muvofiq o‘tganini e’tirof etishdi. Xususan, fuqarolarning saylov huquqlari ta’minlangani, jumladan, keksa yoshdagilar, imkoniyati cheklangan shaxslar va ovoz berish paytida kasalxonada davolanayotganlar uchun ham  barcha sharoit yaratilgani alohida qayd etildi.

Ta’kidlandiki, bu galgi saylovlar  avvalgilaridan tubdan farq qiladi. Saylovda xalqaro tashkilotlar va xorijiy mamlakatlardan mingga yaqin kuzatuvchilar ovoz berish jarayonini kuzatib borishdi, shuningdek, tadbirni yoritishda juda ko‘p ommaviy axborot vositalari vakillari hozir bo‘lishdi. Bularning barchasi saylov jarayonining ochiqligini ta’minladi.

Yevropa parlamenti deputati Rishard Charnetskiyning ta’kidlashicha, «O‘zbekiston Prezidenti saylovi shaffof va tartibli o‘tdi. Mamlakatda Prezident saylovini o‘tkazish va monitoring qilib borish uchun barcha sharoit yaratilgan. Erkin ovoz berish sharoitlari to‘liq ta’minlangan. Xalqaro kuzatuvchilarning ko‘pligi esa O‘zbekistonning ushbu siyosiy tadbirning  ochiqligini, shaffofligini va demokratik tamoyillarga javob berishni ta’minlashga bo‘lgan intilishini namoyon etadi».

Uchrashuvda yevropalik mehmonlarga so‘nggi 5 yilda mamlakatimizda amalga oshirilgan islohotlar, jumladan, fuqarolik jamiyatining asoslarini mustahkamlash, saylov qonunchiligini takomillashtirish, gender tengligini ta’minlash bo‘yicha atroflicha ma’lumot berildi.

Tomonlar, shuningdek, O‘zbekiston bilan Yevroparlament o‘rtasida parlamentlararo aloqalarni hamda Yevropa Ittifoqi bilan savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy, shuningdek, ta’lim va ilmiy tadqiqotlar sohasida  hamkorliklarni kengaytirish masalalarini muhokama qildilar.

“Biz 2016 yildan keyin O‘zbekistonning jahonga yuz ochayotganini ko‘rmoqdamiz. Bunday o‘zgarishlar sababli parlamentlararo aloqalar chuqurlashmoqda. Biz O‘zbekiston parlamenti bilan yangi sohalarda hamkorlik qilishga tayyorgarlik ko‘rmoqdamiz. Uzoq muddatli hamkorlik qilish yuzasidan Yevropa parlamenti uchun katta istiqbol eshiklari ochilmoqda.

Biz mamlakatingizda islohotlarni yanada takomillashtirishga yordam berishga tayyormiz. Prezident sayloviga to‘xtaladigan bo‘lsak, bu galgi Prezident saylovi kampaniyasi yangi tartiblarda, yangicha sharoitlarda, yangilangan formatda bo‘lib o‘tdi. Ovoz berish jarayonini YeXHT, MDH, SHHT, Jahon saylov organlari tashkiloti va boshqa tuzilmalardan yuzlab xalqaro kuzatuvchilar kuzatib borishdi. Saylovlar shaffof va demokratik tamoyillarga asoslangan tarzda o‘tdi», dedi Xaydi Xautala.

Suhbat yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli bo‘lgan barcha yo‘nalishda hamkorlikni davom ettirishga tayyor ekani alohida ta’kidlandi.

 

S.RAHIMOV, O‘zA