21 oktyabr – O‘zbek tili bayrami kuni
Poytaxtimizdagi Adiblar xiyobonida 21 oktyabr – O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
O‘zbek tiliga Davlat tili maqomi berilganining 32 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda Vazirlar Mahkamasining Ma’naviyat va davlat tilini rivojlantirish departamenti rahbari Abdug‘affor Qirg‘izboyev mamlakatimizda o‘zbek tiliga e’tibor davlat siyosati darajasiga ko‘tarilganini ta’kidladi.
Prezidentimizning O‘zbek tili bayrami munosabati bilan xalqimizga bayram tabrigida ona tilimizni rivojlantirishga oid dolzarb masalalar ustuvor vazifa sifatida belgilab berilgan. Mamlakatimizda o‘zbek tilining nufuzini yanada yuksaltirish, bu boradagi amaliy ishlar, tadqiqotlarni rivojlantirish, zarur qo‘llanma, lug‘atlar, ilmiy-ma’rifiy manbalarni yaratish, uning targ‘botini kuchaytirish borasida jadal ishlar olib borilmoqda.
Ona tilimizni rivojlantirish borasida muayyan qonunchilik tizimi yaratilgan. Davlat tilining nufuzini va mavqeini oshirish borasida ko‘plab davlat tuzilmalari faol hissa qo‘shmoqda. Uchinchi Renessans poydevorini yaratish jarayonida bu yo‘nalishdagi ilmiy izlanishlarni faol qo‘llab-quvvatlash, joylarda o‘zbek tiliga oid me’yor va qonunchilikka amal qilinishini tartibga solish, yosh ijodkorlarni rag‘batlantirish maqsadida tizimli ishlar olib borilmoqda.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, xalq shoiri Sirojiddin Sayyid Prezidentimizning bayram munosabati bilan O‘zbekiston xalqiga bayram tabrigi ona tilimizni yanada rivojlantirish, unga bo‘lgan e’tiborni kuchaytirish borasida muhim dasturilamal ekanini ta’kidladi. Mamlakatimizda kitobxonlik, milliy adabiyotimizni ravnaq toptirish yuzasidan amaliy ishlar ona tilimizga bo‘lgan e’tiborning amaliy ifodasidir.
Darhaqiqat, ona tilimiz Birlashgan Millatlar Tashkilotining yuksak minbarida, ulkan siyosiy sammit va uchrashuvlarda baralla yangrab, tinchlik, do‘stlik va hamkorlik vositasiga aylanib borayotganining yana bir amaliy namunasidir.
Mamlakatimizdagi oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan xorijlik talabalar o‘zbek tilining nafosati va jozibasi xususida atroflicha so‘z yuritdilar. Zero, bugun jahon miqyosida ham o‘zbek tiliga bo‘lgan e’tibor tobora ortib borayotgani xorijlik talabalarning samimiy dil so‘zlarida ham zohir bo‘ldi.
– O‘zbek tilining go‘zalligi, boyligi hazrat Alisher Navoiyning asarlarida yaqqol aks etadi, – dedi Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash instituti talabasi, AQSHlik Karter Hall. – O‘zbek tiliga bo‘lgan hurmat va ehtiromimiz Navoiy asarlari orqali yanada ortmoqda.
– Bugun o‘zbek tilida so‘zlashuvchilar ellik milliondan ortdi, – dedi Toshkent davlat agrar universiteti talabasi, afg‘onistonlik qiz Zubayda Xovar. – Bu o‘zbek tilining yirik til ekanining yana bir isbotidir. Agar o‘zbek tilini sevadiganlar bu tilga e’tibori va mas’uliyatini yanada kuchaytirsa, u yanada rivojlanadi.
– Men o‘zbek tilshunosligiga doir tadqiqotlar olib bormoqdaman, – dedi Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti talabasi xitoylik Ye Xanven. – Shu sababli o‘zbek shoirlarining she’rlarini sevib mutolaa qilaman. bugungi anjumanda o‘zbek tilida so‘zlash men uchun katta sharafdir.
Tadbirda o‘zbek shoirlari ijodidan namunalar o‘qildi. O‘zbekiston Qahramoni, xalq artisti Munojot Yo‘lchiyeva, Yunus Rajabiy nomidagi maqom jamoasi ijrosidagi dilbar qo‘shiqlar tadbirga yanada fayz bag‘ishladi.
Tantanali yig‘ilish ishtirokchilari hazrat Alisher Navoiy haykali poyiga gullar qo‘ydilar.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Abdujabbor Abduvohitov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Behzod Musayev ishtirok etdi.
O‘zbek tili bayrami munosabati bilan adabiy-ma’rifiy tadbirlar mamlakatimiz bo‘ylab davom etmoqda.
Nazokat Usmonova, O‘zA