O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisi Zayniddin Nizomxo‘jayev Saylov tizimlari xalqaro jamg‘armasining Yevropa va Yevroosiyo bo‘yicha dasturlari mutaxassislari bilan uchrashdi.
Uchrashuvda MSK rahbari IFES vakillariga mamlakatda fuqarolarning saylov huquqlarini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar, bo‘lajak O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovlariga tayyorgarlik haqida ma’lumot berdi.
– Alohida ta’kidlashni istardimki, Saylov tizimlari xalqaro jamg‘armasi fuqarolarning erkin va adolatli saylovlarda ishtirok etish huquqini qo‘llab-quvvatlaydi. Jamg‘armaning tajribasi dolzarb masalalarga uzoq muddatli yechim topish maqsadida saylov tizimini mustahkamlaydi va buning uchun mahalliy resurslarni yaratadi.
Jamg‘arma butun dunyo bo‘ylab boshqaruv va demokratik huquqlarni ilgari surish bo‘yicha innovatsion tashabbuslarni qo‘llaydi. Siyosiy jarayonlarga aholi vakillari ishtirokini yanada kengaytirish, saylov jarayonlarini yaxshilash uchun amaliy tadqiqot natijalarini qo‘llash bo‘yicha boy tajribaga ega, – dedi Z.Nizomxo‘jayev.
Fuqarolarning erkin va adolatli saylovlarda ishtirok etish huquqini ta’minlashda jamg‘armaning o‘rni alohida qayd etildi. IFES tajribasi saylov tizimini mustahkamlash va mahalliy resurslarning salmog‘ini kengaytirishga hissa qo‘shadi, bu esa o‘z navbatida dolzarb masalalarning istiqboldagi yechimlarini topish imkonini yaratadi.
Uchrashuvda tomonlar Saylov tizimlari xalqaro jamg‘armasining Markaziy saylov komissiyasi bilan hamkorlik yo‘nalishlari va uni yanada mustahkamlash yo‘llarini muhokama qilishdi.
IFES ning Yevropa va Yevroosiyo bo‘yicha dasturlari katta menejeri Entoni Boyer O‘zbekistonda saylov qonunchiligi va saylov tartibini takomillashtirish borasida olib borilayotgan ishlarni yuqori baholar ekan, jamg‘arma mustaqil saylov komissiyalari faoliyati samaradorligini oshirishga, saylov qonunchiligi va amaliyotini takomillashtirishga qaratilgan loyiha dasturini amalga oshirish orqali milliy saylov jarayonini qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.
– Xalqaro saylov tizimlari jamg‘armasining ikki vakili, ya’ni bizlar O‘zbekistonga saylov tizimini qo‘llab-quvvatlash uchun keldik. Bizning vazifamiz faqatgina 24 oktyabrda bo‘lib o‘tadigan Prezident saylovida ishtirok etib, uni kuzatish emas, balki keyinchalik 2024 yilda bo‘ladigan parlament saylovlarigacha saylov tizimini yanada takomillashtirishga ko‘maklashishdan iborat.
Saylovning ochiqligini ta’minlash va barcha saylovchilarga sharoit yaratish bo‘yicha hamkorlikda ishlaymiz. Saylov qonunchiligi va amaliyotini takomillashtirish, mamlakatda demokratik islohotlarni yanada jadallashtirishga qaratilgan faoliyat olib boramiz, – dedi Xalqaro saylov tizimlari jamg‘armasi katta eksperti Tamar Jvaniya.
MSK salohiyatini oshirishda MSK a’zolarini o‘qitish orqali kasbiy etika tamoyillarini ilgari surish, saylov komissiyalari xodimlarini saylov jarayonini boshqarishga oid, saylovning ochiqligini ta’minlash va barcha saylovchilarga sharoit yaratish kabi barcha masalalar bo‘yicha o‘qitish, aholi, ayniqsa, yoshlarning huquqiy madaniyatini oshirish, saylovchilarni ro‘yxatga olish tizimini takomillashtirishda texnik yordam ko‘rsatish yo‘li bilan saylovchilarga ovoz berishda qatnashish imkoniyatini yaxshilash bilan bog‘liq masalalar yuzasidan hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
Uchrashuvda tomonlar MSK va jamg‘arma o‘rtasida yanada tizimli aloqalarni rivojlantirish zarurligi to‘g‘risida o‘zaro fikr bildirdilar.
Nurillo Nasriyev, O‘zA