“Mutolaa” bu – O‘zbekistonda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirishga qaratilgan zamonaviy tashabbus. Loyiha yosh avlodni kitob o‘qishga rag‘batlantirish, milliy va jahon adabiyoti durdonalarini keng ommaga taqdim etish orqali kitobxonlik muhitini yangi bosqichga olib chiqishni maqsad qilgan. Loyiha Yoshlar ishlar agentligi tomonidan tashkil etilgan.

Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, bugungi kunda yurtimiz aholisini kitob o‘qishga keng jalb etishga qaratilgan “Mutolaa” loyihasi foydalanuvchilari 1,4 millionga yetdi.

–Kuzatuvchilar telefoniga “Mutolaa” ilovasini yuklab olish orqali 3000 dan ortiq elektron va audio kitoblarni qo‘lga kiritishlari hamda ularni mutolaa qilishlari mumkin, – dedi “Mutolaa” ilovasi media bo‘limi rahbari Jasurbek Anvarov. – Eng katta rejalarimizdan biri bu eng faol kitobxonlarga chet elga sayohatlar, oromgohlar uchun yo‘llanma va eng ko‘p o‘qigan kitobxonimizga elektromobil sovg‘a qilishni reja qilganmiz.

“Mutolaa” ijodkorlari tomonidan yangicha uslubda tayyorlangan video-kitoblar ham taqdim etilmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, bir yil davomida Andijon, Toshkent va Jizzax viloyati yoshlari “Mutolaa”dan eng ko‘p foydalangan.

–Yosh kitobxon sifatida davlatimiz rahbariga ushbu loyihani ilgari surib, biz yoshlarni qo‘llab-quvvatlayotgani uchun o‘z minnatdorligimni bildiraman, –dedi Shahnoza Bahromova.–Bugungi kunda platformaning rivojlanishi uchun o‘zimiz qatori yoshlarni ortimizdan ergashtirish uchun o‘z hissamni qo‘shishga harakat qilaman va bundan judayam hursandman. Kitobxonlikka e’tiborimiz kuchaygan sari biz yoshlar yuksak parvozlar sari intilaveramiz. “Mutolaa” loyihasidan bemalol uyda ham, avtobus va metroda yurganimizda ham foydalanishimiz mumkin.

Loyiha milliy va jahon adabiyotining eng sara namunalarini elektron va audio formatlarda jamlaydi va ulardan bepul foydalanish imkoniyatini yaratadi. Yoshlarni qiziqtirish uchun kitoblarning mazmuni asosida yangicha uslubda tayyorlangan video-kitoblar taqdim etiladi. Kitoblar zamonaviy texnologiyalar yordamida raqamlashtirilib, keng ko‘lamdagi auditoriya uchun ochiq qilinadi.

Loyiha o‘z faoliyatini maxsus ishlab chiqilgan “Mutolaa” mobil ilovasi hamda YouTube, instagram va telegram platformalari orqali amalga oshiradi. Bu orqali foydalanuvchilarga kitoblarni o‘qish va tinglash, video-kitoblarni ko‘rish va yangiliklardan xabardor bo‘lish imkoniyati yaratilgan.

Mazkur loyiha kitobxonlik madaniyatini ommalashtirish, yoshlarning intellektual rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash hamda ularning kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishini oshirishni ko‘zda tutadi.

“Mutolaa” loyihasi yoshlar uchun intellektual muhit yaratish, ularni o‘z hayotlarini boyitishga chorlovchi noyob tashabbusdir. Kitob o‘qish endi nafaqat foydali, balki qulay va zamonaviy formatda ham amalga oshiriladi.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA