“O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirish bo‘yicha Davlat dasturi va uni tasdiqlash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoni loyihasi ishlab chiqilib, keng jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilindi.
Davlat dasturi loyihasida 5 ta ustuvor yo‘nalish bo‘yicha 2025 yil uchun amaliy chora-tadbirlar, normativ-huquqiy hujjatlar ro‘yxati va maqsadli ko‘rsatkichlar nazarda tutilmoqda.
Dastur loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasida qizg‘in muhokama qilinmoqda, fraksiyalar va qo‘mitalar yig‘ilishlarida atroflicha ko‘rib chiqilmoqda. Siyosiy partiyalar fraksiyalari va qo‘mitalar a’zolari ushbu dasturiy hujjat mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida o‘z munosabati va taklif-tavsiyalarini bildirmoqda.
– Davlat dasturi loyihasida mamlakatimizni kompleks rivojlantirish yuzasidan barcha soha va yo‘nalishlar bo‘yicha joriy yilda amalga oshiriladigan ustuvor maqsad-vazifalar belgilab olingan, – deydi deputat, O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi Xushvaqt Hayitov. – Ayniqsa, raqamlashtirish, aholini tadbirkorlikka jalb etish, shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamni qo‘llab-quvvatlash, bunday oilalar farzandlarining bilim olishi, axborot texnologiyalarini o‘zlashtirishi uchun sharoitlar yaratish, shu bilan birga, ularga kelgusida davlat granti asosida kvotalar ajratish masalalari o‘z aksini topgani e’tiborlidir. Bundan tashqari, yashillikni kengaytirish, “yashil iqtisodiyot”ni rivojlantirishga qaratilgan keng ko‘lamli vazifalar ko‘zda tutilayotgani alohida ahamiyatga ega. Loyihadagi chora-tadbirlar mamlakatimiz ravnaqiga, hayotimizni yanada yaxshilashga xizmat qiladi.
Darhaqiqat, 2025 yilgi davlat dasturi loyihasida ko‘zda tutilayotgan barcha yo‘nalishdagi maqsad-vazifalar ertangi kunimizni yanada farovon qilishda, yurtimiz rivojini yuqori pog‘onaga ko‘tarishda muhim o‘rin tutadi. Hujjat loyihasi keng jamoatchilik muhokamasi davomida yanada xalqchil va hayotiy hujjatga aylanishi shubhasiz.
Muhtarama Komilova, O‘zA