Jahon miqyosida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari shiddat bilan rivojlanib, barcha sohalar bosqichma-bosqich raqamlashtirilmoqda. O‘z navbatida, ushbu jarayonda g‘araz niyatli kimsalar tomonidan axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda kibermakonda jinoyat sodir etish holatlari tez-tez kuzatilmoqda.

Bunday jinoyatlar sudlarda qanday ko‘rib chiqiladi, raqamli dalillarga qanday baho beriladi? Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudyasi Qahramon Mirsafoyev bilan shu haqda suhbatlashdik.

– Kibermakonda sodir etilayotgan jinoyatlardan jabr ko‘rganlar soni kundan-kunga oshib bormoqda, – dedi Q.Mirsafoyev. – Jinoyatchilar o‘zganing pul mablag‘larini talon-toroj qilishda yangidan-yangi usullardan foydalanib, dasturiy apparat qurilmalari yordamida qonunga xilof tarzda bank kartasi yoki boshqa to‘lov kartalarining nusxasini yasash, soxtalashtirish orqali o‘zganing bank hisobidagi yoxud elektron to‘lov hamyonidagi pullarini talon-toroj qiladi. Mazkur toifadagi jinoyatlarni sodir etishning ham, ularni aniqlashning ham birdan – bir manbai – bu elektron ma’lumotlardir.

Huquqni qo‘llash amaliyotidagi elektron ma’lumotlarni raqamli dalil, deb topish va ish hujjatlariga qo‘shish bilan bog‘liq muammolar yuqoridagi kabi jinoyatlarni fosh etishda yaqin vaqtlargacha katta qiyinchiliklarni yuzaga keltirayotgan edi. Shu munosabat bilan raqamli dalillarni qabul qilib olish, tekshirish va baholash tartibiga oid normalarni O‘zbekiston Respublikasining tegishli qonunchilik hujjatlariga kiritish zarurati yuzaga keldi.

Shu maqsadda 2024 yil 21 noyabrda “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga raqamli dalillar bilan ishlash tizimini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi.

– Qonunda aynan qaysi yo‘nalishlar qamrab olingan? 

– Protsessual qonunchilik hujjatlarida elektron dalillar tushunchasi, ulardan foydalanish tartibi va shu bilan bog‘liq masalalar nazarda tutilmagan hamda raqamli dalillarga qanday ma’lumotlar kiritilishi qonunchilikda belgilanmagan edi.

Mazkur qonun bilan ana shu bo‘shliqlar to‘ldirildi. Qonun raqamli dalillar bilan ishlash tizimini takomillashtirishga qaratilib, raqamli texnologiyalar taraqqiyoti sharoitida huquqiy munosabatlarni tartibga solishni yaxshilash, sud ishlarida raqamli dalillarning qonuniylik asoslarini mustahkamlash maqsadida qabul qilindi.

Raqamli dalillarni yig‘ish, saqlash va taqdim etishda yagona qoidalar va standartlarni belgilash orqali sud ishlarida adolatni ta’minlash, raqamli dalillarning asosliligini va ishonchliligini kafolatlash, ulardan noto‘g‘ri foydalanishning oldini olish, sud, huquqni muhofaza qilish organlari va notarial xizmatlarda raqamli texnologiyalarni yanada keng joriy qilish,  raqamli dalillar bilan ishlash borasida huquqshunoslar va fuqarolarning bilim va malakalarini oshirish kabi jihatlar qonundan o‘rin olgan.

– Qonun bilan protsessual tartib va qoidalarni belgilovchi kodekslarga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar haqida to‘xtalib o‘tsangiz. 

– Jinoyat-protsessual kodeksida elektron ma’lumotlar, raqamli dalillar tushunchalari va ularni tekshirish tartibi belgilanib, raqamli dalillarning asosliligini ta’minlash hamda ularning qonuniy kuchga egaligini kafolatlash tartiblari ishlab chiqildi.

Xususan, amaldagi Jinoyat-protsessual kodeksi 204-1-moddasi (Elektron ma’lumotlar) bilan to‘ldirildi. Unga ko‘ra, “elektron ma’lumotlar elektron qurilmalardan va axborot tizimlaridan, shuningdek, axborot texnologiyalaridan foydalangan holda yaratiladigan, ishlov beriladigan hamda saqlanadigan ma’lumotlardir”.

Guvoh, jabrlanuvchi, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi va boshqa shaxslar elektron ma’lumotlarni ushbu ma’lumotlarning ko‘chirma nusxasini elektron jismdan elektron ma’lumotlar mavjud bo‘lgan boshqa elektron jismga olish orqali taqdim etishga haqli.

Tergovga kadar tekshiruvni amalga oshirayotgan organning mansabdor shaxsi, surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sud taqdim etilgan elektron ma’lumotlarni mutaxassis ishtirokida qabul qilib oladi hamda elektron ma’lumotlar mavjud bo‘lgan birlamchi elektron jismlarni ko‘zdan kechiradi.

Shu o‘rinda ta’kidlash lozimki, Jinoyat-protsessual kodeksining 161-moddasiga qo‘shimcha sifatida kiritilgan normaga muvofiq, shaxsiy elektron ma’lumotlarni olib qo‘yish va tintuv qilish qonunga hamda sudning qaroriga asosan amalga oshiriladi.

E’tiborli jihati shundaki, agar olib qo‘yish yoki ko‘zdan kechirish bo‘yicha tergov harakatlari olib borilayotganda elektron ma’lumotlar mutaxassis ishtirokisiz olingan bo‘lsa, 95-1-moddaning to‘rtinchi qismiga asosan ular nomaqbul dalillar, deb topiladi.

Buning mohiyati shundaki, elektron ma’lumotlar (masalan, kompyuter, telefon, serverlar va boshqa elektron qurilmalardan olingan ma’lumotlar) to‘g‘ri va aniqlik bilan yig‘ilishi uchun mutaxassis ishtiroki talab qilinadi.

Elektron ma’lumotlar to‘planganida, bu jarayonni professional mutaxassislar amalga oshirishi kerak. Chunki ular ma’lumotlarni to‘g‘ri olish va ularni saqlashda zarur bo‘lgan texnik va huquqiy amaliyotlarni biladi.

Agar elektron ma’lumotlar mutaxassis ishtirokisiz, ya’ni masalan, oddiy tergovchi yoki boshqa mansabdor shaxslar tomonidan, ularning to‘g‘ri olingani va saqlangani kafolatlanmasa, bu ma’lumotlar noto‘g‘ri yoki manipulyatsiyalangan bo‘lishi mumkin. Shu boisdan ham ular sud tomonidan nomaqbul dalillar deb topilib, asos sifatida qabul qilinmaydi. Mazkur qoidaning kiritilishidan asosiy maqsad ma’lumotlarning to‘g‘riligini va qonuniyligini ta’minlashdir.

Shuningdek, yangi tartibga ko‘ra, tergovga qadar tekshiruvni amalga oshirayotgan organning mansabdor shaxsiga, surishtiruvchiga, tergovchiga, prokurorga yoki sudga elektron ma’lumotlarni o‘z tashabbusi bilan taqdim etish huquqi belgilandi. Ya’ni, fuqarolar, shuningdek, korxonalar, muassasalar, tashkilotlarning rahbarlari va boshqa mansabdor shaxslari o‘z tasarrufida bo‘lgan elektron ma’lumotlarni tergovga kadar tekshiruvni amalga oshirayotgan organning mansabdor shaxsiga, surishtiruvchiga, tergovchiga, prokurorga yoki sudga o‘z tashabbusi bilan taqdim etishga haqli. Demak, bu ularning ixtiyoriga binoan amalga oshiriladi, ya’ni ular ma’lumotlarni o‘z ixtiyori bilan berishlari mumkin. Bu majburiy tartib emas.

– “Raqamli dalillar” tushunchasiga qonunda qanday ta’rif berilgan? 

– Qonunda “raqamli dalillar” tushunchasi qayd etilgan bo‘lib, Jinoyat-protsessual kodeksiga kiritilgan 204-2-moddaga ko‘ra, ish uchun ahamiyatga ega bo‘lgan holatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar mavjud bo‘lgan elektron ma’lumotlar, shu jumladan, elektron tarzdagi fayllar, audio va videoyozuvlar, Internet jahon axborot tarmog‘ida saqlanayotgan ma’lumotlar, shuningdek, boshqa elektron ma’lumotlar raqamli dalil bo‘lishi mumkin.

Raqamli dalildan ko‘chirma nusxa olishga, basharti uning yaxlitligi va aynan o‘xshashligi saqlansagina yo‘l qo‘yiladi. Ular ish materiallari bilan birga saqlanadi. Qonunda raqamli dalillarni olish, ularni ko‘zdan kechirish va tekshirish kabi protsessual harakatlarni amalga oshirish bilan bog‘liq normalar ham belgilangan.

“Raqamli dalillar” tushunchasining qonunchilikka kiritilishi bir qator muhim afzalliklarni taqdim etadi. Bu afzalliklar, avvalo, zamonaviy texnologiyalarni va elektron ma’lumotlarni huquqiy tizimda samarali qo‘llashga imkon beradi. Elektron ma’lumotlar (kompyuter fayllari, elektron pochta xabarlari, video va audio yozuvlar, internetdan olingan materiallar) ko‘plab jinoyatlarda muhim rol o‘ynaydi. Shuning uchun bunday dalillarni qonun doirasida to‘g‘ri baholash zarur.

Raqamli dalillarni qonunchilikka kiritish, ularning global huquqiy tizimlarda ham tan olinishi va bir xil tartibda ishlatilishini ta’minlaydi. Chunki raqamli ma’lumotlar xalqaro miqyosda juda keng doirada qo‘llanilmoqda. Raqamli dalillarni tan olish davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni ham osonlashtiradi.

Bir so‘z bilan aytganda, qonun axborot texnologiyalaridan foydalangan holda sodir etilayotgan jinoyatlarni fosh etish imkoniyati hamda tergov va odil sudlov sifatining oshishiga zamin yaratdi. Bu fuqarolar va yuridik shaxslarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirishga xizmat qiladi.

                                                                  O‘zA muxbiri

                                                         Norgul Abduraimova suhbatlashdi