Texnik jihatdan tartibga solish sohasi sifat va samarani ta’minlash uchun doimiy zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni talab qiladi. Bunda ayniqsa, xalqaro standartlar asosida ishlaydigan mutaxassislar tayyorlash muhim ahamiyatga ega.

Texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, sertifikatlashtirish va metrologiya milliy tizimini takomillashtirish maqsadida METI – talabalar va malakali mutaxassislar uchun Yaponiyada haq to‘lanadigan amaliyot dasturi tomonidan 2022 – 2025 yillar uchun respublikaning tegishli idoralari xodimlarini Yaponiyada o‘qitish uchun qariyb 500 ming AQSH dollari miqdorida grant mablag‘lar ajratilgan.

O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktori Akmal Jumanazarov Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Yoshibumi Bito bilan uchrashuv o‘tkazdi.

2023 – 2024 yillarda Yaponiyada standartlashtirish va sinov sohasida respublikaning 31 nafar mutaxassislari uchun seminarlar tashkil etildi. 2025 yilning yanvar oyida 18 nafar mutaxassis Yaponiyaga malaka oshirishga yuborilishi kutilmoqda.
Muloqot davomida Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligining grantlari va texnik ko‘makni jalb etish orqali sifat infratuzilmasini takomillashtirishga qaratilgan takliflar berildi, deyiladi O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi ma’lumotida.

Sohada sifat va samarani ta’minlash uchun zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega, xalqaro standartlar asosida ishlaydigan mutaxassislar tayyorlashda JICAning ishtiroki muhimligi ta’kidlandi.

Tomonlar qo‘shma loyihalarni sifatli amalga oshirish va kadrlar tayyorlashda hamkorlik qilishga kelishib oldilar.

M.Hojiakbarova, O‘zA