Prezident topshirig‘i amalda
Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanining “Saidkent” mahalla fuqarolar yig‘inida 1 kilometr masofada “Sohilbo‘yi dam olish maskani”ni barpo etish loyihasi ishlab chiqildi. Bunda aholining bo‘sh vaqtini unumli o‘tkazish uchun yetarli shart-sharoit yaratish, salqin ichimliklar, umumiy ovqatlanish shoxobchalarni qurib foydalanishga topshirish, shuningdek, bunda mavsumiy katamaran va boshqa qayiqlar xizmatini joriy etish ko‘zda tutilgan.
“Sohil bo‘yi dam olish maskani” deb nomlangan ushbu loyiha doirasida ayni paytda katta bunyodkorlik ishlari boshlab yuborildi. Quvonarlisi, G‘ijduvondagi bu maskan Buxoro viloyatiga qo‘shni Navoiy viloyatidan kirish sarhadi bo‘lgani bois o‘ziga xos tashrif qog‘oziga aylantiriladi.
G‘ijduvonlik mahalliy aholi, mehmonlar va xorijiy sayyohlarga savdo va maishiy xizmat ko‘rsatilishi barobarida, hudud mikroiqlimini shakllantirishda ham o‘z o‘rniga ega bo‘ladigan mazkur loyiha qiymati 12 milliard so‘mga moliyalashtirilgan. Unda o‘nga yaqin tadbirkorlik sub’ekti faoliyati yo‘lga qo‘yilib, jami 100 nafarga yaqin yangi ish o‘rni tashkil etish ko‘zda tutilgan. Ayni kunda “Ye-auksion” dasturi orqali sohil bo‘yi loyihasida ko‘p yillik ijaraga joy rasmiylashtirib berilayotgani ham biznes egalari uchun yaxshi imkoniyat.
Loyiha doirasida dastlab hududdan oqib o‘tuvchi suv inshooti o‘zani betonlashtirilib, yo‘laklar barpo etiladi. Gulzor barpo qilinib, albatta, sohilbo‘yi tungi yoritish chiroqlari, to‘lig‘icha himoya to‘sig‘i, piyodalar yo‘laklari ham barpo qilinadi.
Joriy yilning ikkinchi yarmida to‘liq ishga tushirilishi mo‘ljallangan loyihaning ahamiyati, mahalliy byudjetga 500 million so‘m atrofida daromad kirim qilinib, bunda tijorat egalari va mehmonlar uchun qator savdo va servis, ko‘ngilochar xizmat turlari taklif etiladi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri