Yoshlar ishlari agentligida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Yoshlar parlamentlari a’zolari va agentlik direktori, senator Alisher Sa’dullayev ishtirokida uchrashuv tashkil etildi.
Unda Yoshlar parlamentlarining faoliyati, kelgusidagi rejalar va uni yangi bosqichga olib chiqish masalalari muhokama qilindi.
Ma’lumki, o‘tgan davr mobaynida ushbu tuzilma yoshlarning siyosiy-huquqiy bilim va ko‘nikmalarini yuksaltirish, ularni qonun ijodkorligi jarayoniga jalb etish, yangi qabul qilingan qonunlarni yoshlar orasida targ‘ib qilish orqali yigit-qizlarning jamiyat hayotidagi daxldorligini kuchaytirishga xizmat qiladigan muhim institut sifatida shakllandi.
Eng muhimi, mamlakatimiz parlamentarizmida o‘z o‘rnini topdi va tom ma’noda, parlament va yoshlar o‘rtasida ko‘prik vazifasini o‘tamoqda.
Uchrashuvda parlament a’zolari tomonidan teng imkoniyatlar yaratish, ekologik loyihalarni qo‘llab-quvvatlash, huquqiy savodxonlikni oshirishga oid podkastlar tayyorlash, yangi qonun hujjatlarini muhokama qilish uchun platformalar tashkil etish va moliyaviy yordam masalalari yuzasidan takliflar bildirildi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA