Fransiya Prezidenti, Germaniya Kansleri, Britaniya va Ispaniya Bosh vazirlari sobiq “Twitter” – hozirgi X ijtimoiy tarmog‘ida amerikalik milliarderga nisbatan salbiy fikrlar yozib qoldirdi.
Emmanuel Makron, ismini aytmagan holda, Maskni “yangi reaksion xalqaro jamiyat”ni qo‘llab-quvvatlashda aybladi, deb yozdi “Euronews”.
– O‘n yil oldin dunyodagi eng yirik ijtimoiy tarmoqlardan birining egasi yangi reaksion xalqaro tashkilotni qo‘llab-quvvatlashi, siyosiy jarayon, jumladan Germaniyadagi saylovga bevosita aralashishini kim ham tasavvur qila olardi?! – dedi farang yetakchisi.
Ispaniya hukumati rahbari Pedro Sanches ham shu mazmundagi iborani takrorladi: Reaksion xalqaro tuzilma, Prezident Makron aytganidek, sayyoramizning eng boy odami boshchiligida bizning institutlarimizga ochiqdan-ochiq hujum qilmoqda, nafrat qo‘zg‘atmoqda va keyingi saylovda Germaniyadagi natsizm merosxo‘rlarini ochiqdan-ochiq qo‘llab-quvvatlashga chaqirmoqda.
Saylangan Prezident Donald Trampning g‘alabasidan so‘ng Mask qator hayratlanarli bayonotlar bilan chiqdi.
Rojdestvo munosabati bilan odamlarga to‘lib-toshgan Magdeburgdagi bozorga uyushtirilgan hujumdan so‘ng Germaniya Kansleri Olaf Sholsni “qobiliyatsiz ahmoq”, deb atagan ham shu milliarder va Trampning yaqin do‘stidir.
Tesla xo‘jayini Buyuk Britaniya Bosh vaziri Key Starmerni ham nishonga olib, uni o‘tgan asr 90-yillarida prokuror bo‘lib ishlagan vaqtida, kelib chiqishi pokistonlik erkaklar tomonidan 1500 dan ko‘p voyaga yetmagan qiz jinsiy ekspluatatsiyaga uchratilganda “beparvolik” qilgani uchun aybladi.
Bu “aytishuvlar” asnosida Berlin Maskning “noto‘g‘ri bayonoti”ni, London esa “yolg‘on ma’lumoti”ni qoraladi.
Maskning Germaniyadagi saylov kampaniyasiga aralashuvi to‘g‘risidagi farazlar navbatdagi ziddiyatni yuzaga keltirmoqda. Bugun u o‘zi ochiqdan-ochiq qo‘llab-quvvatlayotgan Germaniyaning o‘ta o‘ngchi “Germaniya uchun muqobil” (AfD) partiyasi hamraisi Elis Vaydel bilan suhbatni X telekanalida to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatadi.
Musulmon Ziyo, O‘zA