Xitoyning yetakchi ommaviy axborot vositalari, jumladan, “People’s Daily” va “Beijing Youth Daily” gazetalari, shuningdek, eng yirik va eng nufuzli davlat axborot agentligi “Sinxua” bo‘linmasi O‘zbekiston bilan turizm sohasidagi hamkorlikni mustahkamlashga bag‘ishlangan maqolalar e’lon qildi.

Xususan, Pekinda “Xitoyda O‘zbekiston turizm yili”ning ochilish marosimi hamda Xitoy-O‘zbekiston turizm sarmoya forumi o‘tkazilgani haqida xabar berildi.

Xitoy nashrlarining xabar berishicha, “Ctrip” kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, noyabr oyi holatiga kelib, ushbu kompaniya platformasi orqali O‘zbekistonga tashrif buyurgan sayyohlar soni o‘tgan yilga nisbatan 188 foizga oshgan.

Sayyohlar asosan Xitoyning Pekin, Shanxay, Chjetszyan, Guandun va Szyansu kabi iqtisodiy rivojlangan hududlaridan tashrif buyurgan. Asosiy sayohatchi guruhlarining xususiyatlari O‘zbekistonning to‘lov qobiliyati yuqori bo‘lgan yoshlar orasida tobora ommalashib borayotganini ko‘rsatmoqda. O‘zbekistonga tashrif buyurgan sayyohlarning 80 foizdan ortig‘i “Platinum” va undan yuqori toifadagi platforma a’zolari bo‘lib, 65 foizdan ortig‘i yuqori toifali mehmonxonalarda qolishni afzal ko‘rishgan.

Maqolalarda shuningdek, O‘zbekiston va Xitoy ikki davlat fuqarolari uchun vizasiz rejim joriy etish to‘g‘risida bitim imzolagani ta’kidlangan. Bu qadam ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishda muhim bosqich bo‘lib, sayyohlik almashinuvlari uchun yangi imkoniyatlar yaratadi hamda ikki mamlakat xalqlari o‘rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlaydi.

Shuningdek, Amerikaning nufuzli “CNN” nashri ham O‘zbekiston o‘zining noyob me’moriy merosi bilan sayyohlar uchun jozibador joy sifatida e’tibor tortayotgani haqida maqola chop etdi. Maqolada Toshkent bo‘ylab sayohat qilish o‘rta asrlar va sovet davri oriyentalizm, modernizm, futurizm va neoklassitsizm namunalari bilan to‘ldirilgan arxitektura kitobini varaqlash bilan o‘xshashi, dizayn ixlosmandlari uchun karusel kabi bir mo‘’jiza o‘zini boshqa bir mo‘’jiza bilan almashtirishi qayd etilgan.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda o‘zining tarixiy binolarini restavratsiya qilish va asrab-avaylash ishlari jadal olib borilmoqda. Bu esa mamlakat imijini yuksaltirishga, me’morchilik uslublari va madaniy merosining rang-barangligiga qiziquvchi xorijlik sayyohlarni jalb etishga xizmat qilmoqda.

O‘zbekistondagi arxitektura loyihalariga global e’tibor turizmni rivojlantirish va iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish uchun yangi imkoniyatlar ochmoqda. Tarixiy merosni asrab-avaylash va ekologik tozalikni ta’minlashga qaratilgan zamonaviy loyihalar nafaqat hudud tarixi va madaniyati, balki arxitekturadagi ekologik toza yechimlarga qiziquvchi sayyohlarni jalb etishda muhim vositaga aylanmoqda.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA