Joriy yilning 28 sentyabr- 3 oktyabr kunlari “Ipak yo‘li durdonasi” XIII Toshkent xalqaro kinofestivali bo‘lib o‘tdi.

Toshkent xalqaro kinofestivalining yopilish marosimida  festival ishtirokchilari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga murojaat yo‘lladi. Murojaatni mashhur rus kinorejissyori va prodyuser Timur Bekmambetov o‘qib eshittirdi.

Unda ishtirokchilar mamlakatimiz rahbariga ushbu afsonaviy kinofestivalning qayta tiklangani munosabati bilan minnatdorlik bildirdi.

“Qariyb chorak asrlik tanaffusdan so‘ng, Sizning tashabbusingiz bilan qayta tiklangan “Ipak yo‘li durdonasi” XIII Toshkent xalqaro kinofestivali ellikka yaqin mamlakat kino ijodkorlarini jamladi. Hafta davomida O‘zbekiston ekranlarida jahon kinematografiyasining so‘nggi yillarda suratga olingan eng sara asarlari namoyish etildi, sohadagi o‘zgarishlar haqida fikr almashildi, yoshlar uchun mahorat darslari tashkil etildi. Festival tufayli dunyoni qamrab olgan pandemiya sababli bir-birini uzoq vaqtdan beri ko‘rmagan insonlar yana uchrashishdi, uzoq kutilgan do‘stona uchrashuvlar va yangi tanishuvlar bo‘lib o‘tdi. Shuningdek, ushbu kinofestival Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasi mamlakatlari Toshkent xalqaro kinofestivalining barcha an’analarini o‘zida mujassam etganini va xalqaro talablar va standartlar asosida yuqori saviyada o‘tkazilganini mamnuniyat bilan qayd etmoqchimiz”,  deyiladi murojaatda.

Shuningdek, ishtirokchilar O‘zbekistonda amalga oshirilgan keng ko‘lamli o‘zgarishlar va islohotlarni qayd etdi: “O‘zbekiston viloyatlariga sayohat davomida shaharlar qiyofasi va mamlakatingiz qanday darajada o‘zgarganini o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rdik. Biz o‘zbek xalqining mehmondo‘stligiga, samimiyligiga yana bir bor guvoh bo‘ldik. Ayniqsa, yoshlar va ularni qo‘llab-quvvatlash uchun Siz yaratgan sharoitlar bizda katta taassurot qoldirdi.

Biz, soha vakillari kino sanoati va kinematografiyani qo‘llab-quvvatlayotganingiz, jumladan, yaqinda 100 yilligini qarshi oladigan «O‘zbekfilm» studiyasining qayta tiklanishi, texnik jihozlanishi, Butunrossiya davlat kinematografiya institutining Toshkentda filiali ochilishi, Kino fondining qayta tiklanishi va o‘zbek filmlarining etalon nusxalarini qaytarilganligi uchun samimiy minnatdorlik bildiramiz.

Ayniqsa, O‘zbekistonda boshqa davlatlar bilan hamkorlikda kino ishlab chiqarishnining yaxshi an’analari qayta tiklanganini, jumladan, bo‘lib o‘tgan kinoforumning o‘zida 10 dan ortiq muhim hujjatlar imzolanganini alohida ta’kidlab o‘tish lozim, erishilgan kelishuvlar kinematografiya sohasidagi xalqaro hamkorlikka yangi turtki beradi”.

Xulosa qilib aytganda, kinofestival ishtirokchilari O‘zbekiston kino sanoati dunyodagi eng rivojlangan tarmoqlardan biriga aylanishi uchun barcha sa’y-harakatlarni amalga oshirishga tayyor ekanliklarini bildirdi.

 

Kinematografiya agentligi Axborot xizmati

O‘zA