Poytaxtimizda XIII Toshkent xalqaro kinofestivali yakuniga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirga festival ishtirokchilari, xorijlik mehmonlar, kino arboblari taklif etildi.
Bugun mamlakatimizda jadal islohotlar, yangilanishlar jarayoni kechmoqda. Bu islohotlar madaniyat va san’at sohasini qamrab olayotgani bilan ham ahamiyatlidir. “Tinchlik, taraqqiyot va ma’rifat uchun” shiori ostida tashkil etilgan mazkur xalqaro kinofestival 50 ga yaqin davlat kinoijodkorlarini o‘z atrofida birlashtirdi. Yangilanib borayotgan O‘zbekistonimizda kechayotgan o‘zgarishlarga hamohang bo‘lgan mazkur shior jahon kinematografiyasi san’atidagi eng yaxshi ekran asarlarini tomoshabinlarga taqdim etdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Festival doirasida ko‘plab davlatlarning milliy kino kunlari bo‘lib o‘tdi. Hujjatli, qisqa metrajli filmlar namoyishlari kinoning naqadar keng va rang-barang soha ekanligini yana bir karra namoyon etdi. “Kino 5 kunda” ijodiy loyihasi yoshlarning kinoga bo‘lgan mehri va ishtiyoqini tobora kuchaytirdi. Jahon kino ustalari ishtirokidagi muloqot va uchrashuvlar, mahorat darslari ko‘pchilik havaskorlar qalbiga chinakam mehr chirog‘ini yoqdi, desak ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz. Festival mamlakatimiz bo‘ylab kino san’atining katta bayrami sifatida o‘tkazilgani yangi-yangi ijodiy loyihalar, hamkorlikning yangi istiqbollariga keng imkoniyat,zamin yaratadi,albatta.
Kino bayramining barcha ishtirokchilari Toshkent xalqaro kinofestivalini yuksak saviyada o‘tkazishga amaliy e’tibori uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga minnatdorlik bildirib, kelgusi festivalni intiqlik bilan kutishini bildirdi.
O‘zbekiston Kinematografiya agentligi bosh direktori F.Abduxoliqov “Ipak yo‘li durdonasi” Toshkent xalqaro kinofestivali yuqori ruhda o‘tganini jahon kinosining atoqli namoyandalari qayd etganini ta’kidladi.
– Ushbu kinofestival Prezident Shavkat Mirziyoyevning shaxsan e’tiborida ekani diqqatga sazovor,–- dedi hindistonlik kinorejissyor Umesh Mehra. – Uning juda baland ruhda o‘tgani O‘zbekiston rahbariyati Kinematografiya san’ati rivojiga juda mas’uliyat bilan yondashayotganini anglatmoqda. Festival turli mamlakat kinochilari o‘rtasidagi hamkorlikning yanada mustahkamlanishiga zo‘r turtki berdi.
— Toshkent xalqaro kinofestivali jahon kinematografiyasining eng sara elitasini o‘ziga jalb etdi, – dedi gruzin kino arbobi David Jonilidze.– Festival kunlari muloqotlarga, uchrashuvlarga juda boy bo‘ldi. Ijodkor uchun o‘zaro fikr va tajriba almashish juda yaxshi narsa.
– Toshkent xalqaro kinofestivali biz kutganimizdan ham a’lo darajada o‘tdi,– dedi belaruslik kino arbobi Vladimir Karachevskiy. – Uning ochilishida Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ishtirokchilarga tabrik yo‘llangani barchani ruhlantirib yubordi. O‘zbekiston kino san’ati rivojlanish yo‘lida ekaniga barcha ishtirokchilar o‘zlari guvoh bo‘ldilar. Bu festivalning shunday yuksak saviyada tashkil etilgani uchun mamlakat yetakchisi va tashkilotchilardan g‘oyat minnatdormiz.
–- Festival filmlarini saralashda barchaga manzur bo‘ladigan kartinani tanlashga alohida e’tibor qaratdik, – dedi rossiyalik kinorejissyor, Xalqaro kinofestival hakamlar hay’ati raisi Timur Bekmambetov. – Va shuni mamnuniyat bilan aytamanki, barcha uchun manzur bo‘ladigan filmni topdik.
“Ipak yo‘li durdonasi” XIII Toshkent xalqaro kinofestivali yakuniga ko‘ra, yigirmadan ziyod eng sara filmlar mukofot, statuetka va pul mukofoti bilan taqdirlandi. Festival bosh sovrini – Gran-prisiga o‘zbekistonlik Sherzod Nazarov “Ipak yo‘lida” filmi uchun munosib topildi.
Toshkent xalqaro kinofestivalining tantanali yopilish tadbiri lazerli shou, katta bayram, musiqa, raqs, kino bayrami tarzida bo‘lib o‘tdi.
Toshkent xalqaro kinofestivali yopilishi marosimida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov ishtirok etdi.
Nazokat Usmonova,
O‘zA