«Ipak yo‘li durdonasi» Toshkent xalqaro kinofestivali doirasida “Kino 5 kunda” ijodiy tanlovi start oldi.
Ushbu tanlovda dunyoning 22 mamlakatidan kelgan, xalqaro kinofestivallarda sovrinlarni qo‘lga kiritgan yosh rejissyorlar ishtirok etmoqda. Ular “Buyuk ipak yo‘li” mavzusida qisqa metrajli filmlarni suratga olishlari mumkin. Ayni paytda yosh kinochilar uchun yangilanib borayotgan O‘zbekistonimizdagi shiddatli islohotlarning ko‘lami bilan batafsilroq tanishish, ularni ijod namunalarida aks ettirish imkoniyati ham yaratiladi.
Yosh rejissyorlar Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xiva, Navoiy, Farg‘ona, Namangan kabi shaharlarga va Ipak yo‘li bilan bog‘liq boshqa joylarga tashrif buyuradi. Bundan tashqari, dastur ishtirokchilari o‘z kino tasmalarini “Yangi avlod kinosi” festivali doirasida namoyish qiladi.
Tanlovda Ozarbayjon, Armaniston, Belarus, Bolgariya, Germaniya, Hindiston, Eron, Ispaniya, Qozog‘iston, Keniya, Qirg‘iziston, Marokash, Meksika, Rossiya, Tojikiston, Ukraina, Filippin, Fransiya, Shveysariya, Estoniya, Janubiy Koreya va Yaponiyadan kelgan rejissyorlar ishtirok etadi.
– Ushbu festival ijodkorlarning o‘zaro fikr almashishi uchun imkon yaratishi bilan birga ko‘plab iste’dodlarni ham kashf etishni ko‘zlayotgani diqqatga sazovor, – dedi rossiyalik kinoijodkor Yevgeniya Markova.– Mazkur Toshkent xalqaro kinofestivalida yoshlar uchun ham keng imkoniyatlar eshigi ochib berilayotgani, turli ijodiy tanlovlar, mahorat darslari, seminarlar tashkil etilishi ko‘zda tutilayotgani diqqatga sazovordir.
Xalqaro hakamlar hay’atiga jahon miqyosida shuhrat qozongan san’at arboblari, artistlar, olimlar, san’atshunoslar, sohaning eng yetuk mutaxassislari jalb qilingan.
Xalqaro hakamlar hay’ati a’zolari va tomoshabinlarning e’tirofini qozongan yosh kinoijodkorlarni taqdirlash uchun har bir qo‘shimcha nominatsiyaga maxsus mukofotlar qo‘yilgan.
Kinofestival doirasida o‘tkaziladigan tanlov g‘oliblari diplomlar, statuetkalar, pul mukofotlari bilan taqdirlanadi.
Nazokat Usmonova, O‘zA