O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 16 iyul kuni “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusidagi xalqaro konferensiyada ishtirok etgan xorijiy mamlakatlar tashqi ishlar vazirlari, hukumatlar va nufuzli xalqaro tashkilotlar vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.

Yevropa komissiyasi vitse-prezidenti, Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakili Jozep Borrel bilan muloqotda ko‘p qirrali O‘zbekiston – YeI hamkorligining dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Jozep Borrel davlatimiz rahbariga Yevropa kengashi Raisi Sharl Mishel va Yevropa komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayenning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi hamda O‘zbekiston yetakchisining Markaziy va Janubiy Osiyo bog‘liqligini mustahkamlash borasidagi global tashabbusi muhim ahamiyatga ega va o‘z vaqtida ilgari surilayotganini ta’kidladi.

Uchrashuvda keyingi yillarda O‘zbekiston va YeI sherikligi jadal sur’atlar bilan rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Ko‘p qirrali hamkorlikni, eng avvalo inson kapitali va demokratik yangilanishlar, biznes, investitsiya va innovatsiyalarni ilgari surish, “yashil” taraqqiyot, ekologiya, madaniy almashinuv va boshqa yo‘nalishlarda yanada kengaytirish muhim ekani ta’kidlandi. O‘zbekiston va Yevroittifoq o‘rtasida kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi yangi bitim bo‘yicha muzokaralar yakuniga yetayotgani ma’lum qilindi.

Xalqaro kun tartibi yuzasidan ham batafsil fikr almashildi. Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatishga ko‘maklashish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Rossiya Federatsiyasi tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovni qabul qildi.

Ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Tashqi ishlar vaziri davlatimiz rahbariga Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

Bo‘lajak oliy darajadagi sammitga tayyorgarlik ko‘rish, qo‘shma dastur va loyihalarni, eng avvalo savdo-iqtisodiy va madaniy gumanitar sohalarda ilgari surishga alohida e’tibor qaratildi.

Afg‘onistondagi vaziyat keskinlashishi sharoitida mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish masalasi ko‘rib chiqildi.

Davlatimiz rahbari Hindiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Subramanyam Jayshankarni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari O‘zbekiston – Hindiston strategik sheriklik va ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlari oliy darajadagi muntazam muloqotlar davomida erishilgan kelishuvlarga muvofiq izchil rivojlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.

Vazir Jayshankar O‘zbekiston yetakchisiga Hindiston Bosh vaziri Narendra Modining salomi va samimiy tilaklarini yetkazdi.

O‘zbekistonning Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi bog‘liqlikni, shuningdek, Afg‘onistonda tinchlikka erishish va ushbu mamlakat iqtisodiyotini tiklashga qaratilgan mintaqaviy loyihalarni ilgari surish borasidagi sa’y-harakatlari yuksak baholandi.

Uchrashuvda ikki mamlakat hududlarini faol jalb qilgan holda investitsiyalar, innovatsiyalar, savdo, biznes, logistika, axborot texnologiyalari, sog‘liqni saqlash va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish muhimligi ta’kidlandi.

Mamlakatlarimiz “Hindiston – Markaziy Osiyo” formatidagi samarali muloqotni davom ettirishdan manfaatdor ekani qayd etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – tashqi ishlar vaziri Muxtor Tleuberdini qabul qildi.

O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Tashqi ishlar vaziri Muxtor Tleuberdi davlatimiz rahbariga Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev va Birinchi Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyevning salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.

Bo‘lajak oliy darajadagi tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rish, shuningdek, ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy kooperatsiya loyihalari va o‘zaro manfaatli hamkorlik dasturlarini ilgari surishga alohida e’tibor qaratildi.

Afg‘onistondagi vaziyatdan kelib chiqib mintaqa kun tartibidagi masalalar hamda avgust oyining boshida Turkmanistonda o‘tkaziladigan navbatdagi Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchilarining Maslahat uchrashuviga tayyorgarlik masalasi ko‘rib chiqildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi raisining o‘rinbosari, tashqi ishlar vaziri Rashid Meredovni qabul qildi.

Oliy darajadagi muntazam muloqotlar tufayli ko‘p qirrali O‘zbekiston – Turkmaniston yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlari izchil mustahkamlanib borayotgani alohida ta’kidlandi.

Rashid Meredov davlatimiz rahbariga Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuxamedovning salomi va samimiy tilaklarini yetkazdi. O‘zbekiston yetakchisining Markaziy va Janubiy Osiyo bog‘liqligini rivojlantirish borasidagi tashabbuslari yuksak baholandi.

Ikki mamlakat o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi. Qo‘shma hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishini o‘tkazish muhimligi qayd etildi.

Joriy yilning 6 avgust kuni “Avaza” milliy turizm zonasida o‘tkaziladigan Markaziy Osiyo mamlakatlari davlat rahbarlarining Maslahat uchrashuviga tayyorgarlikning borishi muhokama qilindi.

Afg‘onistonda qaror topayotgan murakkab vaziyat yuzasidan fikr almashildi.

Davlatimiz rahbari Tojikiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muhriddinni qabul qildi.

Joriy yilning 11-12 iyun kunlari Tojikistonga amalga oshirilgan oliy darajadagi tarixiy tashrifning samarali natijalari yuqori baholandi, ular mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlab, aniq mazmun bilan boyitgani ta’kidlandi.

Tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muhriddin davlatimiz rahbari Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmonning birodarlik salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

Uchrashuvda qabul qilingan “yo‘l xaritasi” asosida iqtisodiyotning turli tarmoqlaridagi ustuvor loyihalarni va madaniy-gumanitar almashinuv dasturlarini ilgari surish masalalari muhokama qilindi.

Mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar – Afg‘onistondagi vaziyat hamda Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchilari va Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitlariga tayyorgarlik ko‘rib chiqildi.

Prezidentimiz Qirg‘iz Respublikasi Vazirlar Mahkamasi raisining o‘rinbosari – iqtisodiyot va moliya vaziri Aqilbek Japarovni qabul qildi.

Ikki tomonlama va mintaqaviy hamkorlik masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Aqilbek Japarov O‘zbekiston yetakchisiga Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarovning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

Joriy yil mart oyida o‘tgan oliy darajadagi O‘zbekiston – Qirg‘iziston sammitida erishilgan kelishuvlar va qabul qilingan bitimlarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Sanoat, energetika, qishloq xo‘jaligi, transport va logistika sohalaridagi ustuvor kooperatsiya loyihalarini tez fursatda amalga oshirish, qo‘shma investitsiya kompaniyasi faoliyatini tashkil etish muhim ekani ta’kidlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiya Respublikasi tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho‘g‘lini qabul qildi.

Uchrashuvda ko‘p qirrali O‘zbekiston – Turkiya munosabatlarining dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.

Davlatimiz rahbari Turkiya bilan munosabatlarning samarali va jadal ruhini mamnuniyat bilan qayd etdi. Ikki mamlakat yetakchilarining muntazam muloqoti do‘stlik va strategik sheriklik rishtalarini mustahkamlash, ikki tomonlama hamkorlikni aniq mazmun bilan boyitishga xizmat qilmoqda.

Mavlud Chavusho‘g‘li O‘zbekiston Prezidentiga Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘anning salomi va samimiy tilaklarini yetkazdi.

Uchrashuvda oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashining ikkinchi yig‘ilishiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Mintaqa kun tartibi, shu jumladan, Afg‘onistondagi vaziyat yuzasidan batafsil fikr almashildi.

Ushbu mamlakatda mustahkam tinchlikka erishish va uning iqtisodiyotini tiklash borasida yaqindan hamkorlik qilish muhim ekani ta’kidlandi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni Podshohligi tashqi ishlar vaziri shahzoda Faysal bin Farxon Ol Saudni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari ikki tomonlama aloqalar jadal rivojlanayotgani – o‘zaro muloqot faollashib, ilk yirik investitsiya loyihalari, eng avvalo energetika sohasidagi loyihalar ilgari surilayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.

Vazir Faysal bin Farxon O‘zbekiston yetakchisiga Podshoh Salmon bin Abdulaziz Ol Saudning samimiy salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi hamda Saudiya Arabistoniga rasmiy tashrif bilan kelish taklifini yana bir bor tasdiqladi.

Saudiya tomoni O‘zbekiston Prezidentining Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqaviy bog‘liqligini kuchaytirish borasidagi o‘z vaqtida ilgari surilgan muhim xalqaro tashabbuslarini, shuningdek, Afg‘onistondagi vaziyatni tinch yo‘l bilan hal qilishga ko‘rsatilayotgan har tomonlama ko‘makni yuksak baholashi va qo‘llab-quvvatlashini ta’kidlandi.

Uchrashuvda amaliy hamkorlikni kengaytirish istiqbollari, bo‘lajak oliy darajadagi muloqotlarning kun tartibini boyitish, O‘zbekiston – Saudiya munosabatlarini sifat jihatidan yuksak darajaga ko‘tarish maqsadida yangi loyiha va tadbirlarni tayyorlash masalalari muhokama qilindi.

O‘zbekiston Prezidenti Kuvayt Davlatining tashqi ishlar vaziri, Vazirlar Mahkamasi ishlari bo‘yicha davlat vaziri shayx Ahmad Nosir al-Muhammad as-Sabohni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari ikki mamlakat o‘rtasidagi an’anaviy do‘stona munosabatlarni yanada mustahkamlash muhim ekanini ta’kidladi. Kuvayt tashqi siyosiy idorasi rahbarining ushbu tashrifi muloqot va almashinuvlarning faollashishiga xizmat qilishiga ishonch bildirildi.

Kuvayt tashqi ishlar vaziri O‘zbekiston yetakchisiga Kuvayt Amiri Navaf al-Ahmad al-Jobir as-Sabohning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi hamda Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalari o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirish borasidagi sa’y-harakatlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatladi.

Uchrashuvda amaliy hamkorlikni, eng avvalo savdo, investitsiya va innovatsiyalar, moliya, oziq-ovqat xavfsizligi, axborot texnologiyalari, ta’lim va boshqa sohalardagi aloqalarni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.

Ikki tomonlama Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishini o‘tkazish hamda diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi doirasida qo‘shma tadbirlar dasturini tayyorlashga kelishib olindi.

Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik masalalar yuzasidan konstruktiv ruhda fikr almashildi.

Davlatimiz rahbari Ozarbayjon Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Shaxin Mustafoyev bilan uchrashuv o‘tkazdi.

O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish, mamlakatlarimizning an’anaviy yaqin va do‘stona munosabatlarini yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.

Shaxin Mustafoyev davlatimiz rahbariga Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

Suhbat chog‘ida ikki tomonlama amaliy hamkorlikni kengaytirish, eng avvalo savdo, sanoat, qishloq xo‘jaligi, transport va logistika loyihalarini ilgari surish hamda madaniy-gumanitar almashinuv dasturlarini amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Bo‘lajak oliy darajadagi sammitga tayyorgarlik doirasida Hukumatlararo komissiya va Ishbilarmonlar kengashining navbatdagi yig‘ilishlarini o‘tkazish, birinchi Hududlararo forumni tashkil etish yuzasidan kelishuvga erishildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidentining maslahatchisi Elizabet Shervud-Rendall boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Ikki tomonlama kun tartibining dolzarb jihatlari va xalqaro siyosat masalalari ko‘rib chiqildi. Davlatimiz rahbari keyingi yillarda O‘zbekiston – AQSH strategik sheriklik va ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlari jadal sur’at bilan rivojlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.

Elizabet Shervud-Rendall O‘zbekiston Prezidentiga AQSH Prezidenti Jozef Baydenning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

Prezidentimizning Markaziy va Janubiy Osiyo bog‘liqligini mustahkamlash borasidagi tashabbuslari AQSH ma’muriyati tomonidan yuksak baholanayotgani ta’kidlandi.

Bundan tashqari, mamlakatimizning suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligi, yangi O‘zbekistonni barpo etish bo‘yicha olib borilayotgan islohotlar, Markaziy Osiyoda ishonch, yaxshi qo‘shnichilik va sheriklikni mustahkamlash borasidagi sa’y-harakatlar qat’iy qo‘llab-quvvatlandi.

Uchrashuvda konstruktiv siyosiy muloqotni davom ettirish masalalari, shuningdek, ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirishning amaliy jihatlari, shu jumladan, pandemiyaga qarshi kurashish va aholini emlash, AQSHning yetakchi kompaniya va banklari ishtirokida qo‘shma investitsiya loyihalarini ilgari surish muhokama qilindi.

Afg‘onistonda yuzaga kelgan vaziyat yuzasidan batafsil fikr almashildi.

Prezidentimiz BMT Bosh kotibi o‘rinbosari, Yevropa iqtisodiy komissiyasi (YeIK) Ijrochi kotibi Olga Algayerovani qabul qildi.

Davlatimiz rahbari BMT institutlari bilan keyingi yillarda sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilgan sheriklik jadal rivojlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi. Tashkilot mamlakatimizdagi islohotlarga ko‘maklashayotgani uchun minnatdorlik bildirildi.

Olga Algayerova O‘zbekiston Prezidentiga BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishning salomi va yuksak hurmat-ehtirom so‘zlarini yetkazdi.

Mamlakatimizning global maydondagi nufuzi ortib borayotgani, xalqaro hamjamiyat O‘zbekiston yetakchisining, shu jumladan, Markaziy va Janubiy Osiyo bog‘liqligini kuchaytirish bo‘yicha tashabbuslarini keng qo‘llab-quvvatlayotgani ta’kidlandi.

Ijrochi kotib Orolbo‘yini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi sifatida e’lon qilish bo‘yicha BMT Bosh Assambleyasining rezolyutsiyasi qabul qilinganini hamda O‘zbekistonning Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun BMT Maxsus komissiyasidagi (SPEKA) raisligini yuksak baholadi.

Uchrashuvda O‘zbekiston va YeIK o‘rtasida Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish va pandemiya oqibatlarini yengib o‘tish borasida, jumladan, iqtisodiyot, savdo va transport, innovatsiyalar, ekologiya va boshqa sohalar bo‘yicha o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.

Bangladesh Xalq Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abul Kalom Abdul Mo‘min bilan uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish va mintaqa kun tartibidagi masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Tashqi ishlar vaziri Bangladesh Prezidenti Abdul Hamid va Bosh vaziri Shayx Hasina Vazedning samimiy salomini yetkazdi.

O‘zbekiston Prezidentining Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalari bog‘liqligini rivojlantirish borasidagi tashabbusi har tomonlama qo‘llab-quvvatlandi.

Almashinuvlarni faollashtirish, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda qo‘shma loyiha va dasturlarni ilgari surish orqali amaliy hamkorlikni kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi.

 

O‘zA