“Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik. Tahdid va imkoniyatlar” xalqaro anjumani davomida boshqa oliy darajali ishtirokchilar qatorida Pokiston davlati Bosh vaziri Imron Xon ham ishtirok etdi.
Imron Xon o‘z nutqini mazkur anjumanni o‘tkazish to‘g‘risidagi Prezident Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi qanchalik muhim ahamiyatga ega ekanligini e’tirof etish bilan boshladi. «Prezident Shavkat Mirziyoyevning anjumanni o‘tkazish to‘g‘risidagi tashabbusi o‘z vaqtida qilingan o‘ta muhim tashabbus bo‘ldi. Mazkur anjuman barcha o‘zaro aloqalarni, Markaziy Osiyo va uning tashqarisida qachonlardir nafaqat tovar ayirboshlash, balki fikr-mulohazalar, bilimlar bilan o‘rtoqlashishga yordam bergan o‘sha qadimiy ipak yo‘lini tiklash uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi”, deya ta’kidladi Imron Xon.
Bundan tashqari, Bosh vazir Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalarida taraqqiyotga erishishning transport-kommunikatsiya tarmoqlarini rivojlantirish, mamlakatlar o‘rtasida savdo va tranzitni ilgari surish, investitsiyalarni jalb qilish va shu kabi yo‘llarini sanab o‘tdi.
Imron Xon shuningdek, mintaqada geoiqtisodiyotning geosiyosatdan ustun bo‘lishi muhimligini ta’kidlab, bu kun tartibini mustahkamlashga xizmat qilishini bildirdi.
O‘z nutqi yakunida Imron Xon Markaziy va Janubiy Osiyodagi Afg‘oniston masalasi, Pokiston va Hindiston o‘rtasidagi hal etilmagan nizolar kabi qator muammolarni qayd etdi.
Gulrux Abdullayeva, O‘zA