Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida qishloq xo‘jaligi, tadbirkorlik va xizmatlarni rivojlantirish orqali aholi bandligini ta’minlash hamda chorva, parranda va baliq mahsulotlarini ko‘paytirish bo‘yicha vazifalar ijrosiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi davom etmoqda.
bugungi yig‘ilishni tom ma’noda tarixiy deyish mumkin. Shuning uchun viloyat va tuman hokimlari ushbu yangi yer islohoti hisobidan nechta ishsiz aholini band qilishi va qancha bozorbop mahsulot yetishtirishini aniq hisob-kitobini qilishi zarur.
Bunda, mahsulotlarga eksportyorlar va klasterlar buyurtmachi bo‘lishi kerak. Ular mahsulot yetishtirish uchun zarur bo‘lgan barcha moddiy resurslarni yetkazib beradi va mahsulotni sotib oladi.
–Viloyatlar va tumanlar hokimlari, sektor rahbarlari g‘alladan bo‘shagan maydonlarni ishsiz aholiga adolatli ajratib, ularga eksportyor va klasterlarni biriktirsin, –dedi Prezidentimiz.
Umuman, g‘alladan bo‘shaydigan yerlarning 800 ming gektari ishsiz aholiga bozorbop takroriy ekin ekish uchun beriladi.Bunda, ishsiz aholi va yoshlarga yerni ijaraga bergan klaster hamda fermerlar, ushbu yer maydoni uchun soliqdan ozod qilinadi.
Bu orqali qariyb 1,5 million aholini mavsumiy ish bilan ta’minlab, daromadli qilish mumkin.
– Shu paytgacha tadbirkorlar uchun og‘ir muammo bo‘lib kelgan – yer uchastkalarini ajratish masalasini hal qilish bo‘yicha kecha farmonni imzoladim, –dedi davlatimiz rahbari.–Endi tadbirkorlik uchun yerlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri va tekinga berish amaliyotidan butunlay voz kechiladi va yerlar hamma uchun bir xil va oshkora, elektron auksion orqali xususiy mulk qilib sotiladi yoki ijaraga beriladi.
Tuman va shahar hokimlarining yer ajratish va ularni qaytarib olish bilan bog‘liq barcha vakolatlari bekor qilindi.
O‘zA