Sharof Rashidovning shaxsiy vrachi «Vremya» axborot dasturining O‘zbekistondagi muxbiri bilan Toshkent metrosining Hamid Olimjon bekatida uchrashganida Sharof akaning oilasi tushib qolgan ahvol haqida unga nima dedi? Bu haqda bilishni istasangiz jurnalist Irismat Abduxoliqovning O‘zA saytida bugun berilayotgan “Sharof Rashidov. Haqiqat va rivoyat” asaridan olingan lavhani o‘qib, bilib olishingiz mumkin.
Mazkur material haqidagi fikr-mulohazalaringizni bizga yozib yuborsangiz yoki telefon orqali qo‘ng‘iroq qilib munosabatingizni bildirsangiz minnatdor bo‘lar edik.
Elektron pochta: info@uza.uz
Telefon raqami: (0371) 233-06-14
Shu o‘rinda Sharof akani «ko‘zbo‘yamachi, poraxo‘r, korrupsiyachi» deb ayblaganlar uchun bir mulohazani aytib o‘tishim shart. Gap shundaki, u kishining o‘limidan keyin 25 yil mobaynida o‘zlari yashagan davlat uyidan haydab chiqarilgan oilasi – turmush o‘rtog‘i Xursand opa bilan o‘g‘li Ilhomjon uzoq yillar Toshkentdagi ikki xonali davlat xonadonida siqilib yashashdi.
Bir kuni metroning «Hamid Olimjon» bekatida poyezd kutib turganimda Sharof akaning sobiq shaxsiy vrachi nevarasi bilan kelib qoldi. Salomlashib, hol-ahvol so‘raganimda u so‘rovimga xushlamaygina javob berdi.
– Tinchlikmi, nega kayfiyatingiz yo‘qroq?
– Ketyapman.
– Qayerga?
– Vatanga, Ukrainaga.
– Toshkent-chi, O‘zbekiston-chi? Shunday qadrdon bo‘lib qolgan joyni tashlab-a?
– Mana bularni, – deb nevarasiga imo qildi, – ularning kelajagini o‘ylayapman.
– Iye, bu yog‘i nima bo‘ladi?
– Bilmadim, bu gapni sizga aytsammi-aytmasammi, – deb biroz sukut saqladi-da, gapida davom etdi: – O‘tgan kuni oldimga Sharof Rashidovning o‘g‘li Ilhom keldi. U uyimni sotib olmoqchi bo‘lyapti. Pulini bo‘lib-bo‘lib bermoqchi.
– Iye, u kvartirani nima qiladi?
Bu savolimga keksa shifokor yelkasini qisib qo‘ydi, xolos. Shunda unga Sharof akaning 75 yilligini nishonlash arafasida yubiley marosimini o‘tkazish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasida bo‘lib o‘tgan yig‘ilish tafsilotlarini so‘zlab berdim. Majlisda Oqil aka Salimov: «Xudoga shukr, mana shunday kunlarga ham yetib keldik. Hukumat Sharof akaning yubileyini o‘tkazish bilan u kishining nohaq qoralangan nomini poklamoqda. Hamma qilinadigan tadbirlar juda savobli. Lekin Sharof akaning oilasi – turmush o‘rtog‘i Xursand opa bilan o‘g‘li Ilhomjon shu kunga qadar ikki xonalik tor davlat kvartirasida qiynalib yashamoqda. German Lopatin nomidagi ko‘chadagi besh qavatli uyda Sharof akaning 25 yil yashagan kvartirasi bor. Vafotidan keyin shu kvartira oilasidan olib qo‘yilgan edi. U uyning devoriga Sharof Rashidovning xotirasiga bag‘ishlab marmar taxta ham o‘rnatilgan. Yubiley tadbirlari o‘tishi arafasida ana shu uy oilasiga qaytarib berilsa, Sharof akaning ruhi shod bo‘lgan bo‘lar edi» degan taklifni bildirdi. Bu taklifni barcha qo‘llab-quvvatladi. Lekin kimdir: «Axir, bu uy boshqa odam tomonidan xususiylashtirib olingan-ku», – dedi. Shunda yana birov: «Uning egasiga bitta kottej qurib berilsa, «jon-jon» deb almashishga rozi bo‘ladi. Chunki u yerda Sharof akaning izlari bor, hukumat qarori bilan o‘rnatilgan memorial marmar taxtasi turibdi», – dedi. Zaldagilar bir ovozdan «Uy oilasiga qaytarib berilsin» degan fikrni bildirishdi.
– Axir, masala hal bo‘lgan edi-ku, – dedim kuyunib.
U kishi miyig‘ida mayin kuldi-da:
– Aytganlaringizning hammasi qog‘ozdagi quruq gaplar, – deb xo‘rsinib qo‘ydi. – Mana, necha yil o‘tyapti, Ilhom hamon onasi bilan ikki xonalik davlat uyda qiynalib yashayapti. Kvartirani idoramga ofis qilib olaman deyapti. Lekin uy masalasida ancha qiynalib qolgan…
Men uzoq vaqt Sharof akaning shaxsiy shifokori gaplarining ta’siri ostida yurdim. Axir, Sharof aka poraxo‘r bo‘lsa, uning dang‘illama uchastkalari, tonna-tonna oltin-brilliantlari, million-million miqdordagi mablag‘lari bo‘lishi kerak edi-ku!.. Xotini va bola-chaqasiga kattaroq kulba ham qoldirib ketmagan ekan-ku! Ukasi Asil Rashidov ham hanuzgacha 1966-yilgi zilziladan keyin qurilgan ko‘p qavatli uydagi kvatirasida turadi.
Ikkinchi jahon urushining qatnashchisi bo‘lgan, chorak asr O‘zbekistonga rahbarlik qilgan Sharof Rashidovning 25 – 30 yil yashagan uy-joyi olib qo‘yilganiga nima deysiz?! Vafotidan keyin uning oilasiga bitta kvartirani davlatning o‘zi berishi kerak emasmidi?!
Sharof akaning shaxsi haqida gap ketganda yana bir kichik lavhani yodga olmoqchi edim. Bir kuni meni markazqo‘mga chaqirishdi. Idoraga kirishga ruxsatnoma yozdirib olish uchun bino oldiga kelganimda ruxsatnoma xonasi oldida ozg‘ingina, bug‘doyrang, xatti-harakatidan kamtarligi sezilib turgan bir qiz ham turgan ekan. Men uni tanidim – Sharof akaning Sayyora ismli qizi edi. U meni tanimasligi sababli salomlashmadik. Sayyora Sharofovna ruxsatnoma yoziladigan oynaband xonadan negadir parishonxotirroq bo‘lib chiqdi. Sezishimcha, «otangiz ishda yo‘q» deb ruxsatnoma yozib berishmagan. Shu payt bino oldiga hukumat mashinalari yetib keldi. Kutib turganlar oldiga bir militsiya xodimi yugurib kelib: «Bu yerda turmanglar, ichkariga kiringlar. Binoga Sharof Rashidov kelyapti», – deb bizni binoning ichkarisiga kirishga majbur qildi.
Meni hayron qoldirgan narsa shu bo‘ldiki, Sayyora opa shundan keyin ham hech qanday e’tiroz bildirgani yo‘q. Militsiya ko‘rsatmasiga itoatkorona bo‘ysunib, indamay ruxsatnoma xonasida kutib o‘tirdi. Holbuki: «Men falonchining qizi bo‘laman. Menga bunday muomala qilmanglar», – deb aytsa ham bo‘lar edi-ku.
Mashinalar bino hovlisiga kirib ketgach, birozdan so‘ng xodimlar u kishiga ruxsatnomani berishdi. Bu uyda o‘rnatilgan tartib-qoida va tarbiya mahsuli edi.
Oradan ko‘p yillar o‘tdi. Sayyora opa Moskvada o‘qishini bitirib, nomzodlik dissertatsiyasini yoqlab keldi. Avval O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Kimyo polimerlari fizikasi institutida oddiy ilmiy xodim, keyin bo‘lim mudiri, keyin doktorlik dissertatsisini yoqlab, katta ilmiy xodim, so‘ngra institut direktori lavozimida ishladi. Otasi qazo qilgandan 7 yil keyin, 2000-yili O‘zbekiston Fanlar akademiyasining akademigi bo‘ldi.
Men SSSR Teleradioqo‘mitasining O‘zbekistondagi markaziy muxbirlar punktining mudiri lavozimida ishlayotgan vaqtimda ishxonamga mening nomimga rasmiy xat keldi. Unda quyidagi so‘zlar yozilgan edi:
«Muhtaram Irismat Abdumalikovich!
«Elektronika i uskunalar uchun organik materallar» mavzuidagi xalqaro koferensiya tashkiliy qo‘mitasi Sizga ilm-fanning mazkur istiqbolli sohasida xorijiy va sovet, shu jumladan, o‘zbekistonlik olimlarning ilmiy izlanishlariga bag‘ishlangan konferensiya ishini televideniyeda yoritganingiz uchun minnatdorchilik bildiradi. Ushbu reportajning «Intervideniye» kanali orqali ham namoyish etilgani sovet olimlari faoliyatini targ‘ib etishi barobarida ilm-fanning taraqqiyoti va samaradorligini xalqaro miqyosda mustahkamlashga hissa qo‘shadi.
Hurmat bilan,
Tashkiliy qo‘mita raisi o‘rinbosari, Fanlar akademiyasi Kimyo polimerlari fizikasi instituti direktori
S.Sh.Rashidova»
Hayotda ko‘rgan va eshitganlarimni tahlil qilish jarayonida taqqoslash uchun Svetlana Iosifovna Alliluyeva va Galina Leonidovna Brejneva va boshqalar haqida yozilgan ta’rifu tavsiflarni birma-bir xayolimdan o‘tkazdim. Ular bir tarafu muhim mavzu bo‘yicha xalqaro miqyosda O‘zbekistonda tashkil etilayotgan ilmiy anjumanlarni televideniyeda yoritgan oddiy jurnalistga hurmat bilan xat orqali minnatdorchilik bildirgan, O‘zbekiston rahbarining qizi, taniqli olima, hamkasblarining yuksak bahosiga sazovor bo‘lib, ilmdagi eng yuksak – akademik unvoni berilgan Sayyora Sharafova bir taraf. Vaholonki, bu masalaga umuman e’tibor bermasligi yoxud yordamchilari orqali qo‘ng‘iroq qilib qo‘ysa bo‘lar edi. Oddiy bir muxbirga bunday hurmat-izzat ko‘rsatish oila tarbiyasi natijasidir. Xalqimiz bekorga «Hurmat qilsang hurmat topasan» demagan. Ota va farzandlar hammani shunday hurmat qildi, o‘z navbatida, o‘zlari ham xalq orasida shunday hurmatga loyiq bo‘lishdi.
Yana bir narsa meni o‘yga toldiradi. Nega O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Qo‘mitasining Birinchi kotibi, KPSS Markaziy Qo‘mitasi Siyosiy byurosi a’zoligiga nomzod bo‘la turib Sharof aka jonajon ukasi, taniqli adabiyotshunos olim, filologiya fanlari nomzodi, mashhur Chingiz Aytmatov asarlarining mohir tarjimoni, Toshkent pedagogika institutining (hozirgi universitet) dotsenti, kamtarin va zahmatkash inson – Asil Rashidovga biron-bir tuzukroq yaxshilik qilgani yo‘q. Sharof aka ukasini juda yaxshi ko‘rar, qattiq hurmat qilar edi. Ota-onalari o‘tgandan keyin Asil aka ancha yillar akasining uyida yashadi, birga turishdi, o‘qidi, ishladi. Ko‘pchilik qatori u ishga doimo oddiy shahar jamoat transportida qatnardi. (Mana, oradan 30 yildan ortiq vaqt o‘tdi. O‘zbekistonda «Neksiya», «Spark», «Lasetti», «Kobalt», «Malibu», «Kaptiva» kabi mashinalar ishlab chiqarilmoqda. Asil aka hamon mashina sotib olgani yo‘q.) Asil Rashidovning filologiya sohasidagi noyob iste’dodi allaqachon e’tirof etilgan. U kishini olimlar Sharof Rashidovning ukasi bo‘lgani uchun emas (bunday munosabatni u kishining o‘zi xushlamaydi), bilimi, qobiliyati va mehnatkashligi tufayli e’zozlashadi. Rashidovning aniqrog‘i, Sharof Rashidovning tug‘ishgan ukasi bo‘lsa-da, bundan mutlaqo foydalanmagani, doimo o‘zi ustida qattiq ishlagani, aqli, to‘plagan bilimi, ilmi, tajribasi, o‘z sohasida jiddiy yutuqlarga erishgani uchun ko‘proq hurmat qilishar edi. Sharof aka ukasini biron-bir institut yoki universitetga rektor, Fanlar akademiyasining muxbir a’zosi, akademik bo‘lishiga yordam berishi mumkin edi. Lekin u bu ishni qilmadi. Asil akaning o‘zi ham buni xohlamas edi. Bu oila farzandlarida katta lavozimdagi ota-ona, aka-ukadan in’om-ehson kutmay o‘zi mehnat qilish, o‘zi biron-bir yutuqqa erishish, boshni mag‘rur ko‘tarib yurish odat edi.
Sharof aka biror odamni mas’uliyatli ishga tayinlayotganida: «Bizni uyaltiradig‘on ishlar qilib yurmang!» – deb nasihat qilar edi. Bu o‘gitni men ham eshitganman.
Sharof aka nafaqat farzandlari, balki aka-uka, tog‘a-jiyanlari, yaqin qarindosh-urug‘larining tarbiyasiga ham alohida e’tibor bergan. O‘g‘li Ilhom aka KGBda ishlar edi. Otasi olamdan o‘tgandan so‘ng Gdlyan va Ivanovning odamlari uning ham oldiga keladi. Sharof akaning jamg‘arma daftarchasida 4 ming rublmi – 40 ming rublmi mablag‘ borligi ma’lum bo‘ladi. Ular bu pulni davlatga topshirishi kerakligini aytishadi. Mard va jasur Ilhom: «Bu halol pullar otamning menga qoldirgan merosi. Ular otamning kechalari ishdan keyin mijja qoqmay yozgan asarlarining qalam haqi, men ularni sizga topshirmayman», – deya bo‘ysunmaydi. Qudratli Andropov ham, uning O‘zbekistonga tashlagan malaylari ham Ilhom akaga hech narsa qila olmadi. Lekin u ishdan ketishga majbur bo‘ldi. U otasining xotirasini hamisha pok saqlashga harakat qildi. Ayrim Siyosiy byuro a’zolarining farzandlariga o‘xshab otasining lavozimidan foydalanib davlat xazinasini o‘marishga, turli serdaromad lavozimlarni qo‘lga kiritishga intilmadi. Otasi ta’qib ostiga olinganda, o‘limidan keyin nohaq tahqirlanganda ham ayrimlarning farzandlariga o‘xshab xorijga ketib qolmadi. Ota-onasini, ona vatanini sotmadi. Boshiga tushgan qismatga mardonavor chidab, otasi jonini fido aylagan O‘zbekistonga xizmat qilishda davom etdi.
Qizi Sayyora Rashidova – kimyo fanlari doktori, taniqli olima qalbidagi barcha ginayu kuduratlarni yengdi, tuhmat va haqoratlarga sabot bilan chidadi. Avval ilm bilan shug‘ullandi, keyin xalq uni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining deputatligiga sayladi. Deputatlar uni nufuzli va mas’uliyatli lavozim – ombudsman etib tayinlashdi. Inson haq-huquqlarini himoya qilish bilan shug‘ullanadigan mazkur lavozimda Sayyora opa uzoq yillar mehnat qildi. Ilmdagi eng yuksak – akademik unvoniga sazovor bo‘ldi. Bu Sharof Rashidovning tarbiyasi mevasidir.