Sharof aka nima sababdan Surxodaryo viloyatidagi Dashnobod xo‘jaligiga borganida anor sharbatidan totmasdan chiqib ketayotgan bo‘ladi, buning ustiga ustak shu kuni u tushlik ham qilmay Termez ippodromidagi mitingga oshiqadi ?
Bu haqda bilishni istasangiz jurnalist Irismat Abduxoliqovning O‘zA saytida berilayotgan “Sharof Rashidov. Haqiqat va rivoyat” asaridan olingan lavhani o‘qib, bilib olishingiz mumkin.
Mazkur material haqidagi fikr-mulohazalaringizni bizga yozib yuborsangiz yoki telefon orqali qo‘ng‘iroq qilib munosabatingizni bildirsangiz minnatdor bo‘lar edik.
Elektron pochta: info@uza.uz
Telefon raqami: (0371) 233-06-14
Bu lavhamda o‘zbek xalqi, jumladan, Sharof akaning tabiati, u kishining ra’y-xohishiga xos bo‘lgan ayrim xislatlar xususida so‘z yuritishni lozim topdim. Bu mavzuga taalluqli o‘zim shohid bo‘lgan voqealar tafsilotiga to‘xtalsam.
Qaysidir yili Sharof Rashidov amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishish, ularni bir nazorat qilish, xalqning yuragidagi gaplardan xabardor bo‘lish maqsadida Surxondaryo viloyatiga bordi. Sariosiyo tumanidagi baland tog‘lar bilan bepoyon dashtlik chegarasidagi ajoyib iqlim sharoitida joylashgan «Dashnobod» xo‘jaligidagi mashhur anorzorlarni ko‘zdan kechirish chog‘ida g‘aroyib hodisa yuz berdi. Xo‘jalik anorzorlarida dunyodagi eng totli, eng shifobaxsh anorlar yoqutdek tovlanib, odamning ko‘zini qamashtiradi. Beixtiyor ularni tatib ko‘rging keladi. Anorzordan chiqaverishda chog‘roqqina stol ustiga bir shisha idishga qip-qizil rangdagi anor sharbati va ikki dona devorlari ingichka qadah qo‘yib qo‘yilgan ekan. Sharof aka bilan kuni bo‘yi yurganlar Surxondaryo issig‘ida charchab, chanqovdan lablari yorilay deb turibdi. Bu yerda O‘zbekistonning tog‘li va dashtli iqlim sharoitidan unumli foydalanish, anor kabi inson sog‘lig‘i uchun nihoyatda shifobaxsh bo‘lgan mevalarni yetishtirishni ko‘paytirish haqida gap bordi (Yodimda: men «Vremya»ga inson qoni tarkibidagi qizil qon tanachalarini tiklaydigan (bedavo «oqqon» kasalligini davolashda qo‘llanadigan), danagi yo‘q anorning yangi navi haqida shov-shuvga sabab bo‘lgan reportaj tayyorlab bergan edim. Sharof aka rahbarlar va mutaxassislarning fikrlarini eshitib, o‘z maslahatlarini bergandan so‘ng anorzordan tashqariga chiqa boshladi. Hamma u kishining orqasidan ergashdi. Sharof aka mashinaga o‘tirish arafasida xo‘jalik rahbarining yodiga tushib anor sharbatidan tatib ko‘rishni tavsiya etdi. Kimdir qadahdagi sharbatni Sharof akaga tutdi. U kishi qadahni qo‘liga olib, rangini uzoqroq tomosha qildi-da, lablariga tekkizgancha: «Ha, bunaqa sharbat kamdan-kam joyda bitadi», – deb ozgina ichilgan qadahni stol ustiga qayta qo‘ydi.
Bu nozik tagdor gapni kimdir tushunadi, kimdir esa yo‘q. Gap shundaki, Sharof aka tashnalikdan qiynalsa-da, mezbonlarga: «Qani, anor sharbatidan quyinglar-chi, mazasini bir ko‘raylik», – deb aytganlari yo‘q. Ana shunda Sharof akaning sabr-matonati va ichki madaniyatiga yana bir bora tan bergan edim.
Shu tumandagi yangi un zavodining ishga tushirilishiga bag‘ishlangan tadbirni tasvirga olib, endi Toshkentga qaytmoqchi bo‘lib turganimizda Sharof akaning tansoqchisi menga kutilmagan xabarni yetkazdi:
– Siz Sharof akaning samolyotida birga Termizga uchar ekansiz. Shahar otchoparida katta tadbir bo‘lar ekan, Sharof aka unda qatnashib nutq so‘zlaydi.
Biz birga uchmoqchi bo‘lgan «YaK-40» rusumli samolyotning oldiga kelganimizda u yerda Sharof Rashidovning yonida viloyat rahbari Abduxoliq Karimov, Sariosiyodagi mashhur kolxoz raisi, Sotsialistik Mehnat Qahramoni Bobomurod Omonov va yana o‘rta yoshlardagi baland bo‘yli menga notanish bir kishi turar edi. Xo‘jalik raisi Sharof akani bir piyola choy ichishga taklif qildi. Tushlik vaqti o‘tib ketgani uchun qorni tatalab turgan odamlarga bu ayni muddao edi. Biroq Sharof aka mezbonning taklifini qat’iyan rad etdi:
– Ovqatlanish uchun vaqtimiz yo‘q. Biz Termizda o‘tadigan katta mitingga kech qolyapmiz. U yerda odamlar to‘planib turishibdi. Shuning uchun uzr, keyingi safar icharmiz choyni…
Odat bo‘yicha uchuvchi Sharof akaga raport bera boshladi.
– Termizgacha qancha uchamiz? – deb so‘radi Sharof aka raport tugagach.
– 1 soatu 15 daqiqa, – dedi uchuvchi.
– Iye, axir Termizdan bu yerga 45 minutda keldik-ku, – dedi Sharof Rashidov.
– Uzr, Sharof Rashidovich, biz bu yerga bir yo‘nalishdagi havo yo‘li orqali uchib keldik. Termizga shamol yo‘nalishiga qarshi boshqa yo‘nalishda uchishga to‘g‘ri keladi, – deb tushuntirdi uchuvchi.
Sharof akaning qoshlari biroz chimirilgandek bo‘ldi. U kishi mitingga kech qolayotganidan ozgina bezovta edi.
Samolyotga chiqqanimizda meni Sharof akaning saloniga taklif etishdi. Styuardessa qiz oldimizga shisha likopchadagi kichik-kichik dumaloq-dumaloq pishiriq bilan choy keltirib qo‘ydi. Abduxoliq aka achchiq qilib damlangan qora choyni Sharof akaga, keyin menga uzatdi. Stolda ovqat tugul, ho‘l mevalar ham yo‘q edi. Boshqa hech narsa olib kelishmaganidan keyin men mezbonimizga hazil aralash gina qildim:
– Abduxoliq aka, siz bizni unchalik yaxshi ko‘rmas ekansiz. Biz-ku yoshmiz, har holda. Ammo Sharof aka ham shuncha vaqtdan buyon tuz totgani yo‘q…
Abduxoliq aka o‘ng‘aysiz ahvolga tushib, biroz shoshib qoldi-da, Sharof akaga:
– O‘zingiz kech qolamiz deb rozi bo‘lmadingiz-ku, – deya savol alomati bilan boqdi.
Sharof aka bu gaplarga bilinar-bilinmas miyig‘ida kulib qo‘ygan bo‘lsa-da, hech narsa degani yo‘q. Shunda Abduxoliq aka vaziyatdan chiqish uchun Sharof akaga sal narida o‘tirgan, boya samolyot oldida turgan baland bo‘yli baquvvat notanish yigitni tanishtirdi:
– Sariosiyo raykomining yangi kotibi…
Sharof aka negadir u tomonga xushlamayroq nazar tashladi-da, past ovozda Abduholiq akani so‘roqqa tutdi:
– Bu ham anovilarga o‘xshaganmi?
– Yo‘q, yo‘q, bu kishi unaqa narsalarga aralashmagan, – dedi qat’iy ovozda Abduxoliq aka.
– Bularning hammasi boshida yaxshi bo‘lishadi, – dedi Sharof aka unga sinchkovlik bilan tikilib.
Shundan so‘ng Sharof aka samolyot illyuminatoridan pastga qarab paxta dalalarini ko‘zdan kechira boshladi.
Bu o‘zbek xalqi haqida turli yolg‘on-yashiq gaplar paydo bo‘lgan, moskvalik tergovchilar – Gdlyan va Ivanov yuzlab odamlarni so‘roqqa tutayotgan, moskvalik «odil hakam»lar O‘zbekistonda oltin yig‘ish bilan ovora bo‘lgan payt edi.
Birozdan so‘ng ozgina ko‘ngli yorishgan Sharof aka menga murojaat qildi:
– Qarang, qanchalik go‘zal-a dehqonning ishi!
Men o‘tirgan kursi yonidagi illyuminatordan pastga qaraganimda ko‘z oldimdan marvariddek yaltirab turgan dalalar, katak-katak bo‘lib ko‘rinayotgan ko‘m-ko‘k paykallar, ariqlarda oqayotgan suvlardagi quyoshning aksi lazer nuridek ko‘zni qamashtirib birma-bir o‘ta boshladi.
Biroz sukutdan so‘ng Sharof aka yana meni suhbatga tortdi:
– Ha, aytgandek, mullo Irismat, sizga aytadigan gap bor. Bir vatandoshimiz – arxeolog olim o‘zbek xalqining tarixini ikki ming yilga uzaytirib berdi. U bu kashfiyotini o‘zi qazib olgan arxeologik topilmalar asosida isbotlayapti.
Shunda Sharof aka mamlakatdagi barcha sohalardagi yangiliklarni sinchkovlik bilan kuzatib borishiga yana bir bor amin bo‘ldim. (Men keyinchalik shu olimni topib «Vremya»ga reportaj tayyorladim. U kishi tarix fanlari doktori, professor Ahmadali Asqarov edi. Keyin Ahmadali aka respublikada ko‘zga ko‘ringan yirik olim bo‘lib yetishdi.
Sharof Rashidovning bundan 34 yil muqaddam samolyotda uchib keta turib menga aytgan: «bir iste’dodli arxeolog olim o‘zbek xalqining tarixini ikki ming yilga uzaytirib, qadimlashtirib berdi» degan so‘zlari u paytda hali hech kimga ma’lum bo‘lmagan yosh olim Ahmadali Asqarovni ilhomlantirib yubordi.
Tarixchi olim o‘zbek xalqining o‘tmishini o‘rganishni izchil davom ettirdi, yangi arxeologik qazilmalar, kashfiyotlar qildi. Jamoat ishlarida faol qatnashdi. 1991-yili Mustaqillikka erishgach, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining deputati, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha Oliy Majlis qo‘mitasining raisi bo‘ldi. 2015-yili Ahmadali Asqarov «O‘zbek xalqining kelib chiqish tarixi» nomidagi 670 betlik katta fundamental asarini yaratdi. Kitobda o‘zbek xalqining millat bo‘lib shakllanish jarayoni, o‘zbek milliy mentaliteti tushunchasi va uning o‘ziga xosliklari tadqiq qilingan, boy moddiy, madaniyat va yozma manbaalarning chuqur ilmiy tahlili berilgan.
Arxeologiya fanining chuqur bilimdoni bo‘lgan olim Sharof akadek ezgulik yo‘lini o‘zining hayot tamoyili qilib olgan katta ustoz, bag‘ri keng inson bo‘lib yetishdi. Bugungi kunda u O‘zbekiston Fanlar akademiyasining akademigi, Respublikada xizmat ko‘rsatgan fan arbobidir).
Samolyot Termizga kelib qo‘ndi. Tashqarida Surxondaryoning jazirama issig‘i hukm surar edi. Havo harorati 42 – 45 daraja. Barchamiz qatori Sharof aka ham rosa qizib terga botdi. Aeroportda Sharof akani bir necha daqiqa kutishimizga to‘g‘ri keldi. U kishi yuz-qo‘l chaygani deputatlar xonasiga kirib ketdi. Orqasidan bir kishi chopib borib, kiyim ilgagida osig‘liq yoqasi dazmollangan oq ko‘ylak olib kirdi. Zum o‘tmay deputatlar xonasidan toza oq ko‘ylakda Sharof aka ko‘rindi va mashinalar shahar otchopari tomon yo‘l oldi. Sharof akaning ovqatlanmay och qoringa mitingga ketayotgani yana bir fidoyilik namunasi edi.