Davlatimiz rahbari Surxondaryo viloyati faollari bilan uchrashuvda ijtimoiy infratuzilmani yaxshilash masalasiga ham alohida to‘xtaldi.

Qayd etilganidek, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari bo‘yicha joriy yil viloyatda 483 ta qishloq va mahallada obodonlashtirish ishlari olib borilayapti. Buning uchun 1,6 trillion so‘m mablag‘ ajratilgan. Viloyatda bu yil 3 ming 500 kvartirali ko‘p qavatli uylar quriladi.

Shuningdek, 1 ming 230 kilometr yo‘llarni ta’mirlash, 700 kilometr suv, 28 kilometr oqova suv tarmoqlarini rekonstruksiya qilish, 1 ming kilometr elektr tarmog‘ini tortish ishlarini 1 oktyabrgacha tugatish belgilandi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Termiz shahar aholisini barqaror tabiiy gaz bilan ta’minlash maqsadida, qo‘shimcha magistral gaz quvurlarini qurish uchun maxsus jamg‘armadan 70 milliard so‘m ajratilishini ma’lum qildi. Shuningdek, davlat rahbari bu yil qishda Termizda gaz masalasida muammo qolmasligi kerakligini, barcha choralar ko‘rilishi zarurligini alohida ta’kidladi.

Yig‘ilishda mas’ullar tomonidan gaz masalasi bo‘yicha axborot berildi. Ta’kidlanganidek, o‘tgan yili ayrim sabablarga ko‘ra gaz ta’minotida uzilishlar bo‘lgan. Shu muammoni yechish maqsadida katta Muzrobot-Dushanbe gaz quvuridan Termiz shahriga yana bir tarmoq tortib, 54 ming xonadon yashaydigan hududlarning gaz ta’minoti barqarorlashtiriladi. Bu chora-tadbirlar shu yil noyabr oyiga qadar amalga oshiriladi.

 

O‘zA