2021 yil 29 may kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n beshinchi yalpi majlisi o‘z ishini davom ettirdi.

Videokonferensaloqa tarzida o‘tkazilgan majlisda Hukumat a’zolari, vazirlik va idoralar rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Yalpi majlisni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayeva olib bordi.

Mazkur yalpi majlis ishi Senatning rasmiy veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari hamda “Uzreport” telekanali orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri jonli efirda namoyish etildi.

Dastlab senatorlar “Transport to‘g‘risida” gi Qonunni ko‘rib chiqdi.

Bugun mamlakatimiz transport tizimining har bir tarmog‘i o‘z faoliyatiga doir “Avtomobil transporti to‘g‘risida”, “Temir yo‘l transporti to‘g‘risida” qonunlar va Havo kodeksi kabi qonun hujjatlari bilan tartibga solinib kelmoqda.

Natijada transport tizimining avtomobil, temir yo‘l, aviatsiya, suv transporti tarmoqlari bir-biridan alohida, o‘z yo‘nalishida rivojlanib, ular faoliyatini muvofiqlashtiruvchi alohida qonun mavjud emas edi.

Ko‘rib chiqilayotgan Qonun esa sohadagi bu kabi kamchiliklarni bartaraf etishda tarmoqdagi qonun hujjatlari bilan teng yuridik kuchga ega bo‘lgan, bir vaqtning o‘zida ishlaydigan, bir-birini to‘ldiradigan normalarni belgilaydi.

Tashish shartnomasi va majburiyatlari bo‘yicha yuzaga keladigan javobgarlikni ta’minlash kabi iqtisodiy masalalarning hal etilishi orqali tijorat transporti faoliyatini rivojlantirish ham Qonunning asosiy maqsadlaridan biridir.

Tashkiliy-huquqiy va mulkchilik shaklidan qat’iy nazar, transport faoliyati sub’ektlarining tengligi, davlat va transport faoliyati sub’ektlari manfaatlarining uyg‘unligi va javobgarligi kabi tamoyillar ham Qonun bilan mustahkamlab qo‘yilmoqda.

Umuman Qonun tijorat asosida amalga oshiriladigan har qanday transport faoliyatini yuritishda vujudga keladigan munosabatlarga nisbatan tadbiq etiladi.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Shundan so‘ng “Fazoviy ma’lumotlar to‘g‘risida” gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni muhokama qilindi.

Globallashayotgan dunyoda, jumladan mamlakatimizda ham geoaxborot texnologiyalarini hayotga keng joriy etish va deyarli barcha sohalarda geoaxboriy faoliyat turiga o‘sib borayotgan ehtiyojni ta’minlash uchun siyosiy va huquqiy munosabatlarni yangi shaklda tashkil etish hamda Fazoviy ma’lumotlar milliy infratuzilmasini muvaffaqiyatli yaratish va rivojlantirishni institutsional qo‘llab-quvvatlash zaruratga aylandi.

Shu maqsadda “Geodeziya va kartografiya to‘g‘risida” gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga qo‘shimcha ravishda, qonunchilik jarayoni rivojlanishining yangi bosqichi va fazoviy ma’lumotlarni yaratish va ulardan foydalanish sohasidagi faoliyat yuritishda huquqiy, iqtisodiy, boshqaruv va tashkiliy asoslarini yuridik mustahkamlash maqsadida “Fazoviy ma’lumotlar to‘g‘risida” gi Qonun ishlab chiqildi.

Ushbu Qonun tasdiqlanishi bilan fazoviy ma’lumotlarni yaratish va ulardan foydalanish, fazoviy ma’lumotlar milliy infratuzilmasini yaratish, qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish sohasida munosabatlar tartibga solinadi.

Ushbu Qonunda fazoviy ma’lumotlar, fazoviy ma’lumotlarga ishlov berish, fazoviy ma’lumotlarning metama’lumotlari, fazoviy ob’ektlar kabi tushunchalarning mazmun-mohiyati aks etish, ular haqidagi axborot ijtimoiy hayotimiz uchun naqadar zarur va dolzarb ekanligini anglatadi.

Qonun qabul qilinishi orqali O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining, Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi, Mudofaa vazirligi hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining fazoviy ma’lumotlar milliy infratuzilmasini yaratish, amal qilishi va rivojlantirish sohasidagi vakolatlari belgilab qo‘yilmoqda.

Geodeziya va kartografiya sohasiga yangi axborot va innovatsion raqamli texnologiyalarni keng joriy etishga e’tibor qaratilmoqda.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Yalpi majlisi doirasida senatorlar “Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar to‘g‘risida” gi O‘zbekiston Respublikasining Qonunini ko‘rib chiqdilar.

Mazkur Qonun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 18 maydagi “O‘zbekiston Respublikasida zargarlik tarmog‘ini jadal rivojlantirish choralari to‘g‘risida” gi Farmoni bilan belgilangan vazifalarni o‘z ichiga olgan.

Qonun avvalo mamlakatimiz iqtisodiyoti uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar muomalasi sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan.

Bu esa sohada xufiyona iqtisodiyotning oldini olishda ham muhim omil bo‘ladi. Qolaversa, ushbu hujjat zargarlik buyumlari asillik darajasini belgilash va tamg‘alash tizimini, shuningdek, ularning sifatini nazorat qilish tartib-taomillarini davlat-xususiy sheriklik mexanizmini qo‘llagan holda takomillashtirishga ham yo‘naltirilgan.

Qonun qabul qilinishi qimmatbaho metallar va toshlar muomalasi sohasidagi davlat organlari, boshqa ishtirokchilarning vakolatlari va javobgarlik sohasini aniq belgilanishi tarmoqqa investitsiyalar, shu jumladan xorijiy investitsiyalarni keng jalb etish, raqobat muhitini yaxshilash uchun qulay sharoit yaratadi.

Xususan, Qonunga binoan ustav fondida davlat ulushi bo‘lmagan yoki 50 foizdan kam davlat ulishi bo‘lgan tadbirkorlik sub’ektlariga qimmatbaho metallar va toshlarni sarflash, hisobga olish va saqlash tartibini mustaqil belgilash huquqi berilmoqda.

Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan yasalgan zargarlik va boshqa buyumlarning asillik darajasini aniqlash va tamg‘alash masalalari ham qonunda batafsil o‘z ifodasini topgan.

Qonunni ishlab chiqishda Belorusiya, Hindiston, Kanada, Qozog‘iston, Moldova, Rossiya Federatsiyasi, Italiya va Turkiya hamda Vena konvensiyasini ratifikatsiya qilgan 19 ta davlatning ilg‘or tajribasi o‘rganib chiqilgan.

Shuningdek Qonun xususiy sektorning qimmatbaho metallar aylanmasida o‘z faoliyatini ochiq, shaffof olib borishiga imkoniyat yaratadi.

Senatning sakkizinchi yalpi majlisida Qonunni qayta ko‘rib chiqish to‘g‘risida qarori qabul qilingan edi.

Senat tomonidan bildirilgan taklif va e’tirozlar manfaatdor vazirlik va idoralar tomonidan ko‘rib chiqilib Qonunda o‘z aksini topganligini inobatga olgan holda Qonun yalpi majlisga kiritilgani qayd etildi.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Shuningdek, yalpi majlisda “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmati to‘g‘risida” gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, Qonunni qabul qilish zarurati quyidagi omillar bilan asoslanadi:

birinchidan, 2018 yilning yanvar oyida tashkil etilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmati faoliyati O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yopiq qarorlari bilan tartibga solingan bo‘lib, ochiq tarzdagi normativ-huquqiy hujjatlar mavjud emas;

ikkinchidan, Prezident davlat xavfsizlik xizmati maxsus vakolatli organ hisoblanib, qo‘riqlanuvchi shaxslarning xavfsizligini ta’minlash maqsadida huquqiy, tashkiliy, qo‘riqlash, rejim, tezkor-qidiruv, muhandislik-texnik va boshqa tadbirlar majmuini amalga oshiradi.

Bunda Prezident davlat xavfsizlik xizmati tezkor-xizmat faoliyatining alohida jihatlari jismoniy va yuridik shaxslarning huquq va qonuniy manfaatlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir etadi.

Xususan, Prezident davlat xavfsizlik xizmati o‘ziga yuklatilgan vazifalarni bajarish jarayonida qo‘riqlanuvchi shaxslar manfaatlarini ko‘zlab, qo‘riqlash tadbirlari o‘tkazilayotgan joylarda erkin harakatlanishni, qo‘riqlanuvchi shaxslarning bo‘lish ob’ektlari atrofida va harakatlanish yo‘nalishlarida turli xil ob’ektlarning qurilishi va rekonstruksiyasini, qo‘riqlanuvchi shaxslarga va ular bo‘lish ob’ektlarida xizmat ko‘rsatishga bevosita jalb etilgan tashkilotlarning mehnat faoliyati amalga oshirilishini va boshqa harakatlarini cheklaydi;

uchinchidan, Prezident davlat xavfsizlik xizmati harbiy xizmatchilari hamda qo‘riqlanuvchi shaxslarning xavfsizligini ta’minlashga jalb etilgan boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ
va kuch ishlatuvchi tuzilmalar xodimlari tomonidan xizmat vazifalarini bajarish chog‘ida o‘q otar qurolni qo‘llashning aniq tartibi belgilanmagan.

Shu munosabat bilan Qonunda quyidagi masalalarni tartibga solish ko‘zda tutilgan. Xususan:

– qo‘riqlanuvchi shaxslarning xavfsizligini ta’minlash sohasida qo‘llaniladigan umume’tirof etilgan tushunchalar va atamalar, ularning mazmunini sharhlash va to‘g‘ri qo‘llash maqsadida ushbu faoliyat turining prinsiplari;

– qo‘riqlanishi belgilangan qo‘riqlanuvchi shaxslarning toifasi;

– Prezident davlat xavfsizlik xizmatining maqomi, asosiy vazifalari, huquq va majburiyatlari, qo‘riqlanuvchi shaxslarning xavfsizligini ta’minlash sohasida boshqa davlat organlari bilan hamkorlik qilish masalalari;

– Prezident davlat xavfsizlik xizmatining shaxsiy tarkibini butlash tartibi, harbiy xizmatchilarining maqomi, huquq
va majburiyatlari;

– Prezident davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan haqiqiy harbiy xizmat o‘tashning alohida jihatlari, ularga harbiy unvon berish va kasbiy tayyorgarligini tashkil etish;

– Prezident davlat xavfsizlik xizmati xodimlarining huquqiy va ijtimoiy himoyasi kafolatlari;

– Prezident davlat xavfsizlik xizmati xodimlarini xizmat guvohnomalari, jetonlar va harbiy kiyim-kechak bilan ta’minlash masalalari;

– Prezident davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan jismoniy kuch ishlatish, maxsus vositalar, sovuq yoki o‘qotar qurol qo‘llanilishining batafsil shartlari va tartibi;

– Prezident davlat xavfsizlik xizmati faoliyatini nazorat qilish tartibi nazarda tutilmoqda.

Qonun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmatining huquqiy asoslarini takomillashishiga, amaldagi qonun hujjatlari va yurtimizda barcha sohalarda olib borilayotgan islohotlarga uyg‘unlashishiga xizmat qiladi.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Yalpi majlis kun tartibi doirasida “O‘zbekiston Respublikasi madaniyat va san’at xodimlari kunini belgilash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni muhokama etildi.

Mamlakatimizni 2017-2021 yillarda rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasida madaniyat, ilm-fan, adabiyot, san’at sohalarini yuksaltirish ijtimoiy sohani rivojlantirishning asosiy yo‘nalishi sifatida belgilangan.

Aholi, xususan, yoshlarning madaniy saviyasini oshirish, ularni milliy va umumbashariy madaniyatning eng yaxshi namunalaridan bahramand etish, shu asosda ma’naviy yetuk, barkamol shaxslarni tarbiyalash, zamonaviy madaniyat va san’at muassasalari barpo etish, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, teatr, musiqa, tasviriy san’at hamda boshqa san’at turlarini rivojlantirish, yosh iste’dod egalarining qobiliyati va salohiyatini ro‘yobga chiqarish masalalari davlatimizning ustuvor vazifalariga aylanib bormoqda.

Shu ma’noda, “O‘zbekiston Respublikasi madaniyat va san’at xodimlari kunini belgilash to‘g‘risida”gi Qonun Strategiyada belgilangan maqsad va vazifalar izchil amalga oshirilayotganining yana bir tasdig‘idir.

Madaniyat vazirligi, “O‘zbekkino” milliy agentligi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, O‘zbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasi, O‘zbekiston teatr arboblari uyushmasi, Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi hamda keng jamoatchilikning takliflarini hisobga olib, madaniyat va san’atning jamiyatimiz ijtimoiy-ma’naviy hayotida tutgan o‘rnini hisobga olib, soha xodimlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida Qonun bilan 15 aprel O‘zbekiston Respublikasi madaniyat va san’at xodimlari kuni sifatida belgilanmoqda.

Ayni paytda dunyoning ko‘plab davlatlarida ushbu sana Xalqaro madaniyat kuni sifatida nishonlanadi. Xususan, 2008 yildan Italiya, Ispaniya, Rossiya, Argentina, Meksika, Kuba, Latviya va Litva kabi davlatlarda 15 aprel – Xalqaro madaniyat kuni Tinchlik bayrog‘i ostida tantana qilinadi.

Mamlakatimizda madaniyat va san’at sohasini rivojlantirish, o‘zbek milliy madaniyati va san’ati nufuzini jahon miqyosida oshirish, yosh iste’dod egalarining qobiliyati va salohiyatini ro‘yobga chiqarish borasida fidokorona mehnat qilgan va yuqori natijalarga erishgan yurtdoshlarimiz aynan mana shu bayram kunida “Madaniyat va san’at fidokori” ko‘krak nishoni bilan taqdirlanishi ko‘zda tutilgan.

Xalq ijodiyoti rivojlantirish, madaniyat va san’at sohasidagi mahoratli ijrochi va ijodkorlar, professional kadrlarni tayyorlash tizimini takomillashtirish, milliy san’atimiz namunalari jahon sahnasida e’tirof etilishi uchun sharoitlar yaratishda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan qonun yuzasidan Senatning tegishli qarori qabul qilindi.

Shundan so‘ng “O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” gi Qonuni muhokama qilindi.

Mamlakatimizda keyingi yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi hamda davlat hokimiyati vakillik organlariga saylovlarni ochiq, shaffof va mustaqillik prinsiplari asosida o‘tkazishda xalq hokimiyati va siyosiy plyuralizmning huquqiy asoslarini mustahkamlash va saylov tizimini bosqichma-bosqich modernizatsiyalash bo‘yicha bir qator amaliy choralar ko‘rildi.

Ma’lumki, Senatning 12-yalpi majlisida “Saylov qonunchiligi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonunni ma’qullangan edi va bu xalqaro va milliy ekspertlarning tavsiyalariga ko‘ra qabul qilinib, xalqaro hamjamiyat tomonidan ham ijobiy baholangan edi.

Amaldagi saylov to‘g‘risidagi qonunchilikning tahlillari saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazish hamda saylov komissiyalarining harakatlari va qarorlari ustidan shikoyatlar berish borasida ayrim muammolar mavjudligini ko‘rsatmoqda.

YeXHT saylovlari bo‘yicha missiyasi tomonidan esa saylovchilar bilan uchrashuvlarni o‘tkazish uchun alohida ruxsatnoma talab etilmasligini va nomzodlar ularning o‘tkazish joyi va vaqti haqida tegishli hokimliklarni
3 kun oldin yozma ravishda xabardor qilishi lozimligini belgilash tavsiya etilgan.

YeXHT saylovlari bo‘yicha missiyasi saylov komissiyalarining harakatlari va qarorlari ustidan berilgan shikoyatlarni faqat sud ko‘rib chiqishini belgilashni tavsiya qilgan.

Muhokama qilingan Qonun bilan saylov jarayoniga nisbatan yagona shaffof va samarali yondashuvlarni nazarda tutgan holda, u bilan milliy ekspertlar tavsiyalari asosida quyidagi o‘zgartishlar kiritilmoqda:

– yuqori turuvchi saylov komissiyalarining vakolatlaridan quyi turuvchi saylov komissiyalarining harakatlari va qarorlari ustidan berilgan shikoyatlarni ko‘rib chiqishni chiqarib tashlash;

– O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazish bo‘yicha okrug saylov komissiyasi komissiya raisi, rais o‘rinbosari, kotibi va o‘n bir – o‘n sakkiz nafar komissiya a’zosidan iborat tarkibda tuzilishini belgilash;

– saylov byulletenida nomzodning egallab turgan lavozimi (mashg‘ulotining turi), ish joyi ko‘rsatilishi haqidagi normani chiqarib tashlash;

– saylovda siyosiy partiya yoki nomzodlarni qo‘llab-quvvatlab imzo qo‘yishda fuqarolar pasport bilan bir qatorda identifikatsiya kartasi orqali ham shaxsini tasdiqlashi mumkinligini belgilash;

– saylovchilar bilan uchrashuvlar kabi ommaviy tadbirlar ularning o‘tkazilishi joyi va vaqti haqida tuman (shahar) hokimliklari kamida uch kun oldin yozma ravishda xabardor qilingan holda o‘tkazilishi, bunda, ushbu ommaviy tadbirlarni o‘tkazish uchun ruxsatnoma talab etilmasligini belgilash.

Ushbu Qonunni qabul qilish milliy saylov qonunchiligimizni umume’tirof etilgan xalqaro saylov standartlari asosida yanada takomillashtirishga va mazkur yo‘nalishda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlarni xalqaro hamjamiyatga yetkazishga xizmat qiladi.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Yalpi majlisda “O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida” gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish haqida” gi Qonun ko‘rib chiqildi.

Davlatimiz rahbarining 2020 yil 29 dekabrdagi Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida 2005 yil 1 yanvarga qadar O‘zbekiston Respublikasi hududida doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olingan va O‘zbekiston Respublikasi hududida 15 yil davomida doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatda turib yashab kelayotgan shaxslarni O‘zbekiston Respublikasining fuqarosi deb tan olish to‘g‘risidagi takliflari fuqarosizlikni qisqartirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan tub islohotlarning uzviy davomi hisoblanadi.

bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasida fuqarolik qonunchiligidagi o‘zgartirishlar uni mukammallashtirish va soddalashtirishga, shuningdek, fuqarolikka doir shaxslarning huquq va erkinliklarini huquqiy mexanizmlarini mustahkamlashga qaratilgan.

Shu bilan bir qatorda, milliy fuqarolik qonunchiligini rivojlanishi va doimiy ravishda takomillashib borishi zarurligi, mamlakatda siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy sohalarda ro‘y berayotgan islohotlar ekanligini ta’kidlab o‘tish zarur.

bugungi kunda fuqarolik sohasida olib borilayotgan islohotlarga qaramasdan Respublikamizda fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarda fuqarolikni olishda ayrim qiyinchiliklarga duch kelganlar.

Endi mazkur Qonun bilan qiyinchiliklar bartaraf etilmoqda.

Mazkur hujjat 2021 yil Davlat dasturi ijrosiga muvofiq ishlab chiqilgan. Qonun bilan “O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida”gi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilmoqda. Qonunning asosiy qoidalari quyidagilardan iborat:

xususan, 2005 yil 1 yanvarga qadar O‘zbekiston Respublikasi hududida doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olingan va muqaddam chet davlat fuqaroligiga ega bo‘lmagan shaxslarni, shuningdek, o‘n besh yil davomida O‘zbekiston Respublikasi hududida fuqaroligi bo‘lmagan shaxs maqomida yashab kelayotgan shaxslarni O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga tan olish mexanizmlari yaratiladi.

Ta’kidlab o‘tish joizki, fuqarolikni tan olish instituti mutlaqo yangi institut bo‘lib, MDHga a’zo davlatlarning qonunchiligida nazarda tutilmagan, bir so‘z bilan aytadigan bo‘lsak, mamlakatimiz hududida o‘n besh yil davomida istiqomat qilayotgan fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga tan olishni, qonuniy asoslarga muvofiq, to‘g‘ridan-to‘g‘ri fuqarolik olishni huquqiy asoslari yaratiladi va o‘n besh yil doimiy yashab kelayotgan fuqaroligi bo‘lmagan shaxs tomonidan O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini umumiy tartibda qabul qilish uchun iltimosnoma bilan murojaat qilish zaruriyati qolmaydi.

Natijada, yuridik faktni sud tartibida tasdiqlash orqali, fuqarolik masalalari bo‘yicha shikoyat qiluvchi shaxslarning e’tirozlari kamayadi;

fuqarosizlikni qisqartirishni aniq amalga oshirish asnosida O‘zbekiston Respublikasining xalqaro imidji yanada mustahkamlanadi.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Senatorlar kun tartibidagi yana bir muhim “Qurol to‘g‘risidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida” gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunni muhokama qildilar.

Ta’kidlanganidek, qonunchilik tashabbusi huquqi sub’ekti va qonun loyihasi tashabbuskorlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasida qurol va uning o‘q-dorilari muomalasi bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga soluvchi “Qurol to‘g‘risida” gi Qonunning amaldagi ijrosi, uning normalarini qo‘llashda vujudga kelgan muammolar tahlil qilinmagan.

Jumladan, joylarda o‘tkazilgan o‘rganishlar mamlakatimizda “Qurol to‘g‘risida” gi Qonunning ijrosi va o‘qotar qurolning muomalasi bilan bog‘liq qator tizimli muammolar aniqlandi.

Xususan, hozirgi kunga qadar qurolga egalik qilishga to‘sqinlik qiluvchi kasalliklar ro‘yxati tasdiqlanmagan.

O‘qotar ov quroliga egalik qilish uchun fuqaroga nisbatan tibbiy cheklovlar mavjud bo‘lsa-da, uning spirtli ichimliklarga ruju qo‘yganligi, giyohvandlikka mubtalo bo‘lganligi tegishli ruxsatnoma olish uchun to‘sqinlik qilmaydi.

Shuningdek, qurol egalarini tibbiy cheklovlar bo‘yicha davriy ravishda tekshirish, ular bilan birga yashovchi fuqarolar orasida ruhiy kasallikka chalingan, spirtli ichimlikka ruju qo‘ygan, giyohvandlikka mubtalo bo‘lganlariga e’tibor qaratish mexanizmlari mavjud emas.

Shu bilan birga, o‘qotar ov qurollari hamda pnevmatik va o‘zini o‘zi himoya qilish qurollari bilan kirish ta’qiqlangan ob’ektlar uchun umummajburiy tartib o‘rnatilmagan.

Ushbu holatlar, o‘z navbatida turli salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Bunga misol qilib, so‘nggi yillarda dunyo mamlakatlarida qurol
va uning o‘q-dorilari muomalasi bilan bog‘liq ro‘y berayotgan salbiy holatlar, shu jumladan kuni kecha Rossiya Federatsiyasining Qozon shahrida maktabda sodir etilgan ayanchli holatni keltirish mumkin.

Yuqoridagilarni inobatga olib, senatorlar qonunchilik tashabbusi huquqi sub’ekti hamda qonun loyihasi tashabbuskorlari tomonidan sohada vujudga kelgan muammolarni kompleks tahlil qilib, so‘ngra amaldagi “Qurol to‘g‘risida” gi Qonun va boshqa qonunchilik normalarini tubdan takomillashtirish masalasini o‘rganib chiqish va shundan so‘nggina Jinoyat kodeksi, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda javobgarlik choralarini belgilash maqsadga muvofiq deb hisobladi.

Senatorlar tomonidan Qonunda tartibga solinadigan jamoatchilik munosabatlarining muhimligi va ahamiyatini e’tiborga olinib, “Qurol to‘g‘risidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida” gi Qonunni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Shundan so‘ng senatorlar “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida” gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini muhokama qildilar.

Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda sud-huquq sohasini tubdan isloh etishga, qonun ustuvorligini ta’minlash, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan keng qamrovli huquqiy-tashkiliy chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Shuningdek, amalga oshirilayotgan islohotlarning huquqiy jihatdan ta’minlanishini takomillashtirish borasida qator chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.

Biroq, qonun va qonun osti hujjatlarini yanada tartibga solish doiralarini belgilash, ularda jismoniy va yuridik shaxslar uchun javobgarlikni, shuningdek xo‘jalik boshqaruvi organlarining vakolatlariga kiruvchi masalalarni hamda korporativ munosabatlarni tartibga solishni nazarda tutadigan huquqiy normalar aniq belgilash taqozo etmoqda.

Qonun 14 ta moddadan iborat. Unga muvofiq 7 ta kodeks hamda 5 ta qonunga, xususan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual, Fuqarolik protsessual, Iqtisodiy protsessual, Byudjet, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi va Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodekslariga, shuningdek “Notariat to‘g‘risida” gi, “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi, “Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasining Hisob palatasi to‘g‘risida”gi hamda “Davlat boji to‘g‘risida”gi qonunlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Xususan, kuchli ta’sir qiluvchi moddalar bilan qonunga xilof ravishda muomala qilganlik uchun jinoiy javobgarlik choralari kuchaytirilmoqda hamda mazkur jinoyatlarni malakalashda va huquqni qo‘llashda yagona amaliyot shakllanishi ta’minlanmoqda.

Hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilanib, ma’muriy javobgarlik choralari kuchaytirilmoqda.

Davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik kuchaytirilib Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 42-moddasida nazarda tutilgan sanksiya yangi tahrirda qabul qilinmoqda hamda mazkur modda ikkinchi qism bilan to‘ldirilmoqda.

O‘simlik dunyosi ob’ektlarini yig‘ish, tayyorlash va ulardan foydalanish tartibini buzganlik uchun, shuningdek Ozon qatlamiga zararli ta’sir ko‘rsatishning oldini olishga doir talablarni buzganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ichimlik suvidan foydalanishni nazorat qilish davlat inspeksiyasi O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi huzuridagi Ichimlik suvidan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi sifatida qayd etilmoqda.

Shuningdek, “Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish to‘g‘risida” gi Qonunga “yo‘l-transport hodisasi to‘g‘risidagi xabarnoma” tushunchasi, yo‘l-transport hodisasi to‘g‘risidagi xabarnoma tuzish uchun asoslar, transport vositalari egalari va sug‘urtalovchilarning yo‘l-transport hodisasi to‘g‘risidagi xabarnoma tuzish chog‘idagi harakatlari bilan bog‘liq normalar kiritilmoqda.

“O‘zbekiston Respublikasining Hisob palatasi to‘g‘risida” gi Qonunning 20-moddasi yangi tahrirda qabul qilinib, Hisob palatasining Davlat byudjeti to‘g‘risidagi qonun loyihasi ekspertizasini va o‘rta muddatli davr uchun fiskal strategiya tahlilini o‘tkazish sohasidagi vazifalari belgilanmoqda.

Ushbu Qonunning qabul qilinishi kiritilishi aholi salomatligini asrash, shuningdek kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning noqonuniy muomalasiga chek qo‘yishga, bu turdagi jinoyatlarni sodir etgan shaxslarga nisbatan javobgarliknig muqarrarligini ta’minlashga xizmat qiladi.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Yalpi majlis davomida parlament a’zolari XMTning Mehnat xavfsizligi va gigiyenasiga ko‘maklashish asoslari to‘g‘risidagi 187-sonli konvensiyasini ko‘rib chiqdilar va ma’qulladilar.

Ushbu Konvensiya 2006 yil 31 may kuni XMT Bosh konferensiyasining 95-sessiyasida qabul qilinganligi ta’kidlandi. Konvensiyaning asosiy maqsadi – ishlab chiqarishda jarohat olish, kasb kasalliklariga chalinish va inson o‘limining oldini olish uchun mehnat xavfsizligi va gigiyenasini doimiy ravishda takomillashtirib borishdir.

Ta’kidlanganidek, XMT Konvensiyasi ustuvor konvensiyalardan biri hisoblanadi. Konvensiyaga muvofiq milliy qonunchilikda ish beruvchilar va ishchilarning eng nufuzli tashkilotlari bilan kelishgan holda milliy siyosat, milliy tizim va milliy dasturni ishlab chiqish orqali kasb kasalligiga chalinish, ishlab chiqarishda jarohat olish va inson o‘limining oldini olish maqsadida mehnat xavfsizligi va gigiyenasini doimiy takomillashtirishga ko‘maklashish nazarda tutilmoqda.

Muhokama doirasida senatorlar O‘zbekistonda mehnat xavfsizligi va gigiyenasi talablariga rioya etish holati, ushbu yo‘nalishdagi asosiy muammoli jihatlar to‘g‘risida o‘z fikrlarini bildirdilar. Shuningdek, XMTning 187-sonli Konvensiyasini 49 ta davlat, shu jumladan bir qator MDH davlatlari tomonidan ratifikatsiya qilinganligi qayd etildi.

Bunda majlis doirasida Konvensiyaning aksariyat normalari va qoidalari milliy qonunchilikka tatbiq etilganligi alohida ta’kidlandi.

Senatorlarning fikricha, XMTning 187-sonli Konvensiyasi ratifikatsiya qilinishi mehnat xavfsizligi va gigiyenasi sohasidagi xalqaro standartlarni samarali tatbiq etishga ko‘maklashishini, ishchilar uchun qo‘shimcha kafolatlar yaratishini, shuningdek, O‘zbekistonning mehnatkashlar huquqlarini ta’minlash bo‘yicha asosiy xalqaro prinsiplar va standartlarga sodiqligini ko‘rsatadi.

Shundan so‘ng senatorlar Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyani ko‘rib chiqdilar va ma’qulladilar.

Senatorlar ushbu Konvensiyaning ratifikatsiya qilinishi O‘zbekistonda nogironlar huquqlarini himoya qilishni ta’minlash uchun qo‘shimcha kafolatlar yaratish imkonini berishini, qonunchilikni yanada takomillashtirish uchun dastur bo‘lib xizmat qilishini, nogironlarni ijtimoiy himoya qilish va ular uchun teng imkoniyatlarni ta’minlash nuqtai nazaridan davlat organlarining javobgarligini kuchaytirishini ta’kidladilar.

Konvensiya qabul qilinishi:

birinchidan, nogironlarni ijtimoiy himoya qilish milliy tizimini ilg‘or xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish;

ikkinchidan, nogironlarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish uchun xalqaro va xorijiy grant mablag‘larini jalb qilish imkoniyatlarini yaratish;

uchinchidan, aholini ijtimoiy himoya qilish borasida O‘zbekistonning xalqaro imijini yaxshilash imkonini beradi.

Konvensiya nogironlarning huquqlarini himoya qilish va qo‘llab-quvvatlash, ularga nisbatan kamsitishga barham berish, ularning mehnat qilish, o‘z sog‘lig‘ini asrash, ta’lim olish va jamiyat hayotida to‘laqonli ishtirok etish huquqini ta’minlash, odil sudlovga erishish, shaxsiy daxlsizligi, ekspluatatsiya qilinishdan va suiiste’mollikdan himoyalanishini, erkin harakatlanishini, shaxsiy mobilligini ta’minlashga qaratilgan 50 ta moddadan iborat.

Senatorlar Konvensiyani ratifikatsiya qilish to‘g‘risida qabul qilingan Qonun jamiyatda nogironlikka ijtimoiy-huquqiy yondashuvni mustahkamlashga xizmat qilishi kerakligini ta’kidladilar.

Bo‘lib o‘tgan muhokamalar davomida senatorlar O‘zbekiston ushbu Konvensiyani ratifikatsiya qilib, nogironlar uchun tegishli infratuzilmani takomillashtirish (turar joy va jamoat binolarini, transportni, bir qator xizmatlarni moslashtirish), shuningdek aholi o‘rtasida yanglish fikrlar va stereotiplarni yo‘q qilishni nazarda tutadigan axloqiy-ma’naviy yo‘l-yo‘riqlarni shakllantirish bo‘yicha xalqaro majburiyatlarni o‘z zimmasiga olishini ta’kidladilar.

Shunday qilib, mazkur Konvensiyani qabul qilinishi O‘zbekiston rahbariyatining fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirish, shuningdek, teng ishtirok etish va resurslardan foydalanish, fuqarolarning siyosiy va fuqarolik huquqlarini kamsitishlarsiz amalga oshirish tamoyillariga rioya qilishga qat’iy sodiqligini va bu borada muntazam sa’y-harakat olib borayotganligini ko‘rsatadi.

Ushbu hujjat senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Yalpi majlis davomida Surxondaryo viloyati Denov tumani Kengashining qarorining qonuniyligi to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga kelib tushgan murojaatlar asosida xalq deputatlari Denov tumani Kengashining 2020 yil 19 noyabrdagi “Tumanda shartnoma majburiyatlarini bajarmayotgan, yer ijara shartnomasiga qisman o‘zgartirish kiritilayotgan, yangidan tashkil qilinayotgan va qo‘shimcha yer maydoni olayotgan fermer xo‘jaliklarining faoliyatini ko‘rib chiqish to‘g‘risida”gi 123/25-06-sonli qarorining qonuniyligi Senatning Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi tomonidan o‘rganib chiqildi.

Qaror bilan tumandagi “DENOV AGRO-PILLA” MCHJning Xazorbog‘, Oxunboboyev, G‘alaba, O‘zbekiston hududlaridagi 114,23 gektar yer maydoni tuman hokimligi zaxirasiga qaytarilgan.

Xususan, Qarorning 2-bandida tumandagi 9 ta paxta va g‘allachilik fermer xo‘jaligi bilan tuman hokimligi o‘rtasida tuzilgan uzoq muddatli yer ijara shartnomasi bekor qilinishi, 5-bandida qator fermer xo‘jaliklari bilan tuzilgan yer ijarasi shartnomalariga o‘zgartirish kiritilayotgan fermer xo‘jaliklari soni tasdiqlanishi nazarda tutilgan.

Ammo amaldagi qonunchilik hujjatlariga asosan xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining fermer xo‘jaliklari, qishloq xo‘jaligi korxonalari va boshqa tadbirkorlik sub’ektlari hamda hokimlik o‘rtasidagi shartnomaviy huquqiy munosabatlarga aralashish vakolati mavjud emas.

Bundan tashqari, Fuqarolik kodeksining 382-moddasiga muvofiq agar Fuqarolik kodeksida, boshqa qonunlarda yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, shartnoma taraflarning kelishuviga muvofiq o‘zgartirilishi va bekor qilinishi mumkin.

Qayd etilganidek, Yer kodeksining 24-moddasiga hamda “Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida” gi Qonunning 13-moddasiga ko‘ra yer uchastkalarini ijaraga olish shartnomasini muddatidan oldin bekor qilish taraflarning kelishuvi bilan, bunday kelishuvga erishilmagan taqdirda esa, sudning hal qiluv qarori bilan amalga oshiriladi.

Ushbu masala bo‘yicha keltirilgan ma’lumotlarga asosan Oliy Majlis Senati Surxondaryo viloyati xalq deputatlari Denov tumani Kengashining 2020 yil 19 noyabrdagi “Tumanda shartnoma majburiyatlarini bajarmayotgan, yer ijara shartnomasiga qisman o‘zgartirish kiritilayotgan, yangidan
tashkil qilinayotgan va qo‘shimcha yer maydoni olayotgan fermer xo‘jaliklarining faoliyatini ko‘rib chiqish to‘g‘risida” gi qarori qonunchilikka zid deb topib, uni bekor qilish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Yalpi majlis davomida senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga ta’lim muassasalari bitiruvchilarini ish bilan ta’minlashdagi dolzarb muammolar to‘g‘risida parlament so‘rovi yuborish masalasini ko‘rib chiqdilar.

Mamlakatimizda joriy etilgan “Yoshlar daftari”, “Ayollar daftari”, “Temir daftar” kabi yangi tizimdan ko‘zlangan asosiy maqsad ham aholi, ayniqsa, yoshlar bandligini ta’minlashdan iborat.

“Aholi bandligi to‘g‘risida” gi Qonunining 6-moddasida aholi bandligi sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan biri etib yoshlarni, ayniqsa qishloq joylardagi yoshlarni, umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta’lim tashkilotlari, kasb-hunar maktablari, kasb-hunar kollejlari, texnikumlar, oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarini ishga joylashtirishni ta’minlash bo‘yicha choralarni amalga oshirish belgilangan.

Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi tomonidan ta’lim muassasalari bitiruvchilarini ish bilan ta’minlash borasida o‘tkazilgan o‘rganishlar hozirda nafaqat o‘rta, balki oliy ma’lumotli yoshlar bandligini ta’minlashda ham hal qilinishi zarur bo‘lgan ayrim masalalar borligini ko‘rsatdi.

Respublikamizda 2021 yil 1 yanvar holatiga mavjud bo‘lgan 19,1 mln nafar mehnat resursining 14,8 mln nafari iqtisodiy faol aholi hisoblanadi. Shundan 13,2 mln nafari o‘z ish-joyiga ega, 1,6 mln aholi bandligini ta’minlash talab etiladi. Ulardan 805,2 ming kishidan ortig‘i 16-30 yoshdagi ishsizlardir.

Shuningdek, mehnat bozoriga 2021 yilda jami 560 ming bitiruvchi kirib keladi. Ya’ni, oliy ta’lim muassasalarini 103,1 mingdan ortiq, umumta’lim maktablarini 440 mingga yaqin, akademik litsey va kasb-hunar kollejlarini 18 mingdan ziyod yoshlar tamomlaydi. Natijada 2021 yilda yoshlar bandligini ta’minlash uchun ehtiyoj 1 365,2 ming nafarni tashkil qiladi.

Respublikada 131 ta OTMda bakalavriatda 134 ta ta’lim yo‘nalishi, magistraturada 147 ta mutaxassislik yangidan tashkil qilingan. Oliy ta’lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasida yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasini 2030 yilga qadar 50 foizga yetkazish belgilangan.

Mamlakatimizda 2020/2021 o‘quv yilidan faoliyat boshlagan kollej va texnikumlarga qabul qilingan dastlabki o‘quvchilar 2022 yilda mazkur muassasalarni bitiradi.

Yuqoridagilardan ko‘rinib turibdiki, ta’lim muassasalari bitiruvchilari bandligini ta’minlash yil sayin yanada dolzarb ahamiyatga ega bo‘lib boradi.

Lekin hozirda respublikada aynan tarmoqlar kesimida kvalifikatsion va oliy ma’lumotli kadrlarga bo‘lgan talabni o‘rganish tizimi joriy etilmagan. Oliy o‘quv yurtlariga qabul kvotalarini belgilash va kadrlar tayyorlashda mehnat bozori talablariga yetarlicha e’tibor qaratilmayotgani oqibatida aksar bitiruvchilar o‘z kasbi bo‘yicha ishlamayapti. “Yoshlar daftari” ga kiritilgan o‘g‘il-qizlarning 27,9 ming nafari ishsiz bitiruvchilardan iborat.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan yuritiladigan Yagona Milliy Mehnat Tizimida korxona va tashkilotlarda kadrlarga bo‘lgan ehtiyoj bilan bog‘liq jami 116 mingdan ortiq bo‘sh ish o‘rni (Toshkent shahrida 23 417, Toshkent viloyatida 21 449, Andijon viloyatida 10 634, Farg‘ona viloyatida 9 460, Samarqand viloyatida 8 644, Buxoro viloyatida 8 524) qayd etilgan. Biroq, mazkur tizimdan yoshlar yetarli darajada xabardor emas. Qolaversa, mavjud bo‘sh ish o‘rinlarida taklif qilanayotgan maosh katta mablag‘ sarflab kontrakt asosida ta’lim olgan bitiruvchilarni qanoatlantirmaydi. Jumladan, ayni paytda oliy ma’lumot talab etadigan 19 177 ta bo‘sh ish o‘rni uchun 1 mln so‘mgacha, 26 754 ta bo‘sh ish o‘rni uchun 2 mln so‘mgacha maosh taklif etilyapti.

2020 yilda respublikada jami band bo‘lganlarning 82 foizi yoki 11,1 mln nafar aholi xususiy sektorda mehnat faoliyatini olib bormoqda. Bu esa tadbirkorlik sub’ektlari va oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida maqsadli kadrlar tayyorlash, kadrlarga buyurtma berish tizimida bevosita to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlikni yanada kengaytirish zarurligini anglatadi.

Respublikamizda davlat grantlari asosida tahsil olayotgan bitiruvchilarni ishga taqsimlash OTMni tamomlashdan bir oy avval komissiya tomonidan amalga oshiriladi. Lekin, to‘lov-kontrakt asosida ta’lim olayotganlarni ish bilan ta’minlash masalasi bilan shug‘ullanish bo‘yicha aniq maqsadli choralar belgilanmagan.

OTMda davlat granti asosida tahsil olgan bitiruvchilar diplom olishi uchun kelgusida faoliyat olib boradigan ish joyidan uch tomonlama (talaba, OTM, ishga qabul qiluvchi) shartnoma olib kelishi talab etilayotgan bo‘lib, mazkur jarayon ko‘p hollarda soxta ma’lumotlar ortishigagina xizmat qilyapti.

Shuningdek, tadbirkorlik faoliyati uchun zarur qonun va huquqiy kafolatlarning hayotga to‘liq tatbiq etilmaganligi, byurokratizm, mahalliy rahbarlarning qarshiligi, korrupsiya, tanish-bilishlik, ijtimoiy adolat tamoyilining buzilishi, dastlabki mablag‘ning yo‘qligi, imtiyozli kredit mablag‘larining o‘z vaqtida berilmayotgani, bozor va biznes hakidagi ma’lumotlarning kamligi, tadbirkorlik ko‘chmas mulki ob’ektlarini buzish holatlari mavjudligi kabi masalalar yoshlar tadbirkorligiga to‘siq bo‘layotganligi aytib o‘tildi.

Senatorlar bitiruvchilar bandligini ta’minlash masalasida ilg‘or xorijiy davlatlardagi ijobiy tajribalarni ham o‘rganish zarurligini ham ta’kidladilar. Xususan AQSH universitetlaridagi “Rekruting markazlari”, Yaponiyadagi “umrbod bandlik tizimi”, Finlyandiyaning har bir oliy ta’lim muassasasi tarkibidagi maxsus bandlik xizmati, Qozog‘istondagi “Diplom bilan qishloqqa” kabi dasturlarni ham o‘rganish maqsadga muvofiqligini ta’kidladilar.

Yuqoridagilarni inobatga olib, ta’lim muassasalari bitiruvchilarini ish bilan ta’minlash masalasida hukumatga Parlament so‘rovi yuborish yuzasidan Senatning tegishli qarori qabul qilindi.

Shundan so‘ng Koronavirus pandemiyasidan keyin turizmni tiklash va rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlarning amalga oshirilishi holati yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovi yuborish to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi.

Bo‘lib o‘tgan muhokamalarda senatorlar so‘nggi yillarda O‘zbekiston Respublikasida iqtisodiyotning strategik sohasiga aylangan turizm sohasi pandemiya paytida eng ko‘p zarar ko‘rganligini ta’kidladilar. Xususan, global koronavirus pandemiyasidan oldin mazkur soha o‘z taraqqiyotida eng yuqori ko‘rsatkichlarga erishgan edi. Jumladan, agar 2019 yil oxirida mamlakatga 6,7 ​​mln chet ellik sayyoh tashrif buyurgan bo‘lsa, 2020 yilda bu ko‘rsatkich atigi 1,5 mln sayyohni tashkil etdi. Bundan tashqari, ko‘rilgan zararlar natijasida tadbirkorlarning katta qismi o‘z faoliyatini to‘xtatib turishga majbur bo‘ldi.

Turizm sohasining jadal tiklanishini, chet ellik sayyohlarni mahalliy turistlar bilan almashtirilishini ta’minlash maqsadida mamlakat Prezidentining ikkita farmoni va bitta qarori, shuningdek Vazirlar Mahkamasining uchta qarori qabul qilindi. Ushbu normativ-huquqiy hujjatlar doirasida davlat tomonidan sohani qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qator ustuvor choralar ko‘rildi. Xususan, turizm sohasida o‘z faoliyatini amalga oshiruvchi tadbirkorlik sub’ektlari uchun jami 50 dan ortiq turli xil imtiyoz va preferensiyalar belgilandi.

Shuningdek, mamlakatning bir qator aeroportlarida “ochiq osmon” rejimini o‘rnatish, fuqarolari O‘zbekistonga vizasiz tashrif buyurishi mumkin bo‘lgan mamlakatlar ro‘yxatini kengaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rildi, sayyohlar uchun “Uzbekistan/ Safe travel GUARANTEED” xizmati, ilk bor “Fast Track” sanitariya-epidemiologiya xavfsizlik tizimi joriy etildi. O‘zbekiston shaharlari o‘rtasida yangi aviareyslar va temir yo‘l aloqa yo‘nalishlarini ochish bo‘yicha choralar ko‘rildi, ba’zi milliy bayramlarni nishonlash paytida kamida uch kundan iborat dam olish kunlari belgilanadi.

Shu bilan birga, senatorlar ta’kidlashicha, normativ-huquqiy hujjatlar ijrosi holatini tahlil qilish, Senatga yuridik va jismoniy shaxslardan tushgan murojaatlarni o‘rganish, ekspertlar va tadbirkorlik sub’ektlarining fikrlarini o‘rganish mamlakatda turizm sohasini tiklash bo‘yicha chora-tadbirlar samaradorligini pasaytiradigan qator muammolar va kamchiliklar borligini ko‘rsatdi.

Jumladan, davlat rahbari tomonidan qabul qilingan huquqiy hujjatlarning qoidalari oxirigacha ijro etilmagan, turistlar xavfsizligini ta’minlash tizimini joriy etish jarayoni lozim darajada amalga oshirilmagan, avia- va temir yo‘l orqali tashish narxlari baland.

Muhokama chog‘ida bozorda raqobat kuchayib borayotgan sharoitda turizm sohasini tiklash masalalari turistik xizmatlarni kengaytirishni talab qilishi ham ta’kidlandi. Hozirgi vaqtda xalqaro bozorlarda taklif qilinayotgan turizm turlari sust diversifikatsiya qilingan. Turizmning qator yo‘nalishlari, masalan, Luxury turizm, onlayn-turizm, ov turizm yo‘nalishi salohiyati to‘liq ishga solinmagan va umuman rivojlantirilmagan, tibbiyot turizmini targ‘ib qilish sohasida jiddiy siljish yo‘q. “All inclusive” kabi ommabop sayyohlik xizmatlari shakllaridan foydalanilmaydi.

Bundan tashqari, turizm sohasida kadrlar bilan ishlash sifatini oshirish muhimligi ta’kidlandi. 2019-2020 o‘quv yilida sohada yuqori malakali kadrlarning keskin yetishmasligi kuzatilganiga qaramay, turizm yo‘nalishidagi oliy o‘quv yurtlarini tugatgan bakalavriat bitiruvchilarining 37 foizi ish bilan ta’minlanmagan.

Shuningdek, biznes uchrashuvlar, reklama va press-turlar kabi mashhur shakl va usullardan foydalanishda yuzaga kelgan cheklovlar tufayli turizmni marketing orqali targ‘ib qilish strategiyasini tubdan qayta ko‘rib chiqish talab etiladi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovini yuborish to‘g‘risida Senatning tegishli Qarori qabul qilindi.

Yalpi majlis davomida Vazirlar Mahkamasiga mamlakatimizdagi avtomobil yo‘llari va sun’iy inshootlarning holati hamda transport vositalarining xavfsiz harakatlanishini ta’minlashga doir qonunchilik hujjatlarining ijro etilishi yuzasidan parlament so‘rovi yuborish masalasi ko‘rib chiqildi.

Qayd etilganidek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining joriy yil 12 mart kuni o‘tkazilgan o‘n uchinchi yalpi majlisida senatorlar tomonidan ko‘plab hududlarda avtomobil yo‘llarining bugungi ahvoli achinarli ekanligi, yo‘lning asfalt qoplamasi yog‘ingarchilikdan so‘ng qoniqarsiz holatga kelib qolayotganligi qayd etilgan edi.

Shu munosabat bilan Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi tomonidan mamlakatimizdagi avtomobil yo‘llari va sun’iy inshootlarning holati hamda transport vositalarining xavfsiz harakatlanishini ta’minlashga doir qonunchilik hujjatlarining ijro etilishi o‘rganib chiqildi.

Qayd etish lozimki, mamlakatimiz taraqqiyotining yangi bosqichida yo‘l-transport infratuzilmasini yaxshilash, yo‘l harakati qulayligi va xavfsizligini ta’minlash, sohani tubdan isloh qilish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Biroq, o‘tkazgan tahlillar ushbu sohada qator tizimli muammo hamda kamchiliklar mavjudligini ko‘rsatmoqda. Jumladan:

birinchidan, 2021 yil 1 yanvar holatiga respublikadagi jami 184,8 ming km avtomobil yo‘llari (jumladan, 42,9 ming km umumiy foydalanishdagi, 132 ming km ichki xo‘jaliklararo, 24,8 ming km idoraviy avtomobil yo‘llari va 9,9 ming km shahar ko‘chalari)ning 77,9 ming km  qismi yoki 42,2 foizi ta’mirtalab holatda.

Ayrim avtomobil yo‘llarini qayta qurish va ta’mirlash ishlari yildan-yilga o‘tib, cho‘zilib ketmoqda va yakuniga yetkazilmagan.

Oqibatda aksariyat hollarda yo‘l qoplamasining yuqori qatlami yotqizilmayapti hamda tegishli yo‘llar foydalanishga topshirilmayapti. Bu esa mazkur yo‘llarda saqlash ishlarini olib borishga imkon bermayapti.

Jumladan, belgilangan me’yorlarga zid ravishda yo‘l qoplamasiga mayda donali zich asfalt-beton qoplamasini yotqizmasdan, yirik donali g‘ovak asfalt-betonli quyi qatlam bilan qoldirilmoqda.

Bunday yo‘llarda transport vositalarining muntazam harakatlanishi oqibatida yo‘l qoplamalari juda tez buzilmoqda. Shuningdek yog‘ingarchilik va ob-havo bilan bog‘liq boshqa omillar ham sifatsiz yo‘llarning qisqa muddatlarda yaroqsiz holga kelishiga sabab bo‘lmoqda.

Bundan tashqari, ajratilgan mablag‘larning maqsadsiz sarflanishini keltirib chiqarayotgan bunday sabablar fuqarolarning avtomobil yo‘llarining bugungi holatidan noroziligini ham kuchaytirmoqda.

Eng achinarlisi, avtomobil yo‘llarining ta’mirlash ishlari olib borilayotgan yoki oxiriga yetkazilmasdan qolib ketgan hamda ta’mirlanishi lozim bo‘lgan joylarida fuqarolar jarohati va o‘limi bilan bog‘liq yo‘l- transport hodisalari sodir bo‘lmoqda.

Xususan, 2019-2020 yillar davomida yuz bergan 556 ta ana shunday yo‘l-transport hodisasi oqibatida 240 kishi vafot etgan, 481 kishi jarohat olgan.

Ikkinchidan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil
9 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi yo‘l xo‘jaligi tizimini chuqur isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni bilan umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini, mintaqaviy avtomobil yo‘llarini, ko‘priklarni, yo‘l o‘tkazgichlarni va boshqa sun’iy inshootlarni qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash, shuningdek ularni loyihalashtirish bo‘yicha ishlar faqatgina Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi tasarrufidagi korxonalar tomonidan bajarilishi bilan bog‘liq tartib bekor qilingan.

Biroq, bugungi kunda ham ushbu ishlarning aksariyati Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi tasarrufidagi korxonalar tomonidan bajarilmoqda.

Avtomobil yo‘li qurilishi sohasiga oid barcha funksiyalarning bitta tashkilotda jamlanishi esa avtomobil yo‘llarining sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Misol uchun, Amirsoy tog‘ kurortiga olib boruvchi avtomobil yo‘lini qurish bo‘yicha ishlab chiqilgan loyiha-smeta hujjatlari Transport vazirligi huzuridagi Yo‘l-qurilish ishlari sifatini nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan o‘rganib chiqilib, kamchiliklar mavjudligi sababli me’yoriy hujjatlar talablariga to‘liq moslashtirib, qaytadan ekspertizadan o‘tkazish lozimligi to‘g‘risida xulosa berilgan.

Shundan so‘ng yana ikki marotaba Yo‘l-qurilish ishlari sifatini nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan Toshkent viloyati avtomobil yo‘llari hududiy bosh boshqarmasiga Amirsoy tog‘ kurortiga olib boruvchi avtomobil yo‘lini qurish bo‘yicha ishlab chiqilgan loyiha-smeta hujjatlarini qayta ekspertizadan o‘tkazmasdan turib, qurilish ishlarini olib borish mumkin emasligi to‘g‘risida xatlar yuborilgan bo‘lishiga qaramasdan, “Toshkent viloyati mintaqaviy yo‘llarga buyurtmachi xizmati” davlat unitar korxonasi tomonidan yo‘l qurilishi davom ettirilib, yakuniga yetkazilgan.

Oqibatda joriy yil mart oyida aynan mazkur yo‘lda ko‘chki sodir bo‘lib, avtomobil yo‘liga jiddiy zarar yetkazilgan.

Uchinchidan, Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi tarkibidagi korxona va tashkilotlar balansidagi 161 ta asfalt-beton ishlab chiqarish sexining
107 tasi o‘tgan asrning 90-yillarigacha ishga tushirilgan va bugungi kunda ularning 55 tasi nosoz holatda, 9 tasi esa mutlaqo yaroqsiz. Mavjud asfalt-beton ishlab chiqarish sexlarining bugungi kundagi quvvati bor-yo‘g‘i 66 foizni tashkil qilmoqda.

Bundan tashqari, qayd etilgan sexlarning faqatgina 25 tasida sinov laboratoriyalari mavjud, bor-yo‘g‘i bittasi Davlat rahbari tomonidan qabul qilingan qaror talablari asosida akkreditatsiya qilingan, xolos.

Asfalt-beton mahsulotlarining va pirovardida yo‘l-qurilish ishlarining sifatsizligi mazkur omillarga ham bevosita bog‘liq.

To‘rtinchidan, respublika avtomobil yo‘llarida o‘tkazilgan xatlov natijalariga ko‘ra, bugungi kunda 15 mingga yaqin ko‘prik mavjud bo‘lib, shundan 40 foiz ko‘prik va yo‘l o‘tkazgichlarning ekspluatatsion holati yaroqsiz, qoniqarsiz va ta’mirtalab holatga kelib qolgan.

Bundan tashqari, avtomobil yo‘llarida joylashgan va egasi aniqlanmagan ko‘priklarni saqlovchilarga topshirish ishlari amalga oshirilishi o‘rganilganida 3477 dona ko‘prik o‘z egalariga berilmagani aniqlandi.

O‘z holiga tashlab qo‘yilgan va yaroqsiz holga kelgan ko‘priklar esa fuqarolarning xavfsiz harakatlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda, ularning haqli e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda.

Senatorlar tomonidan mazkur masalaning bugungi kundagi ahamiyatliligi e’tiborga olinib, Senat qarori loyihasi bir ovozdan ma’qullandi.

Shundan so‘ng Davlat xizmatlari ko‘rsatilishi holati yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament so‘rovi natijalari to‘g‘risidagi masala muhokama qilindi.

Ta’kidlanishicha, Qo‘mita a’zolari tomonidan Davlat xizmatlari ko‘rsatilishi holati yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament so‘rovi bo‘yicha taqdim etilgan javobni hududlar kesimida (Andijon, Samarqand, Farg‘ona va Toshkent viloyatlarida) o‘rganib chiqilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati bu borada qator ishlar amalga oshirilganligini qayd etdi. Jumladan, Vazirlar Mahkamasi tomonidan Senat qarori ijrosini ta’minlash bo‘yicha 15 ta banddan iborat chora-tadbirlar rejasi tasdiqlanib, ijroga qaratilgan.

Shu bilan birga, senatorlar tomonidan parlament so‘rovida ko‘tarilgan ayrim masalalar yuzasidan qo‘shimcha choralar ko‘rish lozimligi ta’kidlandi.

Jumladan, parlament so‘rovida ko‘rsatilgan Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan Davlat xizmatlari markazlari orqali dori vositasi
va tibbiy buyumlarning ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risida guvohnoma berish hamda maxsus qo‘llaniladigan biologik aktiv moddalarni chetdan keltirish va ishlab chiqarishga ruxsatnoma berish xizmati joriy etilmagan.

Shuningdek, Xalq ta’limi vazirligi tomonidan ta’lim to‘g‘risidagi hujjatning dublikatini berish bo‘yicha xizmat joriy etilmagan.

Idoralararo elektron ma’lumotlar almashivuni (integratsiya) yo‘lga qo‘yilmaganligi oqibatida vasiylik va homiylik organlari tomonidan yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning qonuniy manfaatlarini ta’minlashda sudlanganlik hamda nomida turar joy mavjud va yo‘qligi haqidagi ma’lumotlar fuqarolardan hamon talab qilinib kelinmoqda.

Jismoniy va yuridik shaxslarga davlat xizmatlarini ko‘rsatishda qo‘llaniladigan elektron ma’lumotlar bazalarini shakllantirish, davlat organlari tomonidan axborot tizimlarini yaratish va ulardagi ma’lumotlar to‘plamlarini raqamlashtirish masalalari ochiq qolgan.

Muhokamada senatorlar tomonidan:

-elektron identifikatsiya tizimi hamda elektron raqamli imzo bilan ishlash tizimini takomillashtirib, amaliyotga to‘liq joriy etishni yo‘lga qo‘yish;

-davlat xizmatlari portalining mobil ilovasini rivojlantirib, jismoniy va yuridik shaxslarga qulay va tez davlat xizmatlari ko‘rsatilishini ta’minlash;

-idoralararo integratsiya darajasini oshirish, arxiv hujjatlarini to‘liq raqamlashtirib, axborot texnologiyalari tizimini yanada rivojlantirish hamda mahalliy Kengashlarda axborotlarni berishni yo‘lga qo‘yish kabi tavsiyalar bildirildi.

Mazkur masala yuzasidan Senatning tegishli qarori qabul qilindi.

Senatorlar 2020 yil Tibbiy-mehnat ekspert komissiyalari tomonidan fuqarolarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish va nogironlikni aniqlash masalalari yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament so‘rovi natijalarini muhokama qildilar.

Mazkur parlament so‘rovi natijalari 2020 yil 21 oktyabrda Senat yalpi majlisida muhokama qilinib, Hukumat tomonidan ayrim masalalarga aniq javob berilmaganligi qayd qilingan edi.

Xususan, tibbiy-mehnat ekspertiza xizmati faoliyatini kompleks tartibga soladigan yagona normativ-huquqiy hujjat mavjud emasligi, fuqarolarning tibbiy-mehnat ekspert komissiyalarida tibbiy ko‘rikdan o‘tish tartibining murakkabligi, nogironlik belgilari aniq ko‘rinib turgan, anatomik nuqsonlari bo‘lgan bemorlarni qo‘shimcha tibbiy tekshiruvdan o‘tkazmasdan turib nogironlik belgilash tizimi yo‘lga qo‘yilmaganligi tanqid qilingan hamda Senat qarori bilan qo‘shimcha muddat va topshiriqlar berilgan edi.

Muhokamada Hukumat tomonidan mazkur masala batafsil o‘rganib chiqilganligi, “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni ijrosini ta’minlash, keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish, ijtimoiy himoya va tibbiy-ijtimoiy yordamning zamonaviy mexanizmlarini amalga oshirishda yangi yondashuvlarni joriy etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 25 martdagi “Keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, “Saxovat” va “Muruvvat” internat uylari tizimini yanada rivojlantirish to‘g‘risida”gi PF–6195-sonli Farmoni qabul qilinganligi qayd etildi.

Shuningdek, tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya xizmati sifatini oshirish, tizim xodimlarining malaka va kasb mahoratini oshirishni nazarda tutuvchi Davlat tomonidan ko‘rsatiladigan tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni takomillashtirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” tasdiqlangan.

Senatorlar tomonidan “Yo‘l xaritasi”da nogironlikni belgilashda shaxsni “tibbiy-mehnat” ekspertizadan o‘tkazish tizimidan voz kechilib, “tibbiy-ijtimoiy” ekspertizadan o‘tkazish tizimiga o‘tish, o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan bolalarni nogironligi bo‘lgan shaxs deb topish bo‘yicha pediatriya tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalarini tashkil qilish, nogironlikni belgilashni yagona tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari tizimi tomonidan amalga oshirish kabi vazifalar o‘z aksini topganligi ta’kidlandi.

Davlat tomonidan ko‘rsatiladigan tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni yaxshilash bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” ijrosi doimiy nazoratda bo‘lishi yuzasidan Senat qarori qabul qilindi.

Yalpi majlisda ko‘rilgan navbatdagi masala — Ilmiy faoliyatni rivojlantirish uchun ko‘rilayotgan choralar holati yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament so‘rovi natijalari.

Majlisda Oliy Majlis Senatining 2020 yil 11 sentyabrdagi qarori bilan Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament so‘rovi natijalari 2020 yil 5 fevraldagi Senat yalpi majlisida muhokama qilinib, so‘rovda ko‘tarilgan masalalarga yetarlicha javob berilmaganligi qayd qilingan.

Xususan, ilm-fanga yo‘naltiriladigan jami mablag‘larning yalpi ichki mahsulotga nisbatan 2021 yilga ulushi ko‘rsatilmaganligi, doktorantlar bilan ishlash, ular tomonidan olib borilayotgan ishlarni monitoring qilish o‘z holiga tashlab qo‘yilganligi, mustaqil tadqiqotchilar va professor-o‘qituvchilarni maqolalari nufuziga qarab moddiy rag‘batlantirish tizimi haqida ma’lumot berilmaganligi, ilmiy salohiyatni oshirish yo‘nalishida tahlillar, rejalar va aniq takliflar berilmaganligi, oliy ta’lim muassasalarining axborot-resurs markazi tizimini isloh qilish, ularning ilmiy va badiiy kitob fondini yangilash bo‘yicha aniq choralar belgilanmaganligi tanqid qilingan hamda Senat qarori bilan qo‘shimcha muddat va topshiriqlar berilgan.

Muhokamada parlament so‘rovi Vazirlar Mahkamasi Rayosatining majlisida muhokama qilinib, ilm-fan va ilmiy faoliyat sohasini rivojlantirish yuzasidan 2021 yilda belgilangan ustuvor vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi tasdiqlanganligi hamda parlament so‘rovida qo‘yilgan masalalarga yuzaki yondashgan mutasaddilarning mas’uliyatini oshirish choralari ko‘rilganligi alohida ta’kidlandi.

Parlament so‘rovida ko‘tarilgan muammolarni bartaraf etishga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlar ishlab chiqilgan. Xususan, milliy ilm-fan va innovatsiya tizimini ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotdagi o‘rnini oshirish, hududlarda innovatsion faoliyatni rivojlantirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmon va qarori qabul qilingan.

Shuningdek Vazirlar Mahkamasining ilm-fan sohasiga Jahon bankining 50 mln AQSH dollari ekvivalentidagi imtiyozli qarz mablag‘larini jalb qilishga qaratilgan 2021 yil 3 aprelda “Xalqaro taraqqiyot uyushmasi ishtirokida “O‘zbekiston milliy innovatsion tizimini modernizatsiya qilish” loyihasini amalga oshirish 
chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan.

Mustaqil tadqiqotchi va professor-o‘qituvchilarning maqolalari nufuziga qarab moddiy rag‘batlantirish tizimi yaxshilangan.

Shu bilan birga senatorlar tomonidan doktorantlar bilan ishlash, ular tomonidan olib borilayotgan ishlarni nazorat (monitoring) qilish choralari yetarli darajada tashkil etilmaganligi, jumladan, so‘nggi to‘rt yil mobaynida ilmiy darajali kadrlar tayyorlash institutlari mavjud bo‘lgan 125 ta oliy ta’lim muassasalari va ilmiy tashkilotlarda jami 1 795 nafar tadqiqodchi doktorantura bosqichini tamomlagan bo‘lsa-da, ularning faqatgina 1 080 nafari (60,2 foiz) ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiyasini belgilangan tartibda himoya qilganligi (shundan 313 nafari yoki 29,0 foizi o‘z muddatida himoya qilgan)  tanqid qilindi.

Majlisda parlament so‘rovida belgilangan masalalar yuzasidan Hukumat tomonidan qabul qilingan chora-tadbirlar rejasining ijrosi Senat nazoratida qoldirilishi to‘g‘risida Senat qarori qabul qilindi.

Qolaversa, yalpi majlisda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tarkibiga o‘zgartirishlar kiritish masalasi ko‘rib chiqildi. Shu jumladan, Senat qarori bilan Oliy sud sudyalari Rahmatilla Salaydinovich Orziqulov hamda Shuhrat Esanbayevich Rajabov boshqa ishga o‘tganliklari munosabati bilan Oliy sud sudyasi lavozimidan ozod etildi.

Shuningdek, Oliy Majlis Senati Kengashining qarorlari tasdiqlandi.

Yalpi majlisda 23 ta masala, shu jumladan, 11ta qonun muhokama qilindi.

Shuning bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n beshinchi yalpi majlisi o‘z ishini yakunladi.

 

O‘zbekiston Respublikasi

Oliy Majlisi Senati

Axborot xizmati