Hindistonning Lakxnau shahrida U-18 o‘smirlar va U-20 yoshlar jamoalari o‘rtasidagi Xalqaro gandbol federatsiyasi kubogining Osiyo qit’asi bosqichida O‘zbekiston jamoalari o‘ziga xos o‘yin namoyish etdi.
Har ikki yosh toifasidagi terma jamoalarimiz final ostonasiga qadam qo‘ydi.
U-20 yoshlar kubogida birinchi finalchini aniqlash uchun o‘tgan musobaqa avvalida mutaxassislar bangladeshliklar g‘olib bo‘lishini bashorat qilishgan edi. Biroq, g‘alabaga bo‘lgan kuchli irodasini namoyish etgan O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari Bangladesh gandbolchilarini 34:20 (18:9) hisobida dog‘da qoldirdi.
Bu, ushbu yosh toifasida qit’a bosqichi g‘olibligi uchun O‘zbekiston, bronza medali uchun bangladeshlik gandbolchilar maydonga tushishiga olib keldi.
Bugun, 7 yanvar kuni U-20 yosh toifasida hamyurtlarimiz g‘oliblik uchun Qozog‘iston jamoasiga qarshi maydonga tushadi. Ushbu yosh toifasidagi bronza medali egasi Bangladesh – Hindiston jamoalari o‘yini orqali aniqlanadi.
Osiyo qit’asi bosqichining U-18 yosh toifasida ham hamyurtlarimiz akalari singari Bangladesh jamoasini dog‘da qoldirdi.
Musobaqaning yarim finalida O‘zbekiston U-18 jamoasi Bangladesh U-18 jamoasini birinchi bo‘limda 18:13, umumiy hisobda 42:22 ko‘rinishida finaldan mosuvo etdi.
Bugun O‘zbekiston U-18 o‘smirlarimiz Hindiston jamoasiga qarshi final bahsida ro‘baro‘ keladi.
Eslatib o‘tamiz, U-18 o‘smirlar va U-20 yoshlar jamoalari o‘rtasidagi Xalqaro gandbol federatsiyasi kubogi Osiyo qit’asi finalida O‘zbekiston jamoalari g‘oliblik uchun maydonga tushadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA