O‘zbekistonda bug‘doy o‘simligida kasallikni qo‘zg‘atuvchi zamburug‘larning 26ta turi qayd etilgan. Sariq va qo‘ng‘ir zang, un-shudring, septorioz, sariq dog‘lanish, ildiz chirish hamda qorakuya kabilar shular jumlasidandir. Ushbu kasalliklar ichida eng xavflisi sariq zang bo‘lib, u hosilni deyarli nobud qiladi va ekinlarga jiddiy ziyon yetkazadi.
G‘alla maydonlari profilaktik ishlovdan so‘ng muntazam kuzatib borilishi kerak. Kasallik belgilari paydo bo‘lsa, takroriy ishlovlar o‘tkazilishi zarur. O‘rtacha 23 darajadan yuqori bo‘lgan haroratda kasallik rivojlanishi to‘xtaydi. Ammo, zamburug‘ o‘lmaydi, harorat pasayganda yana ko‘payishni davom etaveradi.
Albatta unga qarshi davo mavjud, biroq dehqonlarimizning katta mablag‘i evaziga bartaraf etiladi. Masalan, bir gektar maydonga o‘rtacha 300 ming so‘mlik fungitsid purkash talab etiladi va bu bir martada bartaraf bo‘lmaydi. Ushbu dori purkalganidan so‘ng ekologiya, atrof-muhitga katta ziyon yetishi mumkin. Bundan tashqari ishchilarning ish haqlari, texnika, yoqilg‘i sarfini hisobga olsak fermerlarga qanchalik qiyin bo‘lishini tasavvur qilsa bo‘ladi.
O‘simliklar genetik resurslari ilmiy-tadqiqot instituti olimlarining sa’y-harakati bilan ushbu sariq zang kasalligiga chidamli yangi bug‘doy navi yaratildi. Hozirda tajriba-sinov maydonlarida ko‘paytirilmoqda. Kelgusida respublikamiz bo‘yicha ommaviylashtirish reja qilingan.
– Zang kasalligi bug‘doy rivojlanishida eng xavfli kasallik deb tan olingan, – deydi O‘simliklar genetik resurslari ilmiy-tadqiqot instituti bo‘lim boshlig‘i, dotsent Dilshod Musulmonov. – So‘nggi paytlarda zang kasalligiga qarshi navlar yurtimizda ko‘payib bormoqda. Biz jahon genofondi asosida bir qancha navlar yaratdik. Bular: “Obod”, “Nurafshon”, “Barqaror”, “Oqsuv” navlari.
Bizni sharoitda asosan sariq zang kasalligi keng tarqalgan bo‘lib, g‘alla hosildorligi bo‘yicha 20 yillik tadqiqotlar natijasida zang kasalligini chuqur o‘rganganimizda kasallik kuchli kelgan yillarda 90 % hosildorlik pasayib ketishiga sabab bo‘larkan.
Institutimiz tomonidan yangi navlar bo‘yicha boshlang‘ich urug‘lik tayyorlash yo‘lga qo‘yildi va yangi navlar aynan zang kasalligiga bardoshli ekanligi ma’lum bo‘ldi.
Umuman har bir sohada ilm qilish, yangilik yaratish igna bilan quduq qazigandek murakkab jarayon. Yosh olim Dilshodbekning sohaga qo‘ygan mehri va metin irodasi, 12 yillik mashaqqatli mehnati evaziga O‘zbekistonning iqtisodiyoti va qishloq xo‘jaligi taraqqiyotiga xizmat qiluvchi yangi nav yaratildi.
Joriy yilda O‘simliklar genetik resurslari ilmiy-tadqiqot institutining o‘zi ham katta mablag‘ evaziga kapital ta’mirlanadi, olimlarga yetarlicha shart-sharoitlar yaratiladi. Yangi laboratoriya uskunalari keltiriladi va o‘ylaymizki ana shunday ixtirolar yurtimizda bardavom bo‘ladi.
Sanjar Toshpo‘latov, Nishonboy Abduvoyitov, Ulug‘bek To‘xtayev(video), O‘zA