Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Ellikqal’a tuman bo‘linmasi tomonidan mahallalarda ijtimoiy ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni oldini olish maqsadida mahalla yoshlar yetakchilari bilan yig‘ilish o‘tkazildi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar ta’kidlaganidek, mamlakatimizda Yangi O‘zbekistonni barpo etishdek ulug‘ maqsadga erishish yo‘lida asosiy tayanchimiz bo‘lgan shijoatli yoshlarga e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, ularga barcha sohalarda o‘z iqtidori va salohiyatini to‘liq namoyon etishi uchun zarur sharoit va imkoniyatlar yaratib berish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi hisoblanadi.

Tadbirda bir qator mahalla yetakchilari so‘zga chiqib, yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirish, hududlarda ijtimoiy muhitni yaxshilash va jinoiy holatlarni kamaytirish yo‘llari bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi. “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili”da ma’naviy-ma’rifiy sohada amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar belgiladi.

Tadbir yakunida “Kino-karvon” loyihasi doirasida Yoshlar ishlari agentligi tomonidan tayyorlangan “Ilm olish”  nomli videorolik namoyish etildi. Mahalla yoshlar yetakchilari bilan birgalikda videorolikning mazmun-mohiyati muhokama qilindi.

– Bilim va ma’naviyat mustahkam bo‘lsa, iqtisodiyot ham yaxshi rivojlanadi, degan edi davlatimiz rahbari – deydi respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Ellikqal’a tuman bo‘linmasi rahbari Aysha Matniyazova. – Yoshlar bilan ishlashning yangicha boshqaruv mexanizmlarini joriy etish, ular bilan ishlashning vertikal tizimini yaratish, yoshlar muammolarini bevosita mahallalarda hal etish, ta’lim muassasalarida ma’naviy-ma’rifiy va tarbiyaviy ishlarning samaradorligini yanada oshirish maqsadida Prezidentimizning 2022 yil 19 yanvardagi “Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Uchrashuvni o‘tkazishdan maqsad yoshlar hayotidagi muammolarning mahallalarning o‘zida hal etish, ular bilan ishlash samaradorligini oshirish, ularni milliy qadriyatlarimizga hurmat, ona Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalashdan iborat.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri