Amerika Qo‘shma Shtatlarida kuzatilayotgan qor bo‘roni hozirgacha to‘rt kishining hayotiga zomin bo‘ldi. Yetti shtatni qamrab olgan bunday halokatli iqlim yuz minglab odamlarni elektrsiz qoldirdi. Milliy ob-havo xizmati (NWS) taxminan 60 millionga yaqin aholi mushkul ahvoldaligini bildirdi. Bu haqda “Euronews” yozgan.
Dam olish kunlari janubga tomon harakatlangan qutb girdobi ulkan quruqlik hududini muz, qor va shamol bilan qopladi. Kanzas, Missuri, Merilend, Kentukki, Virjiniya, G‘arbiy Virjiniya, Arkanzas, Vashington va Nyu-Jersi shtatlarining ba’zi qismlarida favqulodda holat e’lon qilindi.
Haddan ziyod sovuq oqim, odatda, Shimoliy qutb atrofida aylanadi, ba’zan Kanada, AQSH, Yevropa va Osiyoda ham paydo bo‘ladi. Tadqiqot ko‘rsatdiki, Arktikaning tez isishi qisman qutbli girdob chastotasi ko‘tarilishiga sabab bo‘lmoqda.
Bir necha shtatning ko‘plab shaharlarida ta’lim muassasalari yopildi.
Kecha kamida 250 000 xonadon elektr va issiqlikdan uzildi, chunki kuchli shamol infratuzilmaga zarar yetkazgan. Missuri shtati rasmiylari yakshanba oqshomida 350 dan ortiq avtohalokat sodir bo‘lganini qayd etdi.
Minglab samolyot parvozi, jumladan 2500 dan ko‘p ichki, 6500 ga yaqin xalqaro reys bekor qilindi.
Musulmon Ziyo, O‘zA