2021 yil 22 iyunda “Mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatiga «E-qaror» elektron tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan.

Qarorga muvofiq, “E-qaror” elektron tizimi respublikaning barcha darajadagi mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatiga joriy etilib, qabul qilinayotgan qaror va farmoyishlarning monitoringini yuritish adliya organlari zimmasiga yuklatilgan.

Qaror ijrosi doirasida Adliya vazirligida “E-qaror” elektron tizimi orqali monitoring jarayonlarini takomillashtirish, amalga oshirilgan ishlar hamda amaliyotdagi kamchiliklar va ularni bartaraf etish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish yuzasidan seminar o‘tkazildi.

Vazirlik tomonidan asossiz yashirilgan hamda noqonuniy ravishda e’lon qilingan mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlari hududiy adliya boshqarmalariga ta’sir choralarini qo‘llash va qarorlarni qonunchilik hujjatlariga muvofiqlashtirish uchun yuborilib kelinmoqda hamda doimiy ravishda monitoring ishlari amalga oshirilmoqda.

Seminarda hududiy adliya boshqarmalari mas’ul xodimlari tomonidan tizimni takomillashtirish, shuningdek, monitoring jarayonlarini jadallashtirish yuzasidan bir qancha takliflar bildirildi. Jumladan, tizimga bir qancha platformalarni integratsiya qilish hamda tizim orqali qarorlarni qabul qilish, huquqiy ekspertiza hamda monitoring (tahlil) qilish jarayonlariga sun’iy intellektni joriy etish masalalari muhokama qilindi.

N.Abduraimova, O‘zA