Adliya vazirligi tomonidan vakolatli organlarning ko‘rsatayotgan davlat xizmatlari doimiy ravishda monitoring qilinmoqda. Aniqlangan qonunchilik buzilishi holatlari yuzasidan ma’muriy jazo choralari qo‘llanilmoqda.

Jumladan, Xalqaro imtihon tizimlari bo‘yicha yuqori ball (daraja) olgan yoshlarga o‘qish va imtihon topshirish xarajatlarini to‘liq qoplab berish bo‘yicha davlat xizmati monitoring qilindi.

Monitoring jarayonida xalqaro imtihon tizimlari bo‘yicha yuqori ball (daraja) olgan 309 nafar yoshlarga imtihon topshirish xarajatlari qoplab berilmagani aniqlandi.

Shu sababli, Yoshlar ishlari agentligiga imtihon topshirish xarajatlarini ma’muriy reglamentga muvofiq to‘liq qoplab berilishini ta’minlash yuzasidan taqdimnoma kiritildi.

Mazkur taqdimnoma ijrosi natijasida jami 132 nafar yoshlarning 236 million 850 ming so‘m miqdoridagi imtihon topshirish xarajatlari to‘liq qoplab berilishi ta’minlandi.

Bugungi kunda vakolatli organ tomonidan qolgan 177 nafar yoshlarning imtihon topshirish xarajatlarini qoplab berish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilmoqda.

Shu bilan birga, aniqlangan qonunbuzilishi holatlari yuzasidan Yoshlar ishlari agentligi mas’ul xodimi ma’muriy javobgarlikka tortildi.

N.Abduraimova, O‘zA