Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda mamlakatimiz hayotiga daxldor bo‘lgan qator qonun loyihalari ko‘rib chiqildi.
Jumladan, fraksiya yig‘ilishida sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish tizimini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Qayd etilganidek, ushbu qonun loyihasi bilan ijro ishi yurituvlari bo‘yicha yagona elektron bazasi yuritilishi, shuningdek, qarzdorning undiruv qaratilishi mumkin bo‘lgan mol-mulki yoki daromadlari bo‘lmasa va uning mol-mulki yoki daromadlarini qidirish yuzasidan davlat ijrochisi tomonidan qonunda yo‘l qo‘yiladigan doirada ko‘rilgan barcha choralar natijasiz bo‘lsa, ijro ishi yuritish davomida qarzdor uchun belgilangan cheklovlar qarzdorlik to‘liq qoplanganidan so‘ng bekor qilinishi tartibi belgilanmoqda.
Bundan tashqari, Soliq kodeksiga ham bir qator o‘zgartirishlar kiritilyapti. Xususan, shaxsning zimmasiga ijro ishi yurituvi tartibida yuklatilgan jarimalar soliqlar yoki yig‘imlar jumlasiga kirmasligi, majburiyatlar reyestriga kiritilgan soliq qarzining hisobi alohida yuritilishi hamda ushbu reyestrga kiritilgan sanadan boshlab penya hisoblanmasligi, majburiyatlar reyestriga kiritilgan sanadan boshlab o‘n yil davomida to‘lanmagan soliq qarzi umidsiz soliq qarzi hisoblanishi bilan bog‘liq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Muhokamalarda deputatlar mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini to‘liq va so‘zsiz ijro etishni ta’minlashga, jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlarini samarali himoya qilishga xizmat qilishini ta’kidladilar.
Muhtarama Komilova, O‘zA