2025 yilning ostona xatlashi bilan xalqaro sport maydonlarida bo‘lgani kabi Osiyo qit’asida ham bir qator sport turlari bo‘yicha turnirlar, chempionatlar, xalqaro o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari boshlanib ketdi.

Shu kunlarda Osiyo mamlakatlari joriy yilning 7-14 fevral kunlari Xitoyning Xarbin shahrida bo‘lib o‘tadigan IX qishki Osiyo o‘yinlariga qizg‘in hozirlik ko‘rmoqda. Kuni kecha Osiyo Olimpiya Kengashi(OSA) IX qishki Osiyo o‘yinlari oldidan 45 ta milliy olimpiya qo‘mitasiga qishki sport turlari bo‘yicha sportchilar komissiyasi a’zoligiga nomzodlar uchun saylov o‘tkazish bo‘yicha so‘rov yo‘llaganini e’lon qildi.

So‘rovda keltirilishicha, milliy olimpiya qo‘mitalari saylovga o‘z nomzodlarini ko‘rsatish istagida bo‘lsa, ular joriy yilning 10 yanvariga qadar tegishli hujjatlarni Osiyo Olimpiya Kengashiga taqdim etishi lozim bo‘ladi. Nomzodlar IX qishki Osiyo o‘yinlaridan tashqari oldingi ikkita qit’a o‘yinlarida ishtirok etgan bo‘lishi talab etilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Sport vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, mamlakatimizning 20 nafardan ziyod sportchilari alpinizm, biatlon, tog‘ chang‘isi, figurali uchish, konkida yugurish, short trek yo‘nalishlarida Vatanimiz sharafini himoya qilishi kutilmoqda.

Sportchilar komissiyasiga nomzod tavsiya etish borasida esa O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi tomonidan o‘rganish ishlari olib borilmoqda. Aytish lozim, hozirda Osiyo Olimpiya Kengashi(OSA) sportchilar komissiyasi raisligini stol tennisi bo‘yicha uch karra Olimpiya o‘yinlari g‘olibi, sakkiz marta jahon chempioni Din Nin olib bormoqda. Uning o‘rinbosari olti karra qishki Olimpiya o‘yinlari ishtirokchisi hindistonlik Shiva Keshavan hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, IX qishki Osiyo o‘yinlarida qit’a sportchilari 11 ta sport turi bo‘yicha 64 ta musobaqalar dasturida ishtirok etadi.

T.Ro‘ziyev, O‘zA