Hech kimga sir emas, so‘ngi yillarda har ikki qurilayotgan uyning bittasi o‘z vaqtida foydalanishga topshirilmaydi. Vaziyat shu darajaga yetganki, ba’zi turar joy majmualari topshirilishi va’da qilingan vaqtdan 3-4 yillab kechikmoqda yoki umuman qurilmasdan qolmoqda. Buni ijtimoiy tarmoqlarda aholining murojaatlaridan va agentligimizga kelib tushayotgan murojaatlardan bilish qiyin emas.

Davlatimiz bu vaziyatni shunchaki tashlab qo‘yolmasdi. Bu masala ustida jiddiy ishlar olib borilmoqda. Jumladan, davlatimiz rahbari topshirig‘i bilan fuqarolarning, ya’ni uy sotib oluvchilarning huquqlarini kafolatlaydigan eskrou tizimini joriy etish ustida ish olib borilmoqda.

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi bo‘lim boshlig‘i Davron Meliyev bilan suhbatimiz shu haqida bo‘ladi.

– Eskrou tizimi joriy etilsa, uy olayotgan fuqarolar quruvchilarga aldanmaydimi?

– Endilikda fuqaro eskrou tizimida o‘zining mablag‘ini quruvchining qo‘liga bermaydi, – deydi Davron Meliyev. – Tijorat bankida ochilgan eskrou hisob raqamiga tushiradi. Qurilish jarayonida bu hisob raqamdagi pulga tegilmaydi. Pudratchi uyni belgilangan muddatda qurib, to‘liq qurilishni yakunlagandagina eskrou hisob raqamidagi pulni olishga ruxsat beriladi. Bu yerda fuqaroning huquqi kafolatlanadi. Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi ishlab chiqayotgan yangi tizim orqali fuqarolarning pul mablag‘lari bank vositachiligida ishonchli developerga beriladi. Bunda quruvchi ishning 30 foizini o‘z mablag‘lari hisobidan amalga oshiradi, qolgan 70 foizini bank qoplaydi. Mazkur platformaga to‘xtaladigan bo‘lsak, yillar davomida ko‘plab xorijiy davlatlarda joriy etilgan va muntazam ravishda takomillashtirib borilgan. Xususan, bu borada Rossiyada maxsus qonun ishlaydi. O‘zbekiston ham shu va boshqa mamlakatlar tajribasini o‘rganib, ushbu amaliyotni yo‘lga qo‘ymoqda. Yangi tizimning joriy etilishida bir nechta qonunlarga o‘zgartirish kiritish talab etiladi. Afzal tomoni esa fuqarolarning mablag‘lari himoyalanadi.

Shuni ham aytish joiz, mazkur tizim, tadbirkorlik sub’ektlari uchun ham ma’qul bo‘ladi. Sababi, qurilishda ikkinchi sub’ektning ulushdor bo‘lishiga ishonchi paydo bo‘ladi. Ko‘pgina mamlakatlarda ulush kiritish bilan quriladigan uylarning elektron tizimlari ham yaratilgan va bunday uy-joylar platformada ro‘yxatga olinadi.

Avvalo, tadbirkorlar uy-joyi qurilishida qonuniy rasmiylashtiruvga ahamiyat berishlari kerak bo‘ladi. Boisi, shunday holatlar shu kungacha ko‘p bo‘lib turgan, uy noqonuniy qurilgan. Ammo kadastrga ro‘yxatga qo‘yilmaydi, qachonki hammasi qonuniy amalga oshirilgandan keyin uylarga kadastr hujjati beriladi.

– Bank qanday qilib, ishonchli developerlarni aniqlaydi?

– Bu borada chet el amaliyotini o‘rganganimizda platformaga ulushdor jalb qilinib ro‘yxatga kiritiladi. Eskrou hisob raqami ochilganda banklar quruvchining byudjetini o‘rganadi. Bank orqali mablag‘lar ishonchli kompaniyalarga o‘tkaziladi. Buning ustida hozir ishlanyapti. Bank yoki Qurilish vazirligi ishonchli kompaniyalarni ko‘rib chiqadi. Bu yerda uy-joy quruvchi qurilish tashkiloti bo‘lmasligi mumkin, balki investor ham bo‘lishi mumkin va alohida qurilish tashkilotini jalb qilishi mumkin. Pudratchi tashkilotlar faoliyati reytingi har oy baholanadi. Tizimning o‘zi ularni saralab boradi. Chuqurlashtirilgan tahlilda, masalan, chet el amaliyotida bu vazifani banklar bajaradi. Bank uy-joy qurilishini va uning byudjeti asosini o‘rganib chiqadi. Bu investorlarning to‘lovga qobiliyatliligini, tarixi va oldingi qurilishlarda qay ahvolda faoliyat yuritganini tekshiradi.

– Eskrou tizimi uy-joy narxlari oshishiga olib keladimi?

– Eskrou tizimi joriy etilganda uy-joylarning narxi oshmaydi, deb aytib bo‘lmaydi. Ko‘plab davlatlarda uy-joy narxlari oshib boradi yoki tushadi. Misol uchun, ayrim mamlakatlarda 10 foizga narxlar oshgan, boshqa joylarda 3 foizga pasayish kuzatilgan. Qonuniy ravishda ro‘yxatga qo‘yilganda, ob’ektning narxi sifatiga bog‘liq bo‘ladi. Qurilish sifatini nazorat qilish texnik nazoratchilar tomonidan amalga oshiriladi. Bu esa uy-joyning umumiy narxiga ta’sir qilishi mumkin. Buning sababi, bugungi kunda uy-joylarning qurilishida 1 ta muammo mavjud. Misol uchun, qurilishda byudjetdan tashqari korxonalar ob’ektlarini inobatga oladigan bo‘lsangiz u yerda pudratchi quradi va buyurtmachi ana shu qurilishning texnik nazoratini ham amalga oshiradi. Uy-joy qurilishida aynan texnik nazoratni yo‘lga qo‘yish ancha bosh og‘rig‘i bo‘lib turgan holat edi. Eskrou tizimi joriy etilgandan keyin bank uy-joyning o‘z vaqtida qurilishini nazorat qiladi. Bu tizim uy-joy qurilishida har tomonlama sifatni oshiradi. Ob’ektning loyiha smeta hujjatlariga mos ketayotganini, sifatli qurilishni ta’minlaydi.

Bir so‘z bilan aytganda, endilikda belgilangan muddatda uy egalariga topshirilmasa, fuqaro to‘lagan mablag‘larini 3 oy o‘tib eskrou hisob raqami ochilgan bankdan qaytarib olishi mumkin. Qurilishi tugallanmagan uy esa bankka o‘tkazilib, quruvchi bilan ishni yakunlash choralari ko‘rib chiqiladi yoki bank uyni boshqa tadbirkorga beradi. Eskrou tizimi bo‘yicha qonun loyihasi ishlab chiqilishida va jarayonlar davomida jamoatchilik hamda uy-joy quruvchilarining fikri o‘rganiladi.

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA