Qaror va ijro
D.I.Mendeleyev nomidagi Rossiya kimyo-texnologiya universitetining Toshkent shahridagi filialining yangi binosi foydalanishga topshirildi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tantanali marosimda har ikki tomonning mas’ullari, olimlar, o‘qituvchilar, talaba-yoshlar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidov, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Xorijiy mamlakatlar bilan hududlararo va madaniy aloqalar bo‘yicha boshqarma boshlig‘ining o‘rinbosari Anton Rыbakov, O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov, Rossiya Federatsiyasi Fan va oliy ta’lim vazirining o‘rinbosari Dmitriy Afanasev va boshqalar ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalar barcha sohalar kabi fan va ta’lim sohasida o‘zaro hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilayotganini ta’kidladi.
Qayd etilganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 7 iyundagi “Toshkent shahrida “D.I.Mendeleyev nomidagi Rossiya kimyo-texnologiya universiteti” Federal davlat byudjeti oliy ta’lim muassasasi filialini tashkil etish to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, Toshkent shahrida 2019-2020 o‘quv yilida D.I.Mendeleyev nomidagi Rossiya kimyo-texnologiya universitetining filiali o‘z ishini boshlagan edi.
Mazkur filial bakalavr va magistratura yo‘nalishlari bo‘yicha barcha darajadagi mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishga ixtisoslashgan. Filial respublikaning sanoat tarmoqlaridagi muhim ilmiy-texnologik vazifalarni hal etishga qodir bo‘lgan yuqori malakali muhandis-texnik kadrlarni xalqaro ta’lim standartlariga mos tayyorlaydi. Shu bilan birga, bu yerda nanomateriallar kimyoviy texnologiyasi, materialshunoslik va materiallarni korroziyadan saqlash, materiallarga badiiy ishlov berish texnologiyasi va sanoat ishlab chiqarishining boshqa sohalarida fundamental va ilmiy-amaliy tadqiqotlar o‘tkaziladi.
bugungi kunda universitetning Toshkent shahridagi filialida ingliz tili va jismoniy tarbiya mashg‘ulotlarini yuqori malakali mahalliy o‘qituvchilar, qolgan barcha maxsus fanlar bo‘yicha o‘quvlar D.I.Mendeleyev nomidagi Rossiya kimyo-texnologiya universiteti professor-o‘qituvchilari tomonidan olib boriladi.
– Universitetimiz tarixida ushbu kun juda muhim hisoblanadi, – dedi D.I.Mendeleyev nomidagi Rossiya kimyo-texnologiya universiteti rektori Aleksandr Majuga. – Birinchi xalqaro filialimizni ochdik. Bu loyihani to‘rt yil oldin boshlagan edik. Mana to‘rt yil o‘tib, bu yerda zamonaviy ta’lim dargohimizga ega bo‘ldik. Rossiya va O‘zbekiston rahbariyatiga o‘z minnatdorligimni bildiraman. Chunki sizlarning ko‘magingiz tufayli shunday natijaga erishdik.
Filial binosi zamonaviy dizayn va o‘ziga xosligi bilan kishi diqqatini tortadi. Bino o‘quv-laboratoriya, kutubxona fondi, kompyuter va boshqa o‘quv jihozlari bilan ta’minlangan. Filial yana katta ma’ruzalar zali, 2-qavatli laboratoriya binosi, yopiq sport zal, 3 ta ochiq sport maydoni, 200 o‘rinli oshxona, 225 o‘rinli yotoqxona hamda o‘z amfiteatriga ega.
– Ushbu filialning ochilishi “O‘zkimyosanoat”ning ehtiyojini qoplash va kadrlar yetkazib berishga qaratilgan. Hozir bu yerda 200 nafardan ortiq talaba o‘qimoqda. Bular kelajakda “O‘zkimyosanaot” AJ tarkibidagi korxonalarda ishlaydi. Filialimizning yangi binosi foydalanishga topshirilganidan barchamiz xursandmiz. Bunday imkoniyat jamoamiz va talabalar uchun katta ishonchdir, – dedi Filial ijrochi direktorining o‘quv va tarbiyaviy ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Nilufar Yunusova.
Tadbir doirasida ishtirokchilar bu yerda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
Nasiba ZIYODULLAEVA, O‘zA