Sohibqiron Amir Temur tavalludi oldidan

Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonligi tashabbusi bilan yirik davlat arbobi, buyuk sarkarda, markazlashgan davlat asoschisi, ilm-fan va madaniyat homiysi Amir Temur bobomiz tavalludining 685 yilligi munosabati bilan ochiq osmon ostida badiiy kecha o‘tkazildi.

Bu haqda Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati O‘zAga xabar berdi.

Buyuk ajdodimiz Amir Temur ibn amir Tarag‘ay 1336 yil 9 aprelda Kesh (Shahrisabz)ning Xo‘ja Ilg‘or qishlog‘ida dunyoga kelgan. Uning otasi amir Muhammad Tarag‘ay barlos ulusiga mansub beklardan, bahodir jangchi, ulamoyu fuzaloga ixlosmand, ilm ahliga homiy va ishtiyoqmand kishi bo‘lgan.

Manbalarda Amir Temurning yoshligi haqida ma’lumotlar kam uchrasa-da, ayrimiga qaraganda, u yoshligida xat-savod chiqarib, o‘z davrining tibbiyot, riyoziyot, falakiyot, me’morchilik va tarix ilmlarini o‘rgangani aytiladi. Amir Temur bilan suhbatlashish sharafiga muyassar bo‘lgan buyuk arab faylasufi Ibn Xaldun jahongir turk, arab, fors xalqlari tarixini, diniy, dunyoviy va falsafiy bilimlarning murakkab jihatlarigacha yaxshi o‘zlashtirganini ta’kidlaydi.

Muhtasham Nukus garnizoni Ma’naviyat va ma’rifat markazi binosi oldida o‘tgan kechada Qoraqalpoq davlat yosh tomoshabinlar teatri aktyorlari tomonidan Amir Temur obrazi mohirona gavdalantirilib, o‘sha davrning qiziqarli epizodi namoyish etildi.

Yaqindagina muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan askarlar, harbiy xizmatchilarning oila a’zolari jam bo‘lgan maydonga Amir Temurning otliq sarkardalari bilan kirib kelishi ishtirokchilarni hayratga soldi. San’atkor tomonidan mohirona o‘ynalgan har qanday spektakl sahnasi, albatta, tomoshabinlarning qalbidan chuqur joy olishi tabiiy. Teatr aktyori Fozilbek To‘lagenov tomonidan ijro etilgan rolda buyuk shaxs fe’l atvoridagi qat’iyatlik, jasurlik va mardlik, adolatparvarlik, o‘ziga bo‘lgan ishonch qalblarni junbushga keltirib, ishtirokchilarda buyuk ajdodlarning avlodlari ekanidan faxr, iftixor tuyg‘ularini yuksaltirdi.

– Amir Temur rolini birinchi marotaba ijro etyapman, – dedi aktyor Fozilbek To‘lagenov. – Sahnaga chiqishdan oldin ilgari kuzatilmagan hayajon bosdi vujudimni. Chunki, Sohibqiron obrazini mohirlik bilan gavdalantirish, uning har bir harakatini qoyilmaqom bajarish, eng asosiysi, tomoshabinlarda iliq taassurot qoldirish zimmamdagi mas’uliyatdir. Bugun buyuk shaxs rolini o‘ynaganim, menga cheksiz baxt bag‘ishladi.

Tadbir davomida O‘zbekiston xalq artisti, 1996 yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasida birinchi bo‘lib Amir Temur rolini o‘ynagan mohir san’atkor Bozorboy Uzoqbergenov “Amir Temur monologi”ni yoddan aytib berdi.

Buyuk Sohibqiron sharafiga harbiy xizmatchilar farzandlari tomonidan aytilgan she’rlar, namoyish etilgan milliy raqslar tadbirga o‘zgacha fayz olib kirdi.

Bayram kechasiga O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Nukus shahar kengashi tashabbusi bilan taklif etilgan jismoniy imkoniyati cheklagan bolalarning tashrifi iliq qarshi olindi. Harbiycha liboslarda kelgan bayram mehmonlari kuy va qo‘shiqlar sadolari ostida maza qilib raqsga tushdi. Harbiylar tomonidan “jajji mehmonlar”ga ulashilgan sovg‘alar bolalarning tadbirdan o‘zida yo‘q quvonch, olam-olam taassurotlar olishini ta’minladi.

Nukus garnizoni harbiy orkestri tomonidan taqdim etilgan konsert dasturi bayram kechasiga zavq bag‘ishladi.

O‘zA