Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi Amanbay Orinbayev Nukus shahri markazida o‘rnatilgan Yangi yil archasi yonida Obodonlashtirish boshqarmasi xodimlarini kirib kelayotgan bayram munosabati bilan muborakbod etib, mashaqqatli mehnatlari uchun minnatdorchilik bildirdi.
Ta’kidlanganidek, Prezidentimiz tashabbusi bilan so‘nggi yillarda yurtimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli qurilish-ta’mirlash va obodonlashtirish ishlarida soha fidoyilarining mehnati beqiyosdir. Qisqa vaqt mobaynida “Obod xonadon – obod ko‘cha – obod mahalla” tamoyili asosida sharoiti og‘ir fuqarolar yig‘inlarida qurilish-obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. Tuproq yo‘llarga qum-shag‘al aralashmasi yotqizildi. Shahar va tumanlarda jami 21 mingdan ortiq uy-joyda qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilmoqda. Albatta, bu ishlarni bajarishda Obodonlashtirish boshqarmasi xodimlari fidokorona mehnat qilmoqda. Ularning bu ezgu ishlardagi xizmatlari doimo hurmat va e’tiborga loyiq.
Tadbirda Nukus shahri tozaligini saqlash va obodonlashtirish ishlarini olib borishda faollik ko‘rsatgani uchun bir guruh soha xodimlariga bayram sovg‘alari topshirildi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri