Mamlakatimizda korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish bo‘yicha normativ-huquqiy baza hamda tizim shakllantirildi.

Davlat xizmatlari ko‘rsatishni raqamlashtirish orqali inson omili minimal darajaga kamaytirildi. Davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligini ta’minlash bo‘yicha ijobiy yutuqlarga erishildi.

Joriy yilda “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi qonun qabul qilingani korrupsiyaviy omillarni o‘z vaqtida aniqlash va bartaraf etishning muhim mexanizmlarini belgilab berdi.

Mazkur qonunning amaliyotga joriy etilishini ta’minlash maqsadida qabul qilingan Prezidentning “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi qonun ijrosini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan davlat organlari va tashkilotlari zimmasiga bir qator vazifalar yuklatildi.

Ushbu vazifalarning ijro etilishi yuzasidan mutasaddi vazirlik va idoralarning axborotini Senat qo‘mitalari majlislarida eshitish belgilangan.

Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi majlisida shu haqda so‘z yuritildi. Qonun ijrosini samarali tashkil etish bo‘yicha belgilangan vazifalar ko‘rib chiqildi.

Tashqi ishlar vazirligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Turizm qo‘mitasining mazkur qonun ijrosini samarali tashkil etish bo‘yicha axborotlari eshitildi.

Korrupsiyaviy holatlar ichki nazorat tizimlari faoliyati yetarli darajada amalga oshirilmayotgani va buning natijasida qonun buzilishiga sharoitlar yaratib berilayotgani qayd etildi.

Senatorlar tomonidan qonunchilikka zid bo‘lgan bunday holatlar hududdagi har bir kengash a’zosidan o‘z oldiga qo‘yilgan vazifalarni to‘laqonli bajarish, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni tezkorlik bilan aniqlash va ularga chek qo‘yish, shuningdek, ularning oqibatlarini bartaraf etish yuzasidan samarali faoliyat olib borish zarurligini talab etishi ta’kidlandi.

Tadbirda qonun ijrosini samarali tashkil etish chora-tadbirlarini amalga oshirish yuzasidan qo‘mita qarori qabul qilindi.

Qarorga muvofiq, vazirlik va idoralar zimmasiga korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha kompleks choralar ko‘rish yuklatildi hamda tegishli ko‘rsatmalar berildi.

N.Abduraimova,  

O‘zA