Qoraqalpog‘istonning Qo‘ng‘irot tumaniga yangi yil bayrami o‘zgacha shukuh bilan yaqinlashmoqda. Qo‘ng‘irotliklar uchun yangidan bunyod etilgan temir yo‘l vokzali bayram tuhfasi bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Davlatimiz rahbarining 2023 yil 30 martdagi tashrifi yakunida berilgan topshiriqlari bayonida “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati zimmasiga “Qo‘ng‘irot temir yo‘l vokzali” binosini yangidan qurish vazifasi yuklatilgan edi.
Shundan so‘ng “Toshtemiryo‘lloyiha” MCHJ mutaxassislari bilan birgalikda zamonaviy shaharsozlik va arxitektura talablariga binoan Qo‘ng‘irot temir yo‘l vokzali binosi loyihasi ishlab chiqilib, qurilish ishlari boshlandi.
Bugun Qo‘ng‘irot temir yo‘l vokzalining rekonstruksiya qilingan yangi binosini foydalanishga topshirishga bag‘ishlangan tantanali tadbir o‘tkazildi. Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Raisi Amanbay Orinbayev so‘zga chiqib, kirib kelayotgan Yangi yil bayrami hamda bayram arafasida yangi binoning foydalanishga topshirilishi munosabati bilan yig‘ilganlarni tabrikladi.
Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda Prezidentimiz rahbarligida mamlakatimiz iqtisodiyotining barcha jabhalarida va xalqimiz hayotida tarixiy o‘zgarishlar hamda yangilanishlar ro‘y bermoqda. Jumladan, Transport sohasida olib borilayotgan islohotlar aholining uzog‘ini yaqin, og‘irini yengil qilishga xizmat qilmoqda.
Foydalanishga topshirilayotgan Qo‘ng‘irot temir yo‘l vokzalining yangi binosida Prezidentimizning maxsus topshirig‘i bilan 12,5 milliard so‘mlik rekonstruksiya ishlari olib borildi va barcha qulay sharoitlar yaratildi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar, davlatimiz rahbarining aholiga ko‘rsatilayotgan transport xizmatlari sifatini yanada yaxshilash, temir yo‘l tizimida yo‘lovchilar hamda tadbirkorlarga qulayliklar yaratish maqsadida qabul qilgan qarori ijrosini ta’minlash borasida samarali ishlar olib borilayotganini alohida ta’kidlab o‘tdi.
– Qo‘ng‘irot temir yo‘l vokzali o‘tgan asrning o‘rtalarida, ya’ni 1955 yilda qurilgan bo‘lib bir vaqtning o‘zida 50 nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘lgan, – deydi “O‘zbekiston temir yo‘llari”AJ Bosh muhandisi-Bosh menejeri Sh.Qodirov. – Umumiy foydalanishdagi maydoni 460 metr kvadratni tashkil etadigan ushbu vokzalda yo‘lovchilarga sifatli servis xizmat ko‘rsatish imkoniyati mavjud emas edi. Prezidentimizning tashabbusi bilan eski vokzal o‘rniga qurilgan mazkur yangi va zamonaviy majmuaning umumiy foydalanishdagi maydoni 820 metr kvadratni tashkil etib, 22 ta xonani o‘z ichiga olgan.
Vokzal binosining birinchi qavatida temiryo‘lchilar hamda ichki ishlar xodimlari xizmat xonalari, kutish zali, deputatlar, ona va bola xonasi, sanitariya nazorati, tez tibbiy yordam ko‘rsatish va og‘ir bemorlar vaqtinchalik dam olish xonalari, bufet, savdo shoxobchasi, ayollar, erkaklar va nogironlarga mo‘ljallangan maxsus xonalar joylashgan. Vokzalning ikkinchi qavatida esa barcha qulayliklarga ega zamonaviy mehmonxona va ovqatlanish xonasi mavjud.
Yangi vokzalda bir vaqtning o‘zida jami 150 nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratildi. Bu esa oldingiga nisbatan uch barobar ko‘proq degani.
Tantanali tadbirda O‘zbekiston temir yo‘lchilari va transport quruvchilari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi raisi Q.Sabirov, Qo‘ng‘irot tumani mehnat faollari hamda faxriylar so‘zga chiqib, Prezidentimiz boshchiligida Yangi O‘zbekistonning iqtisodiy salohiyatini oshirishga xizmat qiladigan mana shunday ezguliklar, insonlarning og‘irini yengil, uzog‘ini yaqin qiladigan savobli ishlar yanada ko‘p va bardavom bo‘lishini mamnuniyat bilan e’tirof qilishdi.
Nozimbek Mardonov, O‘zA muxbiri