Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari bo‘yicha milliy komissiyaning navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Senati Raisi, Milliy komissiya raisi Tanzila Norboyeva boshqargan majlisda odam savdosi va munosib mehnat masalalari bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, xalqaro hamkorlik doirasida erishilgan natijalar hamda kelgusidagi vazifalar muhokama qilindi.

Majlisda o‘tgan 11 oyda muayyan natijalarga erishilgani, sohaga oid huquqiy asoslar takomillashtirilgani qayd etildi.

«Kambag‘allikdan farovonlik sari» dasturi qabul qilingani natijasida kambag‘allikni qisqartirish umummilliy harakatga aylandi.

Prezidentimizning “Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik sohasida davlat siyosatini takomillashtirish va samaradorlikni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan aholi bandligini ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha yangi vazifalar belgilandi.

Mehnat bozoridagi tarkibiy muammolarni aniqlash va nomutanosibliklarning oldini olish, xalqaro standartlarni joriy etish, mehnat xavfsizligi va gigiyenasi hamda munosib mehnat sharoitlarini ta’minlash, xalqaro hamkorlikni kuchaytirish, Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) bilan faol hamkorlikda ishlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Mehnat inspeksiyasining vakolatlari kengaytirildi. Inspeksiyaga mehnat huquqlari va mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilishi yuzasidan tekshiruvlarni hech bir to‘siqlarsiz o‘tkazish vakolati berildi.

Milliy qonunchiligimizga xalqaro standartlar va normalarni bosqichma-bosqich tatbiq etish borasida ham sezilarli natijalarga erishildi. Xususan, XMTning 5 ta konvensiyasi ratifikatsiya qilindi.

Odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha ham tegishli normativ hujjatlar ishlab chiqildi. Odam savdosiga oid va unga turdosh bo‘lgan jinoyatlar uchun javobgarlik choralarini kuchaytirishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi Senatning ikkinchi yalpi majlisida ma’qullandi.

Majlisda munosib mehnat sharoitlarini ta’minlashga doir kamchiliklar keskin tanqid qilindi. Milliy komissiya tomonidan tasdiqlangan “Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari bo‘yicha amalga oshiriladigan chora-tadbirlar dasturi”da belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini ta’minlash, natijalarini monitoring qilib borish zarurligi qayd etildi.

Bir oy muddatda mutaxassislarni jalb etgan holda “Mehnat xavfsizligi va gigiyenasi” milliy dasturi loyihasini ishlab chiqib, Hukumatga kiritilishini ta’minlash lozimligi uqtirildi.

Bosh prokuratura bilan birgalikda paxta mavsumida majburiy mehnat bo‘yicha kelib tushgan har bir murojaatni to‘liq qayta o‘rganib, mas’ul rahbarlar faoliyatiga huquqiy baho berilishini ta’minlash choralarini ko‘rish kerakligi qat’iy bildirildi.

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Ish beruvchilar Konfederatsiyasi bilan birgalikda iqtisodiyotning barcha sohalarida tikuv-to‘qimachilik, ipakchilik, umumiy ovqatlanish va xizmat ko‘rsatish sohalarida fuqarolik jamiyati vakillarini jalb etgan holda xodimlarning mehnat huquqlari ta’minlanishi, munosib mehnat sharoitlari yaratilishini monitoring qilish ishlarini sifatli tashkil etish, bunda monitoring o‘tkazish metodologiyasini ikki oy muddatda XMT ekspertlari bilan hamkorlikda ishlab chiqish va Milliy komissiyaga kiritish va kelishish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Majlisda odam savdosi bilan bog‘liq ishlarni tergov qilish amaliyotida ham bir qator muammolar saqlanib qolayotgani ta’kidlandi. Ijtimoiy tarmoqlar orqali Ichki ishlar vazirligi xodimlarining odam savdosi bilan bog‘liq ba’zi tergov ishlarini chuqur tahlil qilmagan holda olib borayotgani, ayrim hollarda sudda ham o‘z tasdig‘ini topgan.

Murojaatlar tahliliga ko‘ra, odam savdosi bo‘yicha kelib tushgan 673 arizadan 493 tasi (73 foizi) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atish rad etilgan. Bu kabi holatlar Namangan, Qashqadaryo, Surxondaryo, Buxoro viloyatlarida yuqori ko‘rsatkichni tashkil etgan.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari o‘n besh kun muddatda hududlarda odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat tamoyillarini ilgari surish borasida amalga oshirilayotgan ishlarni tanqidiy tahlil qilgan holda, natijalarini hududiy komissiya yig‘ilishlarida muhokama qilishi topshirildi.

Milliy va hududiy komissiya a’zolari, mutasaddi vazirlik va idoralar rahbarlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, shuningdek, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan tadbirda amalga oshirilayotgan ishlar, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar va kelgusidagi vazifalar yuzasidan Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Ijtimoiy mehnat masalalari bo‘yicha uch tomonlama komissiya, tegishli vazirlik va idoralar hamda hududlar rahbarlarining axboroti eshitildi.

Shu bilan birga, majlisda kelgusidagi vazifalar belgilandi. Mamlakatimizda munosib mehnat tamoyillarini keng tatbiq etish, fuqarolarning mehnat huquqlarini ta’minlash, odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida, sifatli bajarilishi zarur ekanligi ta’kidlandi.

Har bir yo‘nalish bo‘yicha chuqur tahlillar hamda ilg‘or xorijiy va xalqaro tajriba asosida 2025 yil uchun choralarni belgilash, XMT bilan hamkorlikda O‘zbekiston Respublikasida munosib mehnat bo‘yicha 2021-2025 yillarga mo‘ljallangan mamlakat dasturi doirasida belgilangan vazifalarning bajarilishini tahlil qilgan holda 2026-2030 yillarga mo‘ljallangan mamlakat dasturi loyihasini ishlab chiqish zarurligi qayd etildi.

​Norgul Abduraimova, ​Rustam Nazarmatov (surat), O‘zA