Markaziy bank Davlat boshqaruvi akademiyasida manfaatdor vazirliklar, idoralar va tijorat banklari vakillari uchun pudrat tashkilotlarini loyihaviy moliyalashtirish va aholiga uy-joylarni eskrou hisob-varaqlari orqali sotilishini yo‘lga qo‘yish mavzusida seminar tashkil etdi.
Seminarda ko‘chmas mulklarni ulush kiritish asosida qurish jarayonini tartibga solish hamda aholiga uy-joylarni eskrou hisob-varaqlari orqali sotilishini yo‘lga qo‘yish mexanizmlari, moliyalashtirish masalalari, uni tartibga solish afzalliklari va dolzarbligiga doir taqdimotlar bo‘lib o‘tdi.
Mashg‘ulotlarda ulush kiritish asosida uy-joy qurishning huquqiy asoslari va muammolari, ulushli shartnomalarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi, uy-joy qurilishida aholi mablag‘larining but saqlanishini kafolatlash tizimini yaratish bo‘yicha ma’lumotlar berildi.
Eskrou hisob-varaqlari yangi tizim bo‘lib, u avvalo, sotuvchi (uy-joy quruvchi) va xaridor o‘rtasidagi hisob-kitoblar xavfsizligini ta’minlaydi. Bankda ochilgan eskrou hisob-varag‘iga kiritilgan xaridorlar mablag‘lari sotuvchi hisob raqamiga shartnomada belgilangan barcha talablar bajarilganidan so‘ng o‘tkaziladi. Bunda bank mustaqil vositachi sifatida sotuvchi va xaridor o‘rtasidagi shartlarning bajarilishini kuzatib boradi.
Shu bois seminarda loyihaviy moliyalashtirishni tatbiq etishning xorijiy tajribasini o‘rganishga keng o‘rin berildi. Xususan, qurilish davrida shartnomalarni ro‘yxatdan o‘tkazish jarayoni, ko‘chmas mulk bilan bog‘liq bitimlarni notarius jalb qilinmagan holda rasmiylashtirish, turar joy qurilishining yagona raqamli platformasini shakllantirish mexanizmlari ko‘rib chiqildi.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA