Yangi yil bayramini rang-barang yonar chiroqlar bilan yasatilgan archasiz tasavvur qilish qiyin, shunday emasmi?

Aholiga xush kayfiyat ulashish maqsadida, bugun poytaxtning ko‘plab tumanlarida bezatilgan archalar bayramni nishonlashga shay, qad rostlab turibdi.

Poytaxtning bosh archasi esa Alisher Navoiy kutubxonasi yonida 35 metr balandlikka ko‘tarildi va 33.000 dona o‘yinchoq bilan bezatildi.

Bayram maydonida yana 4 ta kichik archa va dekorativ elementlar ham joylashtirilgan. Tashkilotchilar tomonidan esa ayni paytda yangi yil archasi atrofida o‘tkaziladigan kechaning boshlanishiga tayyorgarlik ko‘rilmoqda.

Bugun soat 18:00 da aynan ushbu maydonda asosiy bayram kechasi boshlanadi va bayram dasturidan turli diltortar qo‘shiqlar o‘rin olgan.

Xususan, tadbir davomida estradamiz yulduzlaridan Rayhon G‘aniyeva, Yodgor Mirzajonov, Ruxshona, Mustafo va boshqa san’atkorlardan iborat guruhlar, jonli musiqa, bayramona kayfiyat va quvonchga to‘la onlar sizga muntazir!

M.Eshmirzayeva, D.Yakubov, A.Ahmedov (video), O‘zA