O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori Nig‘matilla Yo‘ldoshev Koreya Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi Von Do Yon bilan uchrashdi.

Tomonlar ikki davlat vakolatli organlari o‘rtasida huquqiy sohada shakllangan munosabatlarning bugungi kundagi holati, jinoyatchilikka qarshi kurashish, qonuniylik va huquq-tartibotni mustahkamlashda hamkorlikni yanada rivojlantirishning kelgusidagi istiqbollarini muhokama qildi.

Xususan, kiberjinoyatchilikka, iqtisodiy jinoyatlarga va uyushgan jinoyatchilikning boshqa turlariga qarshi kurashish, O‘zbekiston Respublikasi prokuratura organlari faoliyatini raqamlashtirish hamda sun’iy intellektni joriy etish sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish borasida kelishuvlarga erishildi.

Bu huquqiy sohada o‘zaro aloqalar mustahkamlanishiga yangi turtki bo‘lishiga ishonch bildirildi.

N.Abduraimova,  

O‘zA