Fransiya futbolini yoritayotgan lensois.com portali “Lans”ning dekabr oyidagi eng yaxshi futbolchisini aniqlash maqsadida so‘rovnoma tashkil qildi. Quvonarlisi, ushbu so‘rovnomada iqtidorli futbolchimiz Abduqodir Husanov 81,9 foiz ovoz to‘plab, klubning dekabr oyidagi eng yaxshi futbolchisi bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, 20 yoshli legionerimiz avval ham ikki bor – sentyabr va oktyabr oylari yakunlari bo‘yicha jamoasining eng yaxshi futbolchisi nomiga sazovor bo‘lgan edi.

***  

Eronning “Persepolis” klubi Oston O‘runovni jamoada olib qolish uchun kerak bo‘lgan barcha ishlarni amalga oshirmoqda. Jumladan, jamoa rahbariyati Ostonga yiliga 2 million dollar bermoqchi.

Ma’lumot uchun: Oston O‘runovning Eron klubi bilan amaldagi shartnomasi 2025 yilning yoziga qadar mo‘ljallangan.

*** 

2025 yildan O‘zbekiston futzal federatsiyasi o‘z faoliyatini boshlaydi. Ushbu tashkilotni rahbar sifatida BMB Holding Kuzatuv kengashi raisi Bekzod Mamatqulov boshqaradi. Aziz Akbarjonov  vitse-prezident, Ma’rufjon Abdullayev esa bosh kotib lavozimida faoliyat yuritadi.

***  

Germaniyaning “Bavariya” klubi “Borussiya Dortmund”ning qanot hujumchisi Gittensga qiziqish bildirmoqda.

Jeymining dortmundliklar bilan shartnomasi 2028 yilning yoziga qadar mo‘ljallangan bo‘lib, “Transfermarkt”  portali ushbu futbolchini 50 million yevro deb baholagan.

Eslatib o‘tamiz, 20 yoshli Gittens bu mavsum 23 ta o‘yinda maydonga tushib, 9 ta gol va 3 ta golli uzatmaga mualliflik qilgan.

***

O‘zbekiston terma jamoasi va “Patxum Yunayted” klubi a’zosi hisoblangan Igor Sergeyev yangi mavsumni “Paxtakor” safida o‘takazadi.

Faoliyatining eng yaxshi davrlarini “Paxtakor”da o‘tkazgan Igor Sergeyev klubning 180 ta o‘yinida jami 102 ta gol urishga muvaffaq bo‘lgan.

***

OKMK klubi yangi mavsumga tayyorgarlikning dastlabki yig‘inini BAAda o‘tkazadi. U yerdagi tayyorgarlik jarayoni 17 yanvardan 1 fevralga qadar davom etadi va tabiiyki bir qator xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvlari rejalashtirilgan.

Bungacha OKMKning Rossiya premer-ligasi vakillari – SSKA (19 yanvar) va “Ural”ga (22 yanvar) qarshi maydonga tushishi e’lon qilingan. Shuningdek, 29 yanvar kuni Qozog‘istonning “Ordabasi” jamoasiga qarshi uchrashuv o‘tkazadi.

***

“Barselona” yozda o‘z safiga qo‘shib olishni istagan Niko Uilyamsning orzusi boshqa klub bo‘lib chiqdi. Ispaniyalik futbolchi aslida “Real”ga o‘tishni xohlaydi.

Ta’kidlash kerakki, “ko‘k-anorranglilar” hamon “Yevro-2024″da omma e’tiboriga tushgan futbolchi variantidan voz kechgani yo‘q.

U joriy mavsumda “Atletik Bilbao” safida La Liga doirasida 17 ta bellashuvda maydonga tushib, 1 ta gol va 3 ta assist muallifiga aylangan.

Javohir Toshxo‘jayev,

O‘zA