“2025–2027 yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, 2025 yil 1 yanvardan, byudjet tizimining byudjetlari hisobidan ob’ektlarni qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash ishlari bo‘yicha o‘tkazilgan davlat xaridlariga asosan qurilish muddati uch oydan kam bo‘lgan ob’ektlarga birinchi oyda ob’ekt qiymatining 30 foizi miqdorida avans mablag‘lari ajratiladi, keyingi to‘lovlar belgilangan tartibda moliyalashtiriladi.

2026 yil 1 yanvargacha sinov tariqasida, loyiha-smeta hujjatlarining qiymati BHMning 6 ming baravaridan ortiq bo‘lgan loyihalar (ob’ektlar) bo‘yicha quyidagilar tomonidan ekspertizadan o‘tkaziladi:

— hajm, texnik va smeta qismi (narx qismidan tashqari) – “Shaharsozlik hujjatlarini ekspertiza qilish respublika markazi” DM tomonidan;

— tovar, ish va xizmatlarning narx qismi –“Loyihalarni va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi” DUK tomonidan;

— BHMning 6 ming baravarigacha bo‘lgan loyihalar (ob’ektlar) bo‘yicha shaharsozlik hujjatlari “Shaharsozlik hujjatlarini ekspertiza qilish respublika markazi” DM tomonidan.

2025 yil 1 aprelgacha qurilishi yakunlangan ob’ektlarni foydalanishga qabul qilish jarayonlarini to‘liq raqamlashtirish orqali shaffof tizim joriy etilishi ta’minlanadi.

2025 yil 1 iyulgacha namunaviy va takroriy qo‘llanadigan loyiha hujjatlari bo‘yicha elektron kataloglarning yaratilishi hamda “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimiga joylashtirilishi ta’minlanadi.

O‘zA