Qatar poytaxti Doha shahrida 19-25 dekabr kunlari yoshlar va o‘smirlar o‘rtasida og‘ir atletika bo‘yicha Osiyo chempionati o‘tkazildi. Unda qit’amizning 20 davlatidan kelgan 270 dan ortiq polvonlar ishtirok etdi

Quvonarlisi, mazkur chempionatda O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi ochkolar hisobiga ko‘ra, Osiyo chempionatida ikkinchi o‘rinni egalladi. Delegatsiyamiz musobaqada jami 17 tadan oltin va kumush hamda 10 ta bronza, jami 44 ta medalga sazovor bo‘ldi.

Shuni ta’kidlab o‘tish lozimki, qit’a birinchiligida o‘smirlar o‘rtasida vazni -89 kg. bo‘lgan Bekzod G‘ofurjonov delegatsiyamiz hisobiga 3 ta oltin medalni keltirdi va o‘z yosh toifasida dast ko‘tarish, siltab ko‘tarish va ikkikurash yakuniga ko‘ra, Osiyo rekordini o‘rnatdi. Bundan tashqari siltab ko‘tarishda 194 kg toshni bo‘ysundirgan holda o‘smirlar o‘rtasida jahon rekordini bir kilogrammga yangiladi.

Shuningdek, Osiyo chempionati davomida  qizlar orasida Marjona Abdumutalova, Nigora Suvonova, o‘g‘il bolalar o‘rtasida esa Abdulaziz Alimjanov, Bekzod G‘ofurjonov va Omadillo Olimov kabi polvonlarimiz barcha dasturlarda oltin medalni qo‘lga kiritdi.

Terma jamoamiz a’zolaridan Nigora Abdullayeva, Zulfiya Ramazonova, Ziyoda Xudoyqulova, Diyorbek Ro‘zmetov, Boburmirzo Yoqubov, Behruzbek Ganjaboyev, Nodirbek Jo‘rayev, Ruslan Rahmatjonov va Qudratbek Salimjonov o‘z vazn va yosh toifalarida shohsupaga ko‘tarildi.

Javohir Toshxo‘jayev,

O‘zA