Maktabgacha ta’lim tashkilotiga tarbiyachi vazifasiga ishga joylashtirish uchun 6,5 million so‘m talab qilgan fuqaro ushlandi.
U O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturasi, DXX Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi xodimlari tomonidan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda aniqlangan.
Nukus shahridagi maktabgacha ta’lim tashkilotining tarbiyachisi O.B. ismli fuqaroning ishonchiga kirib, yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali ishga joylashtirib berishni va’da qilgan. Buning uchun talab qilingan 6,5 million so‘m pulning 5 million so‘mini 2021 yilning 29 mart kuni Nukus shahrida joylashgan maktabgacha ta’lim tashkiloti oldida firibgarlik yo‘li bilan olgan vaqtida ushlandi. Undan qimyoviy ishlov berilgan 5 million so‘m pul ashyoviy dalil tariqasida olindi.
Mazkur holat yuzasidan departamentning Koraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi tomonidan maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyachisiga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Dovud Abibullayev, O‘zA