Nukus shahrida qurilish sohasida malakali mutaxassislarni tayyorlash markazi o‘z faoliyatini boshladi.
Qaror va ijro
Bu haqda Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati O‘zAga xabar berdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 25 yanvardagi “Vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun xorijiy davlatga ketayotgan shaxslarni va band bo‘lmagan aholini o‘qitishni tashkil etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan Qoraqalpog‘iston Respublikasi rahbariyati va hududiy harbiy-ma’muriy sektori tomonidan qisqa fursatda Nukus shahridagi Transport kolleji negizida kapital ta’mir va rekonstruksiya ishlari amalga oshirilib, ushbu markaz bunyod etildi.
Qurilish sohasida malakali mutaxassislarni tayyorlash markazi ochilishiga bag‘ishlangan tantanali marosimda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi, hududiy harbiy-ma’muriy sektori rahbari Murat Kamalov, Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni polkovnik Farhodjon Shermatov, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, harbiy xizmatchilar hamda markaz o‘qituvchi va o‘quvchilari ishtirok etdi.
So‘zga chiqqanlar bugun xorijiy mamlakatlar, xususan, yurtimizda jadal olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari o‘z o‘rnida ham tashqi, ham ichki mehnat bozorida qurilish sohasiniig malakali mutaxassislariga talabni oshirib kelayotganini, bu, o‘z navbatida, aholi bandligini ta’minlash, talab oshayotgan sohaga o‘z kasbining mohir mutaxassislarini tayyorlash tizimini tubdan yaxshilashni taqozo etayotganini ta’kidladi.
Markazda tahsil oladigan fuqarolarga qurilish sohasi yo‘nalishlari bo‘yicha zarur ko‘nikmalar bilan bir qatorda xorijiy tillar hamda borishi rejalashtirilayotgan davlatning tarixi, an’analari, urf-odatlari va qonunchiligi bo‘yicha dastlabki bilimlar berilib, kasb-hunar o‘rgatiladi.
Rivojlanib borayotgan qurilish sohasida zamonaviy texnologiyalar yordamida ishlashni o‘rgatish maqsadida ta’lim jarayoniga ilg‘or pedagogik va axborot texnologiyalari, ilm-fanning eng so‘nggi yutuqlarini keng joriy etish tizimi yo‘lga qo‘yilgan.
Markaz uchun ajratilgan ijtimoiy ob’ektlarda kapital ta’mir va rekonstruksiya ishlari natijasida zamonaviy andozalarga asoslangan 14 ta o‘quv va amaliyot xonasi, 300 o‘rinli ikkita yotoqxona, shinam va ko‘rkam oshxona, ma’naviyat va ma’rifat markazi, kutubxona hamda sport zali barpo etildi.
Muassasada temir-beton ishlari ustasi, g‘isht teruvchi, elektro-gaz payvandchi, duradgor, suvoqchi, bo‘yoqchi-bezakchi, santexnika ishlari ustasi, elektro-montajchi, ko‘tarma kran boshqaruvchisi yordamchisi, qoplovchi-plitkachi, po‘lat va temir beton konstruksiyalar montajchisi, gipsokarton montajchisi, kran mashinisti, tom yopuvchi kabi 14 ta mutaxassislik bo‘yicha ta’lim-tarbiya beriladi.
Muhandislik tarmoqlarini ta’mirlashga ixtisoslashgan amaliy mashg‘ulotlar ustaxonasi har bir mutaxassisliklar bo‘yicha alohida jihozlar, kerakli dastgoh va o‘quv buyumlari bilan jihozlangan.
Markazda tahsil oluvchilar olgan nazariy bilimlarini amalda mustahkamlashi uchun 3 gektardan iborat bo‘lgan o‘quv poligoni uchun yer maydoni ajratilgan.
Muassasaning moddiy-texnik bazasini takomillashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi tomonidan o‘quv jarayonlarida foydalanish uchun zamonaviy, so‘nggi rusumdagi 5 dona avtobus, avtokran, samosval, ekskovator, yuklovchi kabi maxsus texnikalar va avtotransport vositalari, ko‘tarish kranlari va o‘quv trenajyorlari topshirildi.
Markazda qurilish sohasidagi kasblar bo‘yicha o‘qitish World Skills kabi xalqaro standartlarga muvofiq hamda potensial xorijiy ish beruvchilarning talablarini hisobga olgan holda olib boriladi. Xorijiy, ya’ni rus va boshqa tillar bo‘yicha o‘qitish yetakchi mahalliy va chet el oliy ta’lim muassasalarining o‘quv dasturlari asosida amalga oshiriladi. Bu, o‘z navbatida, bitiruvchilarga mutaxassisligi bo‘yicha jahonning eng ilg‘or va yetakchi ishlab chiqarish korxonalari va xizmat ko‘rsatish tashkilotlarida faoliyatlarini davom ettirish imkonini beradi.
Qurilish sohasida yetuk mutaxassislarni sifatli tayyorlash maqsadida markazga tajribali o‘qituvchilar jalb etildi.
Tantanali marosim davomida mehmonlar yangidan ochilgan markazda yaratilgan shart-sharoitlar, zamonaviy o‘quv binosi, ta’lim-tarbiya uchun mo‘ljallangan o‘quv xonalari va maishiy ob’ektlar bilan yaqindan tanishdi.
Shu kuni markazda tahsil olish uchun maxsus ust-bosh kiyimlar bilan ta’minlangan 300 nafar fuqaro bilan ilk o‘quv mashg‘ulotlari boshlandi.
O‘zA