O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi tashabbusi bilan shahar va tumanlarda “Yoshlar forumi” bo‘lib o‘tmoqda.

Joriy yilning 1 mart sanasida Ellikqala tumanida boshlangan tadbir endi Qorao‘zak tumanida bo‘lib o‘tdi.

Yoshlarga ko‘tarinkilik bag‘ishlagan forum “Salomatlik uchun 5000 qadam” marafoni bilan boshlandi. Tuman boshlang‘ich tashkilot yetakchilari, sardorlar va uyushmagan jami 280 nafardan ortiq yosh bitta shior ostida jamlandi.

Forum doirasida xotin-qizlarning tadbirkorlikka bo‘lgan qiziqishini oshirish maqsadida tuman sardorlari va umumiy o‘rta ta’lim maktabi bitiruvchilari ishtirokida Bandlikka ko‘maklashish markazi tomonidan tashkillashtirilgan go‘zallik va tikuvchilik kurslariga, shuningdek, Agroiqtisodiyot texnikumi veterinariya guruhi o‘quvchilari uchun A.Do‘snazarov ovuli fuqarolar yig‘inida joylashgan “Panaev farms” masuliyati cheklangan jamiyatiga sayohat tashkil qilindi. Sayohat yoshlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Jumladan, tadbir ishtirokchilaridan biri Azamat O‘rinboyev chorvachilikka bo‘lgan qiziqishi yuqori bo‘lgani bois, kelgusida o‘zi istiqomat qilayotgan hududda chorvachilik majmuasini ochib, o‘z biznesini yo‘lga qo‘yish niyatida ekanligini bildirdi.

Tuman markazidagi “Qoraqum Abdulla” mas’uliyati cheklangan jamiyatining sport maydonchasida 2003-2004 yillarda tug‘ilgan o‘g‘il bolalar o‘rtasida mini futbol musobaqasi o‘tkazildi. Unda 18 jamoa ishtirok etdi. Musobaqa yakunida 2-son ixtisoslashtirilgan davlat umumiy ta’lim maktabi o‘quvchilari birinchi, 1-son umumiy ta’lim maktabi ikkinchi, kasb-hunar maktabi o‘quvchilari uchinchi o‘rinni egallab, tashkilotchilar tomonidan esdalik sovg‘alar va diplom bilan taqdirlandi.

“Yoshlar daftari”ga kiritilgan 3 nafar yoshga imtiyozli kredit asosida o‘z-o‘zini band qilish uchun tuman hokimi U.Utambetov tomonidan mototsikl, shuningdek, 1 nafar yoshga temir buyumlarini ta’mirlash uchun chilangarlik uskunasi topshirildi.

Forumi doirasida “Quvnoqlar va zukkolar” musobaqasi bo‘lib o‘tdi. Unda 6 ta jamoa ishtirok etgan tadbirda tumandagi 28-son umumiy o‘rta ta’lim maktabi jamoasi birinchi, 1-son umumiy o‘rta ta’lim maktabi ikkinchi, kasb-hunar maktabi uchinchi o‘rinlarni egallab, tashkilotchilar tomonidan qimmatbaho sovg‘alar va diplom bilan taqdirlandi.

Tumanning “Madaniyat” ovul fuqarolar yig‘ini hududida 6 nafar ishsiz yoshga 6 gektar yor maydoni ajratib berildi. Bu esa yoshlarning dehqon, fermerlardan tajriba o‘rganib, berilayotgan subsidiyalardan samarali foydalangan holda faoliyatini yo‘lga qo‘yishiga imkoniyat yaratadi. Ta’kidlash joizki, joriy yil boshidan buyon 735 nafar yoshga 738,1 gektar yer maydoni ajratib berildi.

Forum yakunida o‘tkazilgan tadbirlarda faol ishtirok etgan yoshlarni taqdirlash marosimi bo‘ldi.

Bugun “Yoshlar forumi” Qo‘ng‘irot tumanida bo‘lib o‘tmoqda.

 

Dovud Abibullayev,  

Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA