Qoraqalpog‘iston tibbiyot institutida “Islohotlarni amalga oshirishda axborotning roli” mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalalari qo‘mitasi va Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan tashkil etilgan seminarda Senat a’zolari, deputatlar, mahalla tizimi hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Seminarda Oliy Majlis Senati a’zosi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputati O.Ataniyazova, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari L.Seitova, M.Ibragimov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirining birinchi o‘rinbosari M.Ahmedova Prezidentimiz rahbarligida mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholining baxtli va farovon hayot kechirishini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarga to‘xtaldi.

Darhaqiqat, so‘nggi yillarda hududlarni har tomonlama rivojlantirish, shahar va tumanlarda, eng chekka hududlarda qurilish va obodonlashtirish ishlarini olib borish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu esa, aholiga munosib turmush sharoitini yaratish, fuqarolarning bandligini ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirishda o‘zining ijobiy samarasini bermoqda.

Shuning uchun ham, yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni aholiga, har bir fuqaroga yetkazish bugungi kunning dolzarb masalasi hisoblanadi. Bunda keng jamoatchilik, ayniqsa, ommaviy axborot vositalarining xizmati alohida ahamiyat kasb etadi.

– Tadbirni o‘tkazishdan maqsad, hayotimizda ro‘y berayotgan o‘zgarish va yangilanishlarning mazmun-mohiyati va ahamiyatini keng jamoatchilikka, ayniqsa, eng chekka hududlarda yashovchi aholiga yetkazish, o‘z navbatida ularni qiynayotgan muammolarni o‘rganishdan iborat, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi Oral Ataniyazova. – Buning uchun, fuqarolar yig‘inlari, sektorlar faoliyatini yanada takomillashtirish, mahalliy deputatlarning faolligini oshirish, ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar vakillari bilan hamkorlikni rivojlantirish talab qilinadi.

Seminarda hozirgi axborot texnologiyalari rivojlangan davrda amalga oshirilayotgan islohotlar va o‘zgarishlar haqida aholini o‘z vaqtida xabardor qilish, to‘g‘ri axborot tarqatishda ommaviy axborot vositalari bilan bir qatorda ijtimoiy tarmoqlarning imkoniyatlaridan keng foydalanish masalalari bo‘yicha fikr-mulohazalar bildirildi.

 

Dovud Abibullayev, O‘zA